Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:52

“Sabotaj”. XTV hokimliklardan o‘qituvchilarga zug‘um qilmaslikni so‘radi


Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi maktabda o‘qituvchilar ota-onalardan uzr so‘rashga majburlangani e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi.
Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi maktabda o‘qituvchilar ota-onalardan uzr so‘rashga majburlangani e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi Andijonning Marhamat tumanidagi uzr so‘rash voqeasi ortidan tuman va shahar hokimlariga alohida murojaat yo‘llab, o‘qituvchilar qadr-qimmatini yerga urishga yo‘l qo‘ymaslikni so‘radi.

15 - fevral kuni yozilgan xatda o‘qituvchilarni vazifasiga kirmaydigan ishlarga majburlash, faoliyatiga aralashish, ularni obro‘sizlantirish, kamsitish, zug‘um o‘tkazish kabi bo‘layotgan holatlar “davlat siyosatiga nisbatan ongli ravishda qilinayotgan sabotaj sifatida baholanishi” aytilgan.

“Bu kabi holatlar aholi orasida e’tiroz va norozilikka sabab bo‘lmoqda. Buning natijasida islohotlarga ishonchsizlik xavfi yuzaga kelgan. O‘qituvchilarni kamsitish, zug‘um o‘tkazish, majburiy mehnatga jalb etish kabi chidab bo‘lmaydigan holatlarga yo‘l qo‘ymaslikni so‘raymiz”, - deyiladi Xalq ta’limi vazirining muovini Temurjon Komilov nomidan yozilgan xatda.

O‘tgan hafta Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi maktabda o‘qituvchilar o‘quvchilar bilimi qoniqarsizligi, oliy o‘quv yurtiga kirish ko‘rsakichi pasayib ketgani uchun ota-onalardan uzr so‘rashga majburlangani e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi.

Muallimlarning qatorasiga turib uzr so‘rayotgani aks etgan video tarmoqlarda tarqalgach, Xalq ta’limi vaziri,shuningdek, viloyat hokimi voqeaga munosabat bildirib, ustozlardan uzr so‘ragan.

Shundan so‘ng tuman hokimiga hayfsan berildi, hokim o‘rinbosari ishdan olindi. Tuman XTB mudiri va maktab direktori ham vazifasidan ozod qilindi.

“Pichoq suyakka borib qadalgan”

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev Xalq ta’limi vazirligining hokimliklarga muallimlarga zug‘um o‘tkazishni to‘xtatishni so‘rab murojaat qilganini olqishladi.

“Vazirlik har bir hokimdan o‘qituvchilarni obro‘sizlantirish, kamsitish, zug‘um o‘tkazish, majburiy mehnatga jalb etish kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ragan. Menimcha vazirlik hokimlarga bunday jiddiy murojaat bilan birinchi bor chiqmoqda. Demak pichoq kelib suyakka taqalgan.

Vazirlikning ushbu murojaatini har bir o‘qituvchi va mas’ul bilib qo‘ygani ma’qul: kimdir vazirlik nomidan foydalanib o‘qituvchini majburiy mehnatga jalb qilmoqchi, obro‘sizlantirish yoki "uzr so‘ratish" harakatida bo‘lsa bilingki bu davlat siyosatiga nisbatan sabotaj”, deb yozdi Kusherbayev o‘zining Telegram-kanalida.

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi maktablardan birida ishlovchi rus tili o‘qituvchisi Muazzam Qo‘shboyeva Xalq ta’limi vazirligi yillardan buyon davom etib kelayotgan muammoga e’tibor qaratganidan mamnunligini aytadi.

Lekin muallim fikricha, hokimlarga bitta murojaat bilan yillardan beri davom etib kelayotgan o‘qituvchilarni kasbiy faoliyatiga kirmaydigan ishlarga majburlash muammosini hal qilib bo‘lmaydi.

“Chunki bu narsa shakllanib bo‘lgan. Bitta xat bilan hal etib bo‘lmaydi. U ham vazir muovinini xati. Bundan oldin prezidentimiz qancha gapirdi, hech narsa o‘zgarmadiku. Bahor kelsa yana boshlanadi, dalalarni ajriqdan tozalash, ko‘cha supurishlar, maktab hovlisini tozalashlar. Tozala deydi, yo pul yig‘asan deydi.

Yaqinda qishda maktab qurildi tumanimizda, hammani olib borib ishlatdi. Yangi O‘zbekiston domlari qurildi, u yerda ham ishlatishdi.

Saylov bo‘ldi - sentabr, oktabr oyida, unda ham odamlarni ro‘yxatga olib yurdik. Obuna deydi. Paxta bo‘lmaydi deyishgan, lekin texnik xodimlarimiz borib, terdi.

Endi o‘qituvchilarga tepadan bosim bo‘lgandan keyin, iloj yo‘q. Rahbar uzoq o‘tirsa hukmdrligini o‘tkizadigan bo‘lib qoladi-da. Maktab direktorlari ham tepadagilarga yaxshi ko‘rinish uchun o‘qituvchilarni majburlaydi, bizni yonimizni olmaydi.

Hokim, XTB va maktab direktori. Unisi bunisiga aytadi, “gapingni o‘tkazolmadingmi?”. Keyin bunisi ish buyuradi, bosim qiladi.

Natijada, o‘qituvchilar pul yiqqan, o‘qituvchilar ko‘cha tozalagan, o‘qituvchilar uzr so‘ragan.

O‘qituvchi qilmayman, deya olmaydi. “Ertaga dars olishingni o‘yla” deydi maktab rahbari.

Rizqimiz shu, mol boqmasam, qo‘y boqmasam. Oylikdan qolmaylik, deb nimaki buyursa, qilaveramiz. Kreditlarni to‘lash kerak”, - deydi farg‘onalik muallim.

O‘zbekistonda o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlari eng kam oylik oladigan va ayni paytda majburiy mehnatga eng ko‘p jalb etib kelinadigan byudjet xodimlari sanaladi.

Prezident Shavkat Mirziyoev bir necha bor o‘z chiqishlarida o‘qituvchilar oyligini 1000 dollarga yetkazishni va’da qilgan.

Ammo Muazzam Qo‘shboyeva olayotgan oyligidan nolimaydi.

“Oylik 2 yarim million. Ko‘proq dars olsam, 3 million 800 ming so‘mgacha olishim mumkin. Bizni qishloqda bunaqa oylik boshqa joyda yo‘q-da, ish ham yo‘q.”, - deydi Muazzam Qo‘shboyeva.

Oson safarbar etiluvchi qatlam

O‘zbekistonda davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan tadbirlarning o‘rta va oliy ta’lim tizimiga yuklatilishi tajribasi ko‘pdan beri mavjud.

O‘zbekistonlik bloger Lobar Tursunqulova o‘qituvchilar davlat tadbirlariga eng oson safarbar qilinuvchi qatlam ekanini aytadi:

“Bilasiz, bizda o‘qituvchilar turli tadbirlarga, ayniqsa, saylov tadbirlariga eng oson safarbar etiladigan guruh hisoblanadi. Ko‘p saylov uchastkalari maktablarda joylashgan. Shuning uchun o‘qituvchilarni u yerda a’zo qilib, biriktirib qo‘yish oson, o‘zini ishini ham qiladi, saylovnikini ham. Dars soatlari qisqartirilishi yoki ishdan haydalishidan qo‘rqib o‘qituvchilar har qanday vazifani bajarib ketaverishadi, - deydi bloger.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki yil avvalgi chiqishida o‘qituvchilar asosiy vazifasi bir chetda qolib, ularni o‘zlariga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan ishlarga jalb etish chuqur ildiz otganini tan olgan edi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov ham 2020 - yil sentabr oyida xalq ta’limi tizimi xodimlari yillar davomida mahalliy hokimliklarning dastyorlariga aylanib qolganini aytar ekan, mahalliy hokimlar va rahbarlar o‘qituvchilarni majburlab ishga chiqaradigan bo‘lsa, ular nafaqat ishdan olinishi, balki tegishli chora ko‘rilishini aytgan edi.

“Qayerda nima ish bo‘lsa, maktabni chiqarishdi, poliklinikani chiqarishdi. Natijada bularning hammasi ta’lim sifatiga, sog‘liqni saqlash sohasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi”, -degan Aripov.

Prezident va Bosh vazirning ogohlantirishiga qaramay, joylarda o‘qituvchilar saylov bilan bog‘liq ishlardan tortib bandlik bo‘yicha ma’lumot to‘plash singari majburiy mehnatning yangi va yangi turlariga jalb etilmoqda.

XS
SM
MD
LG