Samarqand viloyati Jomboy tumanida ichida yo‘lovchilari bo‘lgan avtobus yo‘l-transport hodisasiga uchradi.
Gazeta.uz nashrining viloyat YHXB matbuot xizmati ma’lumotiga tayangan holda xabar qilishicha, hodisa 11-fevral kuni soat 7:00 larda M-39 avtomobil yo‘lining 1079-kilometrida sodir bo‘lgan.
Yo‘lovchi tashuvchi Zhongtong avtobusi harakatlanib kelayotib ko‘prik ustida YTHga uchragan Cobalt bilan to‘qnashgan.
Avtobus yengil mashinaning holatini inobatga olmay tezlikni me’yoridan oshirib kelgani oqibatida tormozni keskin bosgani va ag‘darilib ketgani aytilmoqda.
Oqibatda bir yo‘lovchi (68 yoshli erkak) tibbiyot birlashmasida vafot etgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xabar qilingani holda, jabrlanganlar bo‘yicha ma’lumot berilmagan.
YTHga uchragan turistik avtobus Samarqanddan Toshkentga borayotgan bo‘lgan.
Ozodlik avval xabar qilganidek, 2024-yil noyabr oyida Samarqand shahrida avtobus urib ketishi oqibatida 3-sinf o‘quvchisi nobud bo‘lgandi.
Avvalroq aynan Jomboy tumanida Isuzi avtobusi bilan MAN yuk avtomashinasi to‘qnashishi oqibatida avtobus yo‘lovchilaridan biri halok bo‘lgan edi.