Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:56

Samarqandda ishsiz yoshlarga berilgan yer qaytarib olindi(VIDEO)


Qo‘shrabot tumani hokimligi yoshlarga dehqonchilik uchun ajratilgan yerni qaytarib oldi
Qo‘shrabot tumani hokimligi yoshlarga dehqonchilik uchun ajratilgan yerni qaytarib oldi

Samarqand viloyat, Qo‘shrabot tuman, Qiyqim mahallasida yashaydigan 14 nafar yoshga dehqonchilik qilish uchun 40 sotixdan berilgan yer yana qaytarib olindi.

Ozodlikka yuborilgan videoda tuman hokimining yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Xolbek Kubayev va hokimlikning boshqa mulozimlari tantanali ravishda yoshlarga suv chiqmaydigan adirli joydan yer o‘lchab berayotgani aks etgan.

Ammo Ozodlikka murojaat qilgan qo‘shrabotlik yoshlarning aytishlaricha, ular arteziandan suv chiqarish va uzumchilik qilish uchun rejalarini tuza boshlaganda, ularga bu yer berilmasligi e’lon qilingan.

Tuman hokimining yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Xolbek Kubayev Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortdi.

Tuman hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari yer qaytarib olinganini inkor qildi.

Қўшработ тумани ҳокимлиги Қийқим қишлоғи ёшларига ер бўлиб берган, аммо бир ҳафтадан сўнг бу ерлар қайтариб олинган.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:29 0:00

Qo‘shrabot tumani hokimining yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Xolbek Kubayev boshchiligidagi mulozimlar 24 - fevral kuni Qiyqim mahallasidagi 14 nafar ishsiz yoshga dalaning o‘zida 40 sotixdan yer o‘lchab bergan edi.

Tuman hokimligining Telegram kanalida tarqatilgan videoda Xolbek Kubayev yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida ularga yer berilayotgani haqida shunday degan:

“Ishsiz yoshlarimizga yer bo‘lib berish jarayoni boshlandi. Tumandagi fermer xo‘jaliklari yeridan shakllantirilgan ro‘yxat asosida ishsiz yoshlarimizga yer bo‘lib beryapmiz. Bu jarayon davom etadi. Bugun Qiyqimda bo‘lsa, navbat bilan boshqa mahallalarda ham o‘tkazamiz”.

Videodagi mulozim yer olgan yoshlarni tabriklab, qo‘llarini siqadi, nima ekishini ham so‘raydi.

Yoshlarning aytishlaricha, hokimlik mulozimi bu yerga suv chiqarishga artezian quduq qazish uchun imtiyozli kredit olib berishni ham va’da qilgan.

Qiyqimlik yoshlar kelajakdagi dehqonchiligini ko‘z oldiga keltirib, rejalarni tuzib xursand bo‘lganidan ko‘p o‘tmay, ularga bu yer berilmasligi e’lon qilindi.

Ismi sir qolishini so‘ragan ishsiz yoshlardan birining aytishicha, ularning barcha orzulari barbod bo‘lgan:

Qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirib ketishgan ekan.

“Vahima bilan kelishib, ro‘yxatdagi yoshlarga yer o‘lchab berib, tabriklab, qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirib ketishgan ekan. Aslida, bu o‘zlarini reklama qilib, ana yoshlarni ish bilan ta’minlayapmiz degan hisobot uchun bo‘lsa kerak. Endi esa, yer adashib berilgan ekan, bu yerni berish mumkin emas ekan, sizlarga boshqa joydan 25 sotixdan beramiz, deb yana aldashyapti. Axir, qo‘llaringdan kelmas ekan, nima qilardilaring odamni umidvor qilib, shuncha sarson qilib!”

Bu yigitning aytishicha, barcha yoshlar pasportining nusxasi yerni rasmiylashtirib berish uchun olib ketilgan.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa qiyqimlik yoshning aytishicha, ularga bo‘lib berilgan yer foydalanilmay yotgan dasht joy bo‘lgan:

Rossiyaga ish izlab borishdan qutuldik, deb o‘ylagandik.

“Biz rosa xursand bo‘lgan edik, chunki bu yerga uzum eksa bo‘lardi. Uzum oralariga no‘xat yoki boshqa ekin ekish mumkin. Rossiyaga ish izlab borishdan qutuldik, deb o‘ylagandik. Bu yer bir umr foydalanilmay yotgan qiya tepalik. Suv chiqmaydi. O‘zimizcha plan qilib, artezian kovlab suv chiqaramiz, unday qilamiz bunday qilamiz deb, ishni boshlaymiz deganda, paq etib bu yer sizlarga berilmas ekan, degan xabar keldi”.

Qiyqim MFYning Sherzod ismli raisi ham aniq nima sababdan yoshlarga berilgan yer qaytarib olinganini bilmasligini aytadi:

“Zaxiradagi yer deb aytishgan ediyu, lekin anglashilmovchilik bo‘lganmi, biz ham hali to‘la oxiriga yetmadik. Ilhom aka degan Ishtixondan kelgan bir fermer xo‘jalikning yeridan 19 kishiga 25 so‘tixdan yer ajratildi. Shu 14 kishiga o‘sha yerdan beramiz deyishyapti, lekin aniq bilmadim”.

Ammo qiyqimlik yoshlarning iddao qilishicha, o‘sha 25 sotixdan ajratilgan yer boshqalarga berilgan va ular bu ro‘yxatga kiritilmagan.

Qo‘shrabot tumani hokimining yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Xolbek Kubayev Ozodlikning savolini eshitganidan so‘ng bir zum jim turdi-da, so‘ng go‘yoki eshitmayotganday “alo, alo” deb aloqani uzib qo‘ydi. Mulozim Ozodlikning keyingi qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Tuman hokimining qishloq ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Muxtor Quvondiqov Ozodlik bilan suhbatda yoshlarga berilgan yer qaytarib olinganini inkor qildi:

“Yo‘q, hali birovga berib, birovdan qaytarib olgan joyi bo‘lmagan. O‘sha yerdan yoshlarga beramiz deb hujjatlar qilingan”.

O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyevning tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Har bir yoshga bir gektar” dasturi asosida joylarda ishsiz yoshlarga dehqonchilik qilish uchun yer ajratib berilmoqda.

Lekin Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra, joylarda kuchishlatar tizimlar bosimlarini qo‘llab, fermerlar ishsiz yoshlarga bir gektardan yer ajratishga majburlanayotgan holatlar ham bor.

XS
SM
MD
LG