Samarqand viloyati tumanlaridan birida 8-sinf o‘quvchisi bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketildi va zo‘rlandi, deya ma’lum qildi “Sukut saqlama” (Nemolchi.uz) loyihasi.
Joriy yil 23-sentyabr kuni o‘g‘irlab ketilgan qiz 6-oktyabr kuni badanida zo‘ravonlik izlari bilan topilgan.
Qizning so‘zlariga ko‘ra, u bir necha kun kaltaklangan, spirtli ichimliklar va noqonuniy moddalar qabul qilishga majburlangan va jinsiy zo‘rlangan. Uning yaqinlari qizni shifokorga olib borishgan.
Ichki ishlar vazirligi aniqlik kiritishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 3-qismi (o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, barcha ishtirokchilar aniqlangan va sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Jabrlanuvchining yaqinlari Nemolchi.uz tahririyati vakili bilan suhbatda vakolatli idoralar qizning zo‘rlanishiga bepisandlik bilan yondashgani, gumonlanuvchilar hali ham ozodlikda yurganidan shikoyat qilgan.
Nemolchi.uz qaydicha, qizga arizasini qaytarib olishi uchun bosim ham o‘tkazilmoqda.
Bolalar ombudsmani ushbu hodisa Qo‘shrabot tumanida bo‘lgani, bu bo‘yicha “o‘z vakolati doirasida kuzatuv olib borayotgani”ni ma’lum qilgan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov mahalliy matbuotga ma’lum qilishicha, ariza yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu holatga Qo‘shrabot tumani prokuraturasining ish yurituvchisi ham aloqadorligi aniqlangan.
Prokuratura ish yurituvchisi joriy yil 30-oktyabr kuni viloyat prokurorining buyrug‘i bilan ishdan bo‘shatilgan.
BPga ko‘ra, olib borilgan tergov hamda tezkor tadbirlar davomida 8 nafar shaxs, jumladan tuman prokuraturasining sobiq ish yurituvchisi protsessual tartibda ushlangan. Bir nafar gumonlanuvchini ushlash choralari ko‘rilmoqda.