Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:00

Sanksiyalar: Yevroparlament deputati O‘zbekistondagi Octobank faoliyatini tekshirishni so‘ramoqda


Yevropa parlamenti.
Yevropa parlamenti.

Yevropa Parlamenti a’zosi, YPdagi konservatorlar va islohotchilar guruhi vakili Adrian-Jorj Aksiniya Yevropa Komissiyasiga rasmiy so‘rov yo‘llab, O‘zbekistondagi moliyaviy muassasalar, xususan, Octobank Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan joriy qilgan sanksiyalarni aylanib o‘tishda yordam berayotgan bo‘lishi ehtimoliga jiddiy e’tibor qaratishni so‘ragan.

Aksiniya 10-oktyabr kuni Yevropa Komissiyasiga yo‘llagan so‘rovnomasida Octobank transchegaraviy moliyaviy operatsiyalar, jumladan, pul o‘tkazmalari va P2P to‘lovlari sohasida O‘zbekistonda monopol mavqe’ga ega ekanini ta’kidlagan.

Yevropa Parlamenti deputati Adrian-Jorj Aksiniya
Yevropa Parlamenti deputati Adrian-Jorj Aksiniya


2023-yilga qadar Ravnaq-bank sifatida bilingan va o‘sha yil avgustida Octobank nomi bilan qayta tashkil etilgan ushbu moliya tashkiloti, Yevroparlament deputati yo‘llagan so‘rovda aytilishicha, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) tomonidan nazorat qilinadi. So‘rovda ta’kidlanishicha, Rossiyaga nisbatan kiritilgan sanksiyalar rejimiga amal qilish haqida so‘z borar ekan, ushbu bankning roli tekshirilishi muhim.

Aksiniya Yevropa Komissiyasidan quyidagi savollarga javob berishni so‘radi:

1. Yevropa Komissiyasi sanksiyalarni bunday moliyaviy mexanizmlar orqali chetlab o‘tilishini nazorat qilish va oldini olish uchun qanday choralar ko‘rmoqda?

2. Komissiya Octobank Aksiyadorlik Jamiyati atrofidagi vaziyatdan xabardormi va bunday xatti-harakatlarning Rossiyaga qarshi sanksiyalarning samaradorligiga salbiy ta’sirining oldini olish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?


Yevroparlament deputati Octobank sanksiyalarni aylanib o‘tishga yordam berayotgan bo‘lishi mumkinligi borasida xabarlar olinganini eslatgan, ammo bu xabarlar manbasi va mazmuniga to‘xtalmagan.

Oldinroq internetda Prezident huzuridagi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) rahbari Dmitriy Li Octobank faoliyatini shaxsan nazorat qilishi, Rossiya banklari G‘arb sanksiyalariga uchrashi ortidan bu bankdan o‘tadigan tranzaksiyalar oqimi keskin ko‘paygani iddao qilingan maqolalar chop etilgandi. Bu maqolalarda Dmitriy Li prezident Shavkat Mirziyoyev oilasi, xususan, uning qizi va yordamchisi Saida Mirziyoyevaga yaqinligi iddao qilinadi.

Prezident huzuridagi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi rahbari Dmitriy Li (o‘ngda)
Prezident huzuridagi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi rahbari Dmitriy Li (o‘ngda)


Octobank va Li rahbari bo‘lgan agentlik ushbu iddaolarni sharhlamagan.

Bankers.uz sayti ma’lumotlariga ko‘ra, Octobank AJ boshqaruvi raisi Tursunov Iskandar Baxtinurovich 2023-yil avgustida 72,05 foiz hissalar bilan bankning asosiy aksiyadoriga aylangan.

2024-yil ikkinchi choragida Octobank mijozlar bilan muammoli aktivlarni to‘liq so‘ndirgani haqida hisobot bergan.

3 milliondan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatishini aytgan bank joriy yilda banklar reytingida sezilarli darajada ko‘tarilgan va Xitoyning Tenpay onlayn to‘lov tizimining strategik hamkoriga aylangan.

ILMA (NAPP) O‘zbekiston prezidentining 2023-yil sentyabrdagi qarori bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligining kapital bozori sohasidagi vazifalari, funksiya va vakolatlarini o‘z zimmasiga olib, ushbu soha regulyatoriga aylangan.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi 2022-yil aprel oyida Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA) negizida tashkil etilgan. Uning asosiy vazifasi kriptoaktivlar muomalasi sohasidagi siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirishdan iborat edi.

Бирламчи капитал ва иккиламчи санкциялар. Россия бизнеси Ўзбекистонда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:20:57 0:00

Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan yaqin siyosiy, iqtisodiy va savdo aloqalariga ega Markaziy Osiyodagi sobiq sovet respublikalarini ikkilamchi sanksiyalar oqibatlaridan ogohlantirib keladi.

YIning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O'Sallivan 2023-yilning 29-30-noyabr kunlari Toshkentda O‘zbekiston hukumati mulozimlari bilan sanksiyalarga rioya qilish yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazgan edi.

“Biz O‘zbekistondan barcha yo‘nalishdagi sanksiyalarga to‘la-to‘kis rioya qilishni talab etayotganimiz yo‘q. Bu juda murakkab vazifa bo‘lur edi. Biz sanoqli – taxminan 45 nomdagi mahsulotlar ro‘yxatini shakllantirganmiz. Ular Rossiyaning harbiy sa’y-harakatlarida o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Biz ayni shu tovarlarni O‘zbekiston kabi uchinchi mamlakatlar orqali qayta eksport qilinishining oldini olish harakatidamiz”, degan YI maxsus vakili mahalliy matbuotga bergan intervyusida.

Shu yil iyunida Bryusselda markaziy osiyolik bir guruh jurnalistlar bilan uchrashgan Yevropa komissiyasi voizi Peter Stano Yevroittifoq tuzilmalari sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinishlarga qat’iy javob qaytarishi haqida ogohlantirgan.

O‘tgan oy prezident Shavkat Mirziyoyev G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari Markaziy Osiyo mamlakatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini aytgan.

17-sentyabr kuni Ostonada o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Germaniya” sammitidagi nutqida Mirziyoyev sanksiyalar siyosati, proteksionizmning kuchayishi va boshqa ko‘plab omillar mintaqada islohotlarni amalga oshirishda jiddiy sinovga aylanayotganini ta’kidlagan.


Ozodlik Yevropa Ittifoqi Rossiyaga joriy qilgan sanksiyalar rejimi doirasida Octobank va umuman, O‘zbekiston moliya institutlari faoliyati borasida mavjud xavotirlar tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Yevroparlament deputati Adrian-Jorj Aksiniyaga savollar bilan murojaat qildi, ammo hozircha javob olgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG