Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:58

Sardoba sirlari: to‘g‘on qurishda qatnashganlarning 7 savoli


Sardoba suv toshqinida minglab uy vayron bo‘lgan.
Sardoba suv toshqinida minglab uy vayron bo‘lgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining K. Mirsafayev raisligida o‘tgan xufya mahkamasi 2020-yilning 1-may kungi Sardoba o‘pirilishida ayblangan 23 nafar sudlanuvchini jazodan ozod qildi.

Bu haqdagi shu yil 3-oktabrdagi sud hukmini sudlanuvchilarning biri Ozodlikka taqdim qildi.

Sud hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JKning talon-torojlik va mansab soxtakorligida ayblangan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasining 23 nafar xodimi jazodan ozod qilingan.

Sud hujjatida O‘zbekiston Respublikasi JKning 70-moddasi (Shaxsning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotishi munosabati bilan uni jazodan ozod qilish) bilan jazodan ozod qilingani ta’kidlanadi.

Advokatlarning ta’kidicha, sud maxfiy ko‘rilayotgan ish tafsilotlari ommaviy axborot vositalari, xususan, Ozodlikda yoritilib, keng jamoatchilik bosimiga uchragach, aybsiz aybdorlarni jazolashdan tiyilgan.

Holbuki, 12-sentabr kuni xuddi shu sud Sardoba suv ombori toshqinida ayblangan 29 nafar shaxsni ozodlikdan cheklash va yirik miqdordagi jarima bilan jazolangandi.

Keltirilgan zarar miqdorini sudlanuvchilarga solidar tartibda qoplash majburiyatini yuklagandi.

Сардоба фожиаси: Ёпиқ суддан кейин очиқ қолаётган саволлар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:19:34 0:00

Ikkinchi guruh ishi apellyatsiya sudida ko‘rilmoqda

29 nafar shaxsdan iborat guruh O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga apellyatsiya tartibida shikoyat qildi va shu yilning 18-dekabr kuni guruhga oid jinoyat ishi yuqori instansiya sudida ko‘rila boshladi.

“Oliy sudning 3 nafar sudyasi doxil hay’at jinoyat ishini apellyatsiya bosqichida ko‘rmoqda. Sud majlislari uchun Toshkent shahar sudi binosi tanlangan. Biroq tergov organi o‘zi yaratgan soxta jinoyat ishini o‘tkazishga urinmoqda.

Ish hali ham jamoatchilikdan bekitilib, maxfiy tarzda ko‘rilmoqda. Sudlanuvchilarning protsessual huquqlari yaqqol buzilmoqda” deydi mahkama advokatlaridan biri.

Advokatlar ta’kidicha, sud majlislari ochiq bo‘lganida ayblanayotgan shaxslarning jinoyatlarga mutlaqo aloqasi yo‘qligini jamoatchilik o‘z ko‘zi bilan ko‘rardi. Ommaviy axborot vositalari hukumat oldiga ko‘plab savollar qo‘yardi. Shuning uchun ham mazkur ish maxfiylashtirilgan aslida.

Sardoba ishidagi uch yopiq mahkama

2021-yilning 10-may kuni Sardoba texnogen hodisasi bo‘yicha ilk jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ko‘rilib, unda 19 nafar shaxsga nisbatan hukm o‘qilgani haqida Bosh prokuraturaning matbuot xizmati xabar qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi tomonidan 29 nafar shaxsga nisbatan maxfiy tarzda ko‘rilgan va hukmi 2022-yilning 12-sentabrida e’lon qilingan jinoyat ishi Sardobadagi texnogen fojia bo‘yicha ikkinchi sud ishidir.

Shu yilning 3-oktabrida 23 nafar sudlanuvchiga nisbatan jazodan ozod qilish haqidagi sud hukmi uchinchi yopiq mahkamadir. Qizig‘i, ikkinchi va uchinchi guruh ishchilarining deyarli barchasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasi ishchilaridir. Biroq ularning yarmi jazoga tortildi, yarmi jazodan ozod qilindi.

Sudlanuvchilarning bir nafari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasi sobiq rahbari Mahmud Xolmatovgina 3 ta yopiq mahkamada ham jinoiy guruh rahbari sifatida sudlanmoqda.

U O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2021-yil 10-maydagi hukmi bilan uzoq yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. Xolmatovning qarindoshlariga ko‘ra, u qamoqda bo‘lgan paytda bir necha marta yurak xurujiga uchragan.

Xolmatov keltirilgan moddiy zararni qoplaganiga qaramay qamoqdan chiqarilmayapti. Uning turmush o‘rtog‘i ham saraton xastaligining so‘nggi bosqichlarini boshdan kechirmoqda.

Mazkur ish texnogen fojia oqibatlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan 2020-yilning 1-may kuni qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining alohida ish yurituviga olingan qismi bo‘lib, ish bo‘yicha tergov harakatlari O‘zbekiston Respublikasi DXX Tergov boshqarmasi tomonidan 2 yil davomida olib borilgan.

Mahkama savollar uyg‘otmoqda

Sudlanuvchilar ularning himoyachilari mahkamada savollar berishga urinmoqda. Ozodlik suhbatlashgan advokatlar va bir qator sudlanuvchilarga ko‘ra, mahkama hozircha ular qo‘yayotgan savollarni tinglamayapti. Ularning savollari sud majlisi bayonnomalariga yozilmayapti.

Sudlanuvchilar “texnogen fojiada biz aybdor ekanmiz, unda nega Sardoba suv ombori qurilishi to‘liq bitkazilmasdan, davlat qabul qilish komissiyasiga inshoot tegishli tartibda topshirilmasdan turib, 2013-yildan boshlab suv yig‘ildi?” deydi.

Advokatlarga ko‘ra, DXX tergov boshkarmasi tomonidan tergovlar davrida mazkur asosiy savol O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri raisligidagi maxsus Komissiyaga berilmagan.

Sudlanuvchilarning iddaosiga ko‘ra, “Sardoba” suv ombori qurilishi buyurtmachisi – O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev hatto tergov ishlariga ham jalb qilinmagan.

Holbuki, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi ekspertiza markazining xulosasi (ishning 191-varag‘i) mavjud bo‘lib, unga ko‘ra, hali to‘g‘onning to‘la qurilmagini isbotlangan.

“Amaldagi qurilish talablariga mos bo‘lmagan loyiha ishlab chiqilib, 2013-yil 80 million kub metr, 2014-yilda 300 million kub metr, 2015-yilda 420 million kub metr suv yig‘ish ishlari amalga oshirildi. Bu esa Sardoba suv ombori to‘g‘oni ko‘rsatkichlarini o‘zgartirdi” deydi sohadan yaxshi xabardor sudlanuvchilar.

“To‘g‘on o‘lchamlarini o‘zgartirish faqat Vazirlik va Hukumat roziligi bilan amalga oshiriladi (jinoyat ishining 7-jild 8-varag‘i). Shoshma-shosharlik bilan qilingan bilimsizlarcha xulosa to‘g‘onning PK6 qismi o‘pirilishiga olib keldi. Davlat va jamoat manfaatlariga 1.555 trln. so‘m miqdorida zarar yetkazdi va 6 nafar odam o‘ldi. Biz hatto to‘g‘onning o‘pirilgan qismi qurilishida ishtirok etmaganmiz” deyishmoqda sudlanuvchilar.

Sudlanuvchilarning xavotiriga ko‘ra, hozir ham «Sardoba” to‘g‘oni yana o‘pirilish havfi ostida qolmoqda. Chunki inshootning xavfsizligini kuzatib va nazorat qilib turuvchi apparaturalar hozirgacha ham o‘rnatilmagan.

“Prezident Mirziyoyevning to‘g‘on o‘pirilishida aybdor shaxslarning amali va lavozimidan qat’iy nazar jazolanishini haqidagi va’dalari bajarilmadi. Sudyalar esa ishni DXX organi olib borgani uchun mahkama jarayonlarida mum tishlab o‘tiribdi” deydi mahkamada ishtirok etayotgan sudlanuvchilar bir ovozdan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, to‘g‘on qurilishida bosh bo‘lgan Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov “O‘zbekiston qahramoni” ordeni, “O‘zbekgidroenergo” rahbari Abdug‘ani Sanginov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi”, Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamroyev “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator” va Suv xo‘jaligi vazirligi qoshidagi UzGIP instituti direktori Umid Abdullayev “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Ammo to‘g‘on o‘pirilgach, keyinchalik ham ular qo‘lga kiritgan bu davlat mukofotlari bekor qilinmadi.

XS
SM
MD
LG