Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:40

Sardoba suv omborida "texnogen falokat xavfi saqlanib qolmoqda" - ekspertiza


Prezident Shavkat Mirziyoyev texnogen ofat yuz bergan Sardoba suv ombori hududida.
Prezident Shavkat Mirziyoyev texnogen ofat yuz bergan Sardoba suv ombori hududida.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay’ati 2020-yilning 1-mayida Sardoba suv omborida sodir bo‘lgan texnogen fojia oqibatlariga oid jinoyat ishini apellyatsiya bosqichida ko‘rib chiqmoqda.

Bu haqda Ozodlikka ismi sir qolishini so‘ragan prokuratura mulozimi xabar qildi.

Sudning qora kursisida O‘zbekiston Respublikasi JKning talon-toroj va mansab soxtakorligi haqidagi bandlari bilan ayblangan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasining 29 nafar ishchi-xizmatchilari o‘tiribdi.

Ular dastlabki instansiya sudi tomonidan yirik miqdorda jarima, ozodlikni cheklash va axloq tuzatish singari jazolarga hukm qilingan. Sudlanuvchilarning barchasi hukmdan norozi bo‘lib, apellyatsiya tartibida yuqori instansiya sudiga arz qilgan.

Apellyatsiya sudi majlislari 2022-yilning 18-dekabrida rasman boshlangan, ammo orada sud anomal sovuq hamda boshqa sabablar bilan katta tanaffus e’lon qilgandi.

Сардоба фожиаси: Ёпиқ суддан кейин очиқ қолаётган саволлар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:19:34 0:00

“Sardoba fojiasi”ga yetaklagan omillar

“Mahkama yirik texnogen fojiani yuzaga keltirgan sabablar, mazkur gidrotexnik inshootning noto‘g‘ri loyihalangani va qurilgani, hozir ham halokat qaytalanishi mumkinligi haqidagi guvohliklarni tinglamoqda” deydi Ozodlikka ismini ochiqlamaslik sharti bilan gapirgan prokuratura xodimi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi inshootning loyihalanishidagi kamchiliklar, qurilishning oxiriga yetkazilmagani va hozir ham Sardoba suv omborining xavfli texnogen holatda ekaniga oid xulosalar bergan.

Shunga qaramay Ozodlik suhbatlashgan advokatlar va bir qator sudlanuvchilarga ko‘ra, mahkama ular qo‘yayotgan savollarni tinglamayapti. Ularning savollari sud majlisi bayonnomalariga yozilmayapti.

Sudlanuvchilar sud hay’atining yuqoridan qandaydir ko‘rsatma kutayotgani, guvohlar, mutaxassislar chaqirishga oid iltimosnomalarga e’tiborsiz bo‘lishayotgani hamda tafsilotlarning jamoatchilikka chiqib ketishidan qo‘rqishayotganini ta’kidlaydi.

Ozodlik tanishgan sud materillaridagi ko‘rsatmalarda sudlanuvchilar “texnogen fojiada biz aybdor ekanmiz, unda nega Sardoba suv ombori qurilishi to‘liq bitkazilmasdan, davlat qabul qilish komissiyasiga inshoot tegishli tartibda topshirilmasdan turib, 2013- yildan boshlab suv yig‘ildi?” degan savollarni berishgan.

Advokatlarga ko‘ra, DXX tergov boshkarmasi tomonidan tergovlar davrida mazkur asosiy savol O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri raisligidagi hukumat komissiyasiga berilmagan.

Sudlanuvchilarning iddaosiga ko‘ra, “Sardoba” suv ombori qurilishi buyurtmachisi – O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev hatto tergov ishlariga ham jalb qilinmagan. Uni apellyatsiya sudiga chaqirish bo‘yicha 10 dan ortiq iltimosnomalar berildi, biroq sud iltimosnomalarni qanoatlantirmayapti.

Ko‘pchilik sud majlislarida prokuror ishtiroki ta’minlanmayapti. Mahkama ishtirokchilari jamoatchilikka yopiq mahkamada sud majlisi bayonnomalari chala yuritilayotganidan shikoyat qilmoqda. Bularning barchasi ishning buyurtma va siyosiy ahamiyatga molik ekanini bildiradi, deb hisoblaydi sudlanuvchilar.

Hujjatlar nima deydi?

Ozodlik mazmuni bilan tanishgan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazining xulosasida to‘g‘on hali to‘la qurib bitkazilmasdan ishga tushirilgani aytiladi.

Sud materiallaridan o‘rin olgan ko‘rsatmalardan birida aytilishicha, “amaldagi qurilish talablariga mos bo‘lmagan loyiha ishlab chiqilib, 2013-yil 80 million kub metr, 2014-yilda 300 million kub metr, 2015-yilda 420 million kub metr suv yig‘ish ishlari amalga oshirilgan. Bu esa Sardoba suv ombori to‘g‘oni ko‘rsatkichlarini o‘zgartirgan”.

“To‘g‘on o‘lchamlarini o‘zgartirish faqat Vazirlik va Hukumat roziligi bilan amalga oshiriladi (jinoyat ishining 7-jild 8-varag‘i). Shoshma-shosharlik bilan qilingan bilimsizlarcha xulosa to‘g‘onning PK6 qismi o‘pirilishiga olib keldi. Davlat va jamoat manfaatlariga 1.555 trln. so‘m miqdorida zarar yetkazdi va 6 nafar odam o‘ldi. Biz hatto to‘g‘onning o‘pirilgan qismi qurilishida ishtirok etmaganmiz” deb aytgan mahkamaga tortilgan mutaxassislardan biri suddagi ko‘rsatmasida.

Sudda yangragan yana bir mutaxassisning guvohligida "hozir ham «Sardoba” to‘g‘oni yana o‘pirilish xavfi ostida qolayotgani, inshootning xavfsizligini kuzatib va nazorat qilib turuvchi maxsus jihozlar haligacha o‘rnatilmagani" ta’kidlanadi.

Ozodlik tanishgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, to‘g‘on o‘pirilishining qaytalanishi ehtimoli saqlanib qolmoqda. U kuchli yer silkinishi yoki boshqa texnogen holatlarga doshi berolmasligi mumkin. Eng muhimi, to‘g‘onda nazorat texnologiyasi mavjud emas.

Sudlanuvchilarga ko‘ra, “Prezident Mirziyoyevning to‘g‘on o‘pirilishida aybdor shaxslarning amali va lavozimidan qat’iy nazar jazolanishini haqidagi va’dalari bajarilmadi. Sudyalar esa ishni DXX organi olib borgani uchun mahkama jarayonlarida mum tishlab o‘tiribdi”.

To‘g‘on qurilishida bosh bo‘lgan Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov “O‘zbekiston qahramoni” ordeni, “O‘zbekgidroenergo” rahbari Abdug‘ani Sanginov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi”, Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamroyev “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator” va Suv xo‘jaligi vazirligi qoshidagi UzGIP instituti direktori Umid Abdullayev “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Bu mulozimlarga berilgan davlat mukofotlari to‘g‘on o‘pirilganidan keyin ham bekor qilinmadi.

Ozodlikka murojaat qilgan advokatlardan biri "Sardoba ishi" mustaqil O‘zbekiston tarixida sirli va ziddiyatli ish sifatida qolayotganini urg‘ulaydi. Uning fikricha, ishga oid hujjatlar jamoatchilik e’tiboriga havola qilinsa, keskin noroziliklar keltirib chiqarishi mumkin.

U shuning uchun ham mahkama ishi maxfiylashtirilganini taxmin qiladi.

Oliy sud matbuot xizmati 25- dekabr kuni tarqatgan rasmiy axborotda "ushbu jinoyat ishi bevosita davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi 1-qismi talablariga muvofiq yopiq tarzda ko‘rilayotgani"ni aytgan edi.

Сардобадан бир йил ўтиб: Сув остида қолган сирлар. Озодлик суриштируви
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:26:21 0:00

3 ta jinoyat ishi va ilk apellyatsiya

2021-yilning 10-may kuni Sardoba texnogen hodisasi bo‘yicha ilk jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ko‘rilib, unda 19 nafar shaxsga nisbatan hukm o‘qilgani haqida Bosh prokuraturaning matbuot xizmati xabar qilgan.

Ikkinchi mahkama Toshkent shahar sudi tomonidan 29 nafar shaxsga nisbatan maxfiy tarzda ko‘rilgan va hukmi 2022-yilning 12-sentabrida e’lon qilingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining K. Mirsafayev raisligida 2022-yilning 3-oktabrida yakunlangan mahkamasi Sardoba o‘pirilishi bo‘yicha ayblangan 23 nafar sudlanuvchi ishtirokidagi uchinchi mahkama bo‘ldi.

Birinchi va uchinchi guruh sudlanuvchilari yuqori instansiya sudlariga murojaat qilishmagan.

Ikkinchi — 29 kishilik guruh esa, advokatlarga ko‘ra, o‘zlarining aybsizligini isbotlashga urinmoqda. Biroq mahkama ularni "qonun talablari darajasida tinglayotgani yo‘q".

  • 2020-yilning 1-may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi oqibatida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2 570 ta uy-hovli, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan, 1781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan.
  • To‘g‘on yorilishi oqibatida yuz bergan toshqin O‘zbekiston tarixidagi eng yirik aholini evakuatsiya qilish amaliyotiga sabab bo‘ldi - yuz minglab odam xavfsiz hududga ko‘chirildi.
  • O‘tgan vaqt mobaynida ko‘plab sardobaliklar o‘zlariga ajratilgan yordam yoki tovon pulini ololmagani, uy-joyga bo‘lgan huquqlari buzilganidan shikoyat qilib kelgan.
XS
SM
MD
LG