Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:56

"Sardor"lar kelishuvi. Gaz inqirozi boshqaruvdagi bo‘linishni o‘rtaga chiqardimi?


O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan, 25-oktabr, 2022, Turkiya
O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan, 25-oktabr, 2022, Turkiya

O‘zbekistonda qishning ilk kunlaridan boshlangan svet-gaz muammolari fonida hukumat, aholi noroziligiga javoban favqulodda choralarga qo‘l urarkan, tahlilchilar energetik inqiroz davlat boshqaruvida ham zo‘riqishlarga sabab bo‘lganiga e’tibor qaratishmoqda.

Qishning sovuq kunlari - prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil yozda Qoraqalpog‘istonda bo‘lgan voqealar ortidan yangilangan Sardor Umurzoqov boshchiligidagi ma’muriyati uchun birinchi jiddiy sinov bo‘ldi.

Prezident ma’muriyatining oldingi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov qoraqalpoqlarning zo‘ravonliklarga aylanib ketgan noroziliklari uchun mas’ul ko‘rilgan va iste’foga chiqarilgandi.

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov Turkmaniston prezidenti Sardor Berdimuhamedov bilan, 12-dekabr, 2022, Turkmaniston
O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov Turkmaniston prezidenti Sardor Berdimuhamedov bilan, 12-dekabr, 2022, Turkmaniston

Zaynilobiddin Nizomiddinov o‘rnini egallagan 45 yashar Sardor Umurzoqov gaz va svet muammosidan noroziliklar uchun mas’uliyatni birinchi navbatda energetika mulozimlariga yukladi.

11-dekabr kungi videoselektorda Umurzoqov energiya taqchilligini kuchaytirayotgan rahbarlar jazoga tortilishini aytdi.

Prezident administratsiyasi rahbari olib borgan videoselektor fonida matbuotda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning "Hududgazta’minot" AJning Toshkent viloyati bo‘yicha rahbari Muzaffar Aliyev hamda viloyatda yana ikkita tuman gaz idorasining ikki nafar joriy va sobiq rahbarlari qamoqqa olingani haqidagi hisoboti e’lon qilindi.

Bosh prokurorning axborotida ushbu mulozimlarga nisbatan jinoyat ishi ochilgani va ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi belgilangani ta’kidlandi. Ammo jinoyat ishi qachon ochilgani haqida ma’lumot berilmadi. Ozodlikning Bosh prokuratura tizimidagi manbasiga ko‘ra, oldindan jinoyat ishi bo‘lganida mulozim videoselektorga qo‘yilmas edi.

Bir vaqtning o‘zida mahalliy nashrlar va Telegram-kanallarda "Hududgazta’minot"ning Toshkent viloyati bo‘yicha rahbari Muzaffar Aliyevning qo‘liga kishan solingan holda tushirilgan surati e’lon qilindi.

ZIMISTON-UZ XABARLARI. 4-qism: Уч кун светсиз қолган чилонзорликлар норозилигини ИИБ тўхтатди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:59 0:00

Ozodlikning 11-dekabr kungi videoselektordan xabardor hukumatdagi manbasi hamda Prokuratura sobiq mulozimlar ustidan olib borayotgan tergovga yaqin manbalarining aytishicha, Toshkent viloyati hokimligi binosida o‘tirib, videoselektorda ishtirok etayotgan Aliyevning qo‘liga “administratsiya rahbarining shaxsan bergan topshirig‘i bilan o‘sha yerning o‘zida kishan solingan".

Videoselektorda qatnashgan Ozodlik manbasining bildirishicha, administratsiya rahbari Toshkent viloyat gaz idorasi rahbari kimligini so‘ragan va Aliyev nomi aytilishi bilan "olib borib qamash haqida ko‘rsatma bergan". Ozodlik bilan suhbatda bir-biridan mustaqil manbalar Aliyev bir necha daqiqada tergov izolyatoriga olib borilgani va u yerdan mulozimning qo‘liga kishan solingan surati olinib, videoselektorda namoyish etilganini aytishmoqda.

Mahalliy matbuot Sardor Umurzoqovning shu majlisda "agar boshqa hududlardagi mas’ullar ham bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmasa va qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ysa, ularga ham, albatta, xuddi shunday jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi", deya aytgan so‘zlaridan iqtibos keltirdi.

Prezident Mirziyoyev administratsiyasi rahbarining eng ko‘p tanqid qilinadigan idoralardan biri bo‘lgan “Hududgazta’minot” mulozimiga tezkor chora ko‘rishi va boshqa mulozimlarni ham ogohlantirishi ko‘pgina tarmoq faollari va blogerlar tomonidan olqishlandi.

Shu bilan birga, tarmoqlarda muammo uchun asl javobgarlar chetda qolib, yana “quyi bo‘g‘indagi amaldorlar” jazolanayotgani va xalqning e’tiborini chalg‘itish uchun namoyishkorona ishdan olishlar amalga oshirilayotgani haqida izohlar qoldirildi.

“Javobgar” mulozimning suratini chop qilgan ayrim nashrlar keyinroq suratni xiralashtirdi va mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda gumonlanayotgan amaldorning to‘liq ism-sharifini bosh harflarga o‘zgartirdi.

Ayni paytda ayrim tahlilchilar, prezident Mirziyoyev administratsiyasi rahbarining ayrim mulozimlarni hisobga va jazoga tortishi, qolaversa, qamash haqida shaxsan buyruq berishi misolida, O‘zbekistondagi boshqaruvning ayrim jihatlariga e’tibor qaratishmoqda.

Bu jihatlar, ularning nazarida, prezident e’lon qilgan qonun ustuvorligi tamoyillariga har doim ham mos kelavermaydi.

“...Hukumat gaz sohasidagi vaziyatni va inqirozning konkret sabablarini tahlil qilishga, ushbu ma’lumotlarni jamiyat bilan bo‘lishishga, shuningdek aniqlangan muammolarni hal etish uchun samarali strategiya ishlab chiqishga urinayotgani yo‘q. Buning o‘rniga ichki gaz ta’minotiga mas’ul kichkina mulozimlar bilan o‘ralashib, ular ustidan jinoyat ishi ochishyapti, hatto bittasini hukumat yig‘ilishida kishanband qilishdi”, deb yozdi Londondagi Central Asia Due Diligence tahlil markazi direktori Alisher Ilhomov, 14- dekabr kuni o‘zining Feysbuk sahifasidagi postida.

Uning fikricha, “bu ommani yupatish va hukumat chora ko‘rayotganini namoyish etish uchun qilingan”.

"Gaz importi bo‘yicha muzokara qilish uchun Ashxobodga bosh vazir yoki energetika vaziri emas, balki prezident administratsiyasi rahbari bordi. Bu nima degani?"deya savol qo‘ydi tahlilchi.

Uning fikricha, “aftidan, bu choralar sohada aybdor qilish mo‘ljallanayotgan shaxslarga qarshi qatag‘onlar bilan cheklanib qoladiganga o‘xshaydi”.

Mansab vakolatini kim suiiste’mol qildi?

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, hibsga olingan «Hududgazta’minot»ning Toshkent viloyati filiali direktori Muzaffar Aliyev Toshkent viloyati prokuraturasiga olib borilgan va viloyat prokurorining o‘rinbosari tomonidan unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 205-moddasi 2-qismi (Mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ozodlikning tergovga yaqin manbasi endilikda sobiq mulozimga nisbatan “aybsizlik prezumpsiyasi” qo‘pol ravishda buzilgan va ehtiyot chorasini tayinlashda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan, deb ta’kidladi.

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Jinoyat protsessual kodeksiga ko‘ra, hali aybi sud hukmi bilan isbotlanmagan shaxs jinoyatchi sifatida talqin etilmaydi. Holbuki, Hukumat tomonidan «Hududgazta’minot»ning Toshkent viloyati filiali direktori Muzaffar Aliyevning hibsga olinish jarayoni suratga olinib, barcha ommaviy axborot vositalarida e’lon qilindi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi JPK talablariga ko‘ra, shaxsga nisbatan jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, viloyat, tuman va shahar prokurorlari tomonidan qo‘zg‘atiladi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan so‘ng shaxsni tergov davrida ehtiyot chorasini belgilash mahalliy jinoyat ishlari bo‘yicha sudi vakolatiga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi JPK talablariga muvofiq, tergovoldi harakatlari bo‘yicha materiallar yoki jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqidagi qaror chiqmay turib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoqda ushlash, kishanlash, protsessual tartibda ushlab turish mumkin emas”, dedi ismi ochiqlanmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi manba.

Qudratli administratsiya rahbari

O‘zbekiston Adliya vazirligi tizimidagi ekspertlardan birining Ozodlikka izoh berishicha, O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huquqni muhofaza qilish organi emas, uning bu boradagi vakolatlari konstitutsiyaviy qonunlar bilan belgilanmagan.

U O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, huquqni muhofaza qilish organlariga axborot kiritishi mumkin, ko‘rsatma berish yoki shaxsga nisbatan qamoqqa olish, jinoyat ishi qo‘zg‘atish vakolatiga ega emas.

O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, Bosh vazir yoki hukumat a’zolari tashqi siyosatda hukumat nomidan davlatlararo yoki hukumatlararo shartnomalar va bitimlar, shuningdek, memorandumlarni imzolashi mumkin.

Energetika inqiroziga bag‘ishlangan videoselektordan ikki kun o‘tib, O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqovning Ashxobodga safar qilgani va prezident Sardor Berdimuhamedov bilan gaz bitimini imzolagani xabar qilindi.

Bitim tafsilotlari ochiqlangani yo‘q, ammo ekspertlar nima uchun gaz bitimini hukumat rahbari emas, Prezident administratsiyasi rahbari imzolaganiga e’tibor qaratishdi.

Bundan avval Umurzoqov Turkiyaga safar qilgani va prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan muzokaralar olib borgani xabar qilingan, ammo muzokaralar tafsilotlari oshkor qilinmagan.

Adliya vazirligi tizimidagi ekspertning Ozodlikka aytishicha, vazirlikning Milliy huquqiy portalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini tashkil qilish to‘g‘risida”gi Farmoni joylashtirilgan bo‘lib, mazkur Farmonda Administratsiya reglamenti, tashkiliy tuzilmasi va nizomiga oid huquqiy hujjat o‘rin olgan.

Ammo tuzilmaning vakolatiga oid ilovalar havolalardan topilmaydi. Shuningdek, Milliy qonunchilik bazasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakolatiga oid konstitutsiyaviy qonun akti mavjud emas.

Prezident Mirziyoyev administratsiyasining shu yil iyulida iste’foga chiqarilgan oldingi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov «O‘zbekiston siyosatining kulrang kardinali» deb ta’riflangan.

Ozodlik manbalari administratsiya rahbariga berilgan vakolatlar Nizomiddinovni amalda mamlakatda prezidentdan keyingi ikkinchi odamga aylantirganini aytishadi.

Mamlakat yangi konstitutsiyasi bo‘yicha referendumga tayyorgarlik jarayoniga boshchilik qilgani aytilgan Nizomiddinov Qoraqalpog‘istondagi qonli voqealar ortidan ishdan bo‘shatilgandi.

Prezident administratsiyasining joriy rahbari Sardor Umurzoqovdan farqli Nizomiddinov omma ko‘zidagi siyosatchi emasdi. Uning videoselektor yig‘ilishlari o‘tkazgani yoki xorijiy davlatlar rahbarlari bilan muzokaralar olib borgani haqida rasmiy xabar berilmagan.

Mahalliy kuzatuvchilar bir vaqtning o‘zida prezident Mirziyoyev o‘zining vakili ekanini ta’kidlab keladigan hokimlarni tayinlashda administratsiya rahbarining roli oshib borayotganini ham aytishmoqda. Mahalliy blogerlardan biri shu yil 26-noyabrida Sirdaryo viloyatiga yangi hokim vazifasini bajaruvchi tayinlangan yig‘ilishda Bosh vazir Aripov Umurzoqovning "soyasida qolib ketgani"ga e’tibor qaratgandi. Karimov boshqaruvi davrida uning o‘zi ishtirok etmagan Xalq deputatlari viloyat kengashlari sessiyasida hokimlikka nomzodlarni o‘sha paytdagi bosh vazir Shavkat Mirziyoyev taqdim qilgan.

Sardor Umurzoqov va Bosh vazir Abdulla Aripov Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat kengashi deputatlari sessiyasida. 26-noyabr, 2022
Sardor Umurzoqov va Bosh vazir Abdulla Aripov Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat kengashi deputatlari sessiyasida. 26-noyabr, 2022

Bundan tashqari, o‘tgan oy viloyatlarda Prezident administratsiyasi rahbarining vakillari instituti joriy etilishi e’lon qilindi. Toshkentdan tayinlangan vakillar viloyat kengashlari yoki Bosh vazirga emas, balki administratsiya rahbariga bo‘ysunishi aytilgan.

O‘zbekistondagi Rost24.uz nashri ham Prezident Administratsiyasi qo‘lida haddan tashqari ko‘p qudrat jamlanayotgani va administratsiya amalda “parallel hukumat” ga aylanayotganiga e’tibor qaratgan.

“Hayotimiz bir kishining majlisiga qarab qolgan ekanda. Qachon qonun ustuvor davlatga aylanamiz?” deb yozdi nashr bosh muharriri, jurnalist Anora Sodiqova 13-dekabr kuni o‘zining Feysbuk sahifasida.

Ammo Prezident administratsiyasi o‘z vakolatlari bilan bog‘liq savollarni javobsiz qoldirmoqda.

Ozodlikning Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov o‘tkazgan oxirgi videoselektor va Ashxobodda imzolangan gaz shartnomasi borasida, shuningdek, administratsiya vakolatlari va O‘zbekistondagi hokimiyat bo‘linishi yuzasidan Bosh vazir va Prezident matbuot xizmatidan izoh olish urinishlari hozircha natija bergani yo‘q.

XS
SM
MD
LG