Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisi korrupsiyaga qarshi kurashni muhokama qilgan.
Senat matbuot xizmati qaydicha, yig‘ilishda davlat xizmatlari bo‘yicha davlat idoralari va aholi o‘rtasidagi munosabatlarni baholaydigan tizim yo‘lga qo‘yilmagani, prokuror, ichki ishlar va soliq organlari rahbarlarining korrupsiyaning oldini olish borasidagi faoliyati talabga javob bermasligi tanqid qilingan.
Byudjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan vazirliklardagi korrupsiyaviy omillar aniqlanmagan, o‘rganilmagan hamda tahlil qilinmagan. Tumanlarda, mahallalarda infratuzilmaga ulanish, litsenziya olish, imtiyozli kredit ajratish, ishga qabul qilish, malaka oshirish kabi maishiy korrupsiyaviy holatlar ko‘paygan.
“Tergovchi, prokuror va sudyalar qo‘lidagi ish bo‘yicha faqatgina idoralarga taqdimnoma va xususiy ajrim kiritish bilan cheklanmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining faoliyati talabga javob bermaydi”, deyiladi yuqori palata xabarnomasida.
Senatorlarga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olishda davlat organlari va tashkilotlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens nazorat) bo‘linmalarining o‘rni va mas’uliyati ham sezilmayotir.
Muhokama yakunida jinoyatchilikka qarshi kurashish va korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan Senat qarori qabul qilingan.
Parlament yuqori palatasi prezident Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurash masalasida yig‘ilish o‘tkazgani ortidan ushbu masalaga e’tibor qaratmoqda.
Ozodlik avvalroq 2024-yilda mansab suiiste’molligi oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan zarar 3,61 trillion so‘mga yetgani haqida xabar qilgandi.
O‘zbekiston Transparency International tashkilotining 2024-yilda jahon davlatlaridagi korrupsiya darajasi bo‘yicha hisobotida 180 ta davlat orasida 121-o‘rinni egallagandi.