Линклар

Шошилинч хабар
25 декабр 2024, Тошкент вақти: 00:02

Shaharsozlik talabini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Oliy Majlis Senatining 21-dekabr kungi yalpi majlisida “Seysmik xavfsizlikni ta’minlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi.

Yuqori palata matbuot xizmati qaydicha, qonun bilan Jinoyat, Jinoyat protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga qurilishlar sifatini oshirish, binolar va inshootlar qonunga xilof ravishda qurilishining oldini olish hamda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga oid o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Jumladan, qurilishi tugallangan binolar va inshootlardan foydalanishga doir ruxsatnoma berish hamda ularni foydalanishga qabul qilib olish qoidalarini buzganlik, obyektlarni qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatnomasiz qurganlik, ko‘p kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni normativ hujjatlarni buzgan holda o‘zgartirganlik uchun jinoiy javobgarlik ham belgilanmoqda.

Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishi odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, bu uchun alohida jinoiy javobgarlik nazarda tutilyapti.

Shuningdek, shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun belgilangan jarima jazolari kuchaytirilmoqda.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2022- yilda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq 6 mingdan ziyod huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lsa, 2023-yilda bu raqam qariyb 8 mingtani tashkil qilgan. 2024-yilning 11 oyida esa bu ko‘rsatkich qariyb 9 mingtaga yetgan.

Ijtimoiy tarmoqlardan aholining noqonuniy qurilishlardan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaatlarini ko‘plab topish mumkin.

Ekspertlarga ko‘ra, katta pul aylanadigan qurilish sohasida korrupsiya ildiz otib ketgan.

Joriy yil yanvar oyida prezident Shavkat Mirziyoyev qurilishni “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish uchun bir qator vazifalarni belgilagandi.

Jamoatchilik faollari O‘zbekistonda qurilish sifatiga doir talablarni kuchaytirish zarurligini aytib kelishadi.

XS
SM
MD
LG