Линклар

Шошилинч хабар
28 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:52

“Shahidlar xiyoboni” istirohat bog‘iga aylanishidan xavotirlar paydo bo‘ldi


“Shahidlar xiyoboni” majmui tarkibiga kiruvchi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi.
“Shahidlar xiyoboni” majmui tarkibiga kiruvchi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi.

Toshkent shahridagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuida qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.

Bu haqdagi xabar 16 - aprel, erta tongda bir-biridan mustaqil ikki idora: Toshkent shahar hokimligi hamda Qurilish vazirligi Telegram kanallarida 14 soniyalik farq bilan e’lon qilindi.

Aytilishicha, xiyobonda boshqa zaruriy ishlar qatorida “aholi uchun maishiy xizmat binolari, milliy hunarmandchilik va savdo do‘konlari” qurish ham rejalashtirilgan.

Xabardagi aynan shu jihat darhol ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar orasida bir qator savollar uyg‘otdi.

Rejani sharhlar ekan, “Shahidlar xiyoboni” majmuiga kiruvchi muzey xodimi ham, toshkentlik faol ham xiyobonni istirohat bog‘iga aylanib ketish tahdidi paydo bo‘lganidan tashvishga tushganini bildirdi.

Hokimlik va vazirlikning xabar qilishicha,

  • qatag‘on qurbonlarining nomlari aks etgan ramziy kitob barpo etiladi;
  • ramziy rotonda rekonstruksiya qilinadi;
  • muzey xodimlari uchun alohida ma’muriy bino quriladi;
  • aholi uchun maishiy xizmat binolari, milliy hunarmandchilik va savdo do‘konlari hamda ochiq amfiteatr va «Wi-Fi» xududlari barpo etish rejalashtirilgan.

"Shahidlar xotirasi yodgorligi hududiga do‘konlar nega kerak?"

“Shahidlar xiyoboni”ga oid xabari chiqqanidan ikki soat o‘tib, Telegram-bloger Safar bunday yozdi:

“Buzilmagan, o‘zgartirilmagan bitta shu yer qolgandi o‘ziyam... Savolda: shahidlar xotirasi yodgorligi hududiga do‘konlar nega kerak? Nega?”

Blogerning bu savolini Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiga berishning imkoni bo‘lmadi: xizmat telefoni avtomat-operatorning xabar qilishicha, “liniya nosozligi uchun o‘chirilgan”.

Qurilish vazirligi matbuot xizmati xodimasi esa, “bunday savollarga javob berish vakolati yo‘q”ligini bildirish bilan cheklandi.

"Shahidlar xiyoboni"da namozxona yo‘q"

“Shahidlar xiyoboni” majmui tarkibiga kiruvchi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi katta ilmiy xodimi, tarixchi olim Bahrom Irzayev Ozodlik savollariga javob berarkan, xiyobonda boshlanayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari rejasini shartli ravishda ikkiga bo‘lib, birini olqishladi, ikkinchisini keskin tanqid qildi.

Rejaning muzey xodimi olqishiga sazovor bo‘lgan qismi muzey xodimlari uchun alohida ma’muriy bino qurilishidir.

Bahrom Irzayevning aytishicha, muzey bilan uning xodimlari ish joyi orasi taqriban 15 kilometr va xodimlar yillardan buyon muzeyga mana shu masofada qatnaydi.

12 yildan beri shu ovoragarchilik. Kunda-kunora ofisdan muzeyga qatnashga to‘g‘ri keladi.

“Ofisimiz Shayxontoxurda, Navoiy muzeyida. Barcha hujjatlarimiz shu binoda saqlanadi. “Shahidlar xiyoboni”da qurilgan muzeyimiz binosida xodimlar uchun ish joyi nazarda tutilmagan ekan. Men, masalan, 12 yildan beri shu muzeyda ishlayman. 12 yildan beri shu ovoragarchilik. Kunda-kunora ofisdan muzeyga qatnashga to‘g‘ri keladi”, - dedi Bahrom Irzayev.

Olimning aytishicha, muzeyning xodimlar ish joyidan ham ko‘ra, juda katta, hatto uyatli bir kamchiligi bor:

Keluvchilar “Bu yer "Shahidlar xiyoboni” ekan, ularning haqiga ikki rakaat namoz o‘qib qo‘yay”, desa, namozxona yo‘q.

“Keluvchilar “Bu yer "Shahidlar xiyoboni” ekan, ularning haqiga ikki rakaat namoz o‘qib qo‘yay”, desa, namozxona yo‘q. Tahorat oladigan joy yo‘q, hatto hojatxona yo‘q. Nimani o‘ylab qurishgan, hech tushunmayman”.

Bahrom Irzayevning aytishicha, muzeyning yana bir katta kamchiligi bor:

“Muzeyimizda garderob yo‘q. Keluvchilar, ular orasida ba’zida baland martabali mehmonlar ham bo‘ladi, ustki kiyimini yechib qoldiray, desa, yechinadigan joy yo‘q. Bu, ayniqsa, sovuq fasllarda bilinib qoladi. Odamlar ustki kiyimi, qo‘lidagi sumkasi bilan muzey aylanadi. Bundan tashqari, bilet sotadigan kassa ham yo‘q. Sotuvchi biletni muzey eshigi oldida sotib turadi”.

"Shahidlar xiyoboni" pivo ichadigan joy emas!"

Bahrom Irzayevning aytishicha, muzey xodimlari hokimiyatning ular uchun ofis qurib berish rejasi to‘g‘risida eshitgani, bundan xursand ekani, biroq “Shahidlar xiyoboni”da so‘nggi yillarda shakllangan muhit bu obyektning umumiy ruhiga zid ekanidan norozidir.

“Qatag‘onlar va ularning qurbonlari mavzui muzeyning ichida bor, xolos. Tashqariga – xiyobonga chiqsangiz, sevishgan yoshlar o‘tiradigan odatdagi istirohat bog‘iga o‘xshab qolgan”, dedi olim.

Bu yerga kelib, qatag‘on qurbonlarini xotirlab, keyin pivo ichib o‘tirishadimi? Kulgiliku?!”

“Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi katta ilmiy xodimi, tarixchi olim Bahrom Irzaev “Shahidlar xiyoboni”da “aholi uchun maishiy xizmat binolari, milliy hunarmandchilik va savdo do‘konlari” qurilishini qabul qilib bo‘lmaydigan holat, deb hisoblashini bildirib, “bu yerga kelib, qatag‘on qurbonlarini xotirlab, keyin pivo ichib o‘tirishadimi? Kulgiliku?!” dedi.

"Qanaqa amfiteatr, qanaqa vayfay?!"

Toshkentlik yana bir tarixchi, o‘z maslakdoshlari bilan millat tarixiga oid qator sanalarga bag‘ishlab, turli tadbirlar uyushtirib kelayotgan faol Anvar Nazir “Shahidlar xiyoboni” rekonstruksiyasi to‘g‘risida bunday dedi:

Bu yer axir qabriston maqomiga ega joyku?! Axir, bu yer istirohat bog‘i emasku?!

“Bu haqda uch yil oldin prezident bir gap qilgan edi. Lekin bu mavzuga qaytgan emasdilar. Mana endi, yana gap boshlandi. Tushunmadim: nima uchun bu yerda do‘konlar, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari qurish kerak? Bu yer axir qabriston maqomiga ega joy-ku?! Axir, bu yer istirohat bog‘i emas-ku?! Qanaqa amfiteatr, qanaqa vayfay?! Uch yil oldin birinchi marta gap paydo bo‘lishi bilanoq, biz xat yozgan edik prezident portaliga. Lekin hech qanday javob berishmagan”.

Anvar Nazirning fikricha, kuch va pulni “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyini boyitishga, qatag‘on qilinganlar qatl qilingan boshqa bir qator joylarga yodgorliklar o‘rnatishga sarflash kerak.

Uch yil oldingi reja

2017 - yilning 15 - iyulida prezident Mirziyoyev Bo‘zsuv kanali bo‘yida barpo etiladigan bog‘ loyihasi bilan tanishgan edi. Davlat rahbari rasmiy sayti yangi bog‘ haqida mana bunday yozgan edi:

“Bog‘da kitob o‘qish uchun maxsus joylar, favvoralar, amfiteatr, ko‘rgazma pavilyonlari, sport va sog‘lomlashtirish zonalari, kamonchilar va havaskor baliqchilar klublari tashkil etiladi, zamonaviy attraksionlar o‘rnatiladi. Bog‘ hududga tutash Shahidlar xotirasi xiyoboni bilan o‘zaro uyg‘unlik kasb etadi”.

Qodiriy, Cho‘lpon, Fitratlar otilgan joy

Toshkentning Yunusobod tumanida barpo etilib, 2000 - yilning 12 - mayida ochilgan Shahidlar xiyoboni o‘rnida 1938 - yilning 4 - oktabrida O‘zbekiston siyosiy elitasidan 155 kishi qatl qilinganini yodga soldi tarixchi olim Bahrom Irzayev:

“O‘shanda otilganlar orasida Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Xudoybergan Devonov, Otajon Hoshim, Anqaboy, Akbar Islomov, Isroil Ortiqovlar bor edi”.

Qatl qilingan 155 kishi hamda mehnat lagerlariga hukm qilingan yana 10 kishini qatag‘on qilish to‘g‘risidagi farmoyish 1938 - yilning 28 martida Stalin imzolagan edi.

«Bu insonlar yo‘q dunyoda bir nafas ham yashashni istamayman, meni hozir otasizlar».

“4 - oktabr kuni shunchalar ko‘p odam otiladiki, Abdulhamid Cho‘lponga kelganda hatto o‘qlar tugaydi, otuvchilarning o‘zi ham charchab qoladi. Cho‘lponga seni ertaga otamiz deganida, u: «Bu insonlar yo‘q dunyoda bir nafas ham yashashni istamayman, meni hozir otasizlar», deb turib olgani uchun uning boshini bolta bilan chopib o‘ldirishadi...” deb hikoya qiladi Bahrom Irzayev.

2000 - yilning 12 - mayida ochilgan “Shahidlar xiyoboni” majmuida, prezident Karimov 2001 - yil 1 - mayda imzolagan farmonga binoan, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi qurilgan.

XS
SM
MD
LG