Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Shavkat Mirziyoyev Ursula fon der Lyayenga tabrik maktubi yo‘lladi


Ursula fon der Lyayen
Ursula fon der Lyayen

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ursula fon der Lyayenni Yevropa komissiyasi prezidenti lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan tabriklab, unga maktub yo‘llagan. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘z telegram-kanali orqali ma’lum qildi.

Asadovga ko‘ra, Mirziyoyev o‘z maktubida O‘zbekistonning so‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi bilan keng qamrovli munosabatlarini sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarishda, “O‘zbekistondagi ortga qaytmas tus olgan demokratik va iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda Yevrokomissiya Prezidentining ulkan shaxsiy hissasi bor”ligini urg‘ulagan.

Maktubda O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarda mutlaqo yangi sahifa ochadigan Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitimni tez orada imzolash tarafdori ekani qayd etilgan.

Yaqin kelajakda Samarqand shahrida birinchi “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” sammiti o‘tkazilishi mintaqaviy aloqalarimizni manfaatli loyihalar va dasturlar bilan boyitish yo‘lida muhim amaliy qadam bo‘lishiga aminman", deyilgan prezident Mirziyoyev maktubida.

Germaniyalik siyosatchi Ursula fon der Lyayen nomzodi 18-iyul kuni Yevroparlament tomonidan yana besh yilga Yevropa komissiyasi rahbari lavozimiga tasdiqlangan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Yevroparlamentdagi 720 deputatdan 401 nafari Ursula fon der Lyayen nomzodini yoqlab, ovoz bergan. Bu Yevropa komissiyasi prezidenti bo‘lish uchun zarur bo‘lgan ovoz miqdoridan 40 taga ko‘pdir. Yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgan saylovda 284 nafar deputat Ursula fon der Lyayenga qarshi ovoz bergan, deputatlardan 15 nafari esa ovoz berishdan tiyilgan.

Avvalroq YIga a’zo davlatlar rahbarlari ham Ursula fon der Lyayen nomzodini ma’qullagan edilar.

XS
SM
MD
LG