Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:40

Shovotlik ikkiqat kelin kaltaklangani ortidan molxonada osilgan holda topildi


Molxonada o‘ligi topilgan katqal’alik Muxlisa Qadamboyeva 19 yoshda edi.
Molxonada o‘ligi topilgan katqal’alik Muxlisa Qadamboyeva 19 yoshda edi.

Xorazm viloyati Shovot tuman Katqal’a qishlog‘ida bundan 6 oy oldin turmushga uzatilgan 19 yashar Muxlisa Qadamboyeva 1 - aprel kuni erining uyidagi molxonada osilgan holda topildi.

Ozodlik muxbiri bilan gaplashgan mahalla turg‘unlari va Muxlisaning yaqinlari uning o‘limidan oldin kaltaklanganini aytishmoqda.

Jasad sud-tibbiy ko‘rigidan o‘tkazilgan bo‘lsa ham hanuz oila a’zolariga ekspertiza xulosasi berilmagan.

Hodisa yuzasidan viloyat prokuraturasi tergovgacha surishtiruv o‘tkazgan. Ozodlik muxbiri Muxlisaning eri Murod va qaynona, qaynotasi hamda qaynisi bilan uchrashdi, ammo ular “kelin o‘zini o‘ldirdi, bizda ayb yo‘q”, degan gapdan nariga o‘tishmadi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, o‘limidan bir kun oldin Muxlisa kaltaklanganini aytib, onasiga “meni bu yerdan olib keting, bo‘lmasa o‘ligim chiqadi”, degan.

Ozodlik bilan suhbatda Muxlisaning onasi el yurtga gap - so‘z bo‘lmaslik uchun, o‘zining ta’biricha¸ kaltakdan ko‘karib ketgan qizini qaynota uyida qoldirgan.

Marhuma o‘limidan oldin ota - onasiga yozilgan maktubni ko‘rpacha tagiga tiqib qo‘ygan. Xatda “otam, onam mendan rozi bo‘lsin, men ulardan roziman” degan so‘zlar bitilgan.

Muxlisa 19 yoshida olamdan o‘tdi
Muxlisa 19 yoshida olamdan o‘tdi

Katqal’alik Muxlisa nega o‘ldi?

Ozodlik muxbiri O‘zbekiston g‘arbidagi olis Katqal’a qishlog‘iga safar qilib, Muxlisani o‘limga yetaklagan omillarni o‘rgandi. Surishtiruv asnosida mahalla ahli, maktab muallimlari va qarindoshlar ikki masalada o‘z noroziliklarini bildirishdi. Muxlisani maktabda o‘qitgan keksa muallim Nazira opa shunday a’lochi qizni o‘qitmay, erta erga bergan ota - onani va o‘z kelinini muttasil kaltaklagan quda tarafni qoraladi. Muxlisaning amakisi Farhod aka esa, yuz bergan hodisa ortidan na hokimlik va na uchastka noziri xabar olganidan taajjubda.

O‘zini o‘ldirishgacha olib borildimi?

Mahalliy huquqshunos Marimboy Rajabovga ko‘ra¸ ushbu hodisa Jinoyat Kodeksining 103-modda, " O‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish" bilan malakalanishi mumkin.

"Kelinga rahmsiz muomala qilingan¸ uning sha’ni va qadr-qimmati muttasil ravishda kamsitilgan. Kaltaklangan. Buning oqibatida Muxlisa Qadamboyeva o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga olib borilgani ehtimoli katta. Buni Xorazm viloyat huquq-tartibot organlari diqqat bilan o‘rganishi zarur", - dedi huquqshunos Ozodlik bilan suhbatda.

Ota nimadan norozi?

Kelinning otasi Zafar aka Qozog‘istonda ishlab, oila boqadi. Ozodlik bilan suhbatda qizi kaltaklangan 29 - mart kuni Toshkent orqali Qozog‘istonga uchib ketishi kerak bo‘lgan.

“Qizim telefon qildi. Men uning ovozi ohangidan yig‘layotganini sezdim. "Ota, siz ketgandan keyin meni xo‘rlay boshlashdi", dedi. Qizimning bo‘yida bor edi. Yupatdim. Keyin qudamga telefon qilsam, ha endi, oilada bir shapaloq, ikki shapaloq uriladi, deb gapni olib qochdi. Ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. 1 - aprel kuni qizimning o‘lgani xabarini oldim”.

Amakining ko‘zi oldida do‘pposlandi

Guvohlarning hikoya qilishicha, Muxlisa Odamboyeva o‘limidan ikki kun oldin amakisi Farhod akanikiga ammasining tug‘ilgan kunini nishonlash uchun borgan.

Qayin taraf esa bu tashrifni ma’qullamagan.

"29 - mart kuni Muxlisa peshin paytlari mehmonga keldi. Keyin qudam telefon qilib, nega so‘roqsiz ketdi, deb dag‘dag‘a qildi. Men mayli, o‘zimiz olib borib qo‘yamiz mashinada desam, yo‘q, allaqachon mashina yubordik, dedi. Birozdan keyin Damas kelib to‘xtadi. Ichidan kuyovning ukasi tushib biyimni (kelinoyimni) olib ketish uchun keldim, dedi. Muxlisa endi Damasga yaqinlashganda, ichkaridan bir qo‘l chiqib, uni tortib oldi. Damasniing yon eshigi ochiq edi. Uni tarsillatib ura boshlaganini ko‘rdim", - deydi Muxlisaning amakisi Farhod.

Ozodlik muxbiri Muxlisaning Damasga tiqib olib ketilganida kaltaklanganini ko‘rgan qo‘shnilar bilan ham gaplashdi.

Muxlisaning onasi Rohat opa Ozodlik bilan suhbatda 30 - mart kuni qudasining uyiga qizidan xabar olgani borganini eslaydi:

"Bordim, qizim chiqdi. Hamma yog‘i ko‘kargan. Opa, (ona) meni olib keting bu yerdan, har kuni meni kaltaklashadi, dedi. Men qo‘y qizim, el yurt nima deydi, deb nasihat qildim. Qizim bo‘lsa, “agar bugun tirigimni olib ketmasangiz, ertaga o‘ligimni olib ketasiz”, dedi. Qizim aytganday bo‘ldi. 1 - aprel kuni uning o‘ligini ko‘rdik. Uyini yig‘ishtirayotib ko‘rpachani tagidan xat topib oldim. Xatda “Men o‘lgandan keyin Murod mendan yaxshini topsa, uylanaversin”, degan gap bor edi. Yana ota - onamdan roziman, deb ham yozibdi qizim bechora”,- dedi Muxlisaning onasi.

Kelinning otasi Zafar aka qizini erta uzatganidan pushaymonligini aytdi:

"Men o‘tgan yili yozda uyimni shifer qildirdim. Ota- bola duradgorlar kelishdi. Shunda qizimning yurish - turishini ko‘rib, kelin qilgisi kelibdi. Men qizim hali ësh, deb unamadim. Ular sovchi ustiga sovchi yuborishdi. O‘tgan yili oktabrda to‘yi bo‘ldi¸ mana rasmlari. Lekin ikki hafta o‘tar-o‘tmas har-xil bahona topib, qizimni xo‘rlab boshlashdi. Oxiri o‘ligi chiqdi",- deydi Muxlisaning otasi.

Muallima o‘kinchi

Ozodlik muxbiri shu mahalladagi keksa muallima Nazira opa bilan ham suhbatlashdi. Nazira opa o‘zi o‘qitgan qizlar ichidagi eng a’lochi va eng tirishqoqi bo‘lgan Muxlisaning oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lganidan afsus bildirdi:

"Men Muxlisaning otasi Zafarga necha marta aytdim. Bu qizni o‘qit, dedim. Berma erga, dedim. Chunki Muxlisa faqat a’lo baholarga o‘qidi, tikish - bichish ishlarini ham bilardi. Gulday qiz ota - onaning qoloqligi bois juvonmarg bo‘ldi”.

Shovot tumani hokimi Hakimboy Otaxonov va boshqa mulozimlar Ozodlik muxbiriga tumanda ro‘y bergan oilaviy zo‘ravonlik holati yuzasidan izoh bermadi.

Xorazmning Turkmanistonga tutash Shovot tumanida oilaviy zo‘ravonliklar kuzatiladi.

2021 - yilning 15 - fevralida Shovot tuman Guliston mahallasidagi 30 yashar Doniyor singlisi tushgan Damas haydovchisini urib o‘ldirgan va singlisini qattiq kaltaklagan edi.

XS
SM
MD
LG