Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:32

Siyosiy bo‘hronga yo‘liqqan Tunisda islomiy partiya prezidentga qarshi chiqmoqda


Seshanba kuni Tunis Islomiy partiyasi rahbari va parlament spikeri o‘z partiyasi prezident Kais Saidga qarshi chiqish uchun “milliy front” tuzayotganini aytgan. Bu haqda “The Associated Press” agentligi xabar bermoqda.

Avvalroq prezident Said parlament faoliyatini vaqtincha to‘xtatish, hukumatning yuqori lavozimli mulozimlarini ishdan bo‘shatish va Tunisdagi zaif demokratiyani o‘z nazorati ostiga olish to‘g‘risida qaror chiqargan edi.

“An‑Nahda” partiyasi rahbari Rashid G‘annushiy “The Associated Press” agentligiga video aloqa orqali bergan intervyusida maqsad “demokratik tizimga qaytishni talab qilish uchun” prezidentga bosim o‘tkazish ekanini aytdi.

G‘annushiyning so‘zlariga ko‘ra, prezident yakshanba kuni kechqurun ko‘rgan keskin choralar oldidan o‘tkazilgan umummilliy namoyishlar paytida uning partiyasining bir nechta shahardagi ofislariga hujum qilingan. G‘annushiy hujumlarni amalga oshirgan guruhlar o‘z harakatlarini onlayn muvofiqlashtirgani, ayni guruhlar prezident ko‘rgan choralarni olqishlash uchun poytaxt Tunis ko‘chalarida to‘planganini aytdi.

Guruhlar “anarxist guruhlarga yaqinroq” va prezidentga aloqador, deya da’vo qildi u.

G‘annushiy bu guruhlar mamlakatdagi eng yirik partiya bo‘lmish “An‑Nahda” faoliyatidan norozi oddiy fuqarolar ekani to‘g‘risidagi da’volarni rad etdi.

Prezident Said parlament faoliyatini to‘xtatishga hamda bosh vazir, mudofaa va adliya vazirlarini to‘satdan ishdan haydashga qaror qilganidan keyin Tunis ichida va xorijda ko‘pchilik tashvish izhor qildi.

Dushanba kuni G‘annushiy va boshqalar parlament binosiga kiritilmagan.

O‘nga yaqin fuqarolik tashkiloti, shu jumladan, qudratli “Tunis Umumiy ishchilar ittifoqi” seshanba kuni prezidentdan mamlakatdagi muammolarni hal qilish bo‘yicha yo‘l xaritasini tuzishni talab qilib qo‘shma bayonot berdi.

Bu tashkilotlar, shuningdek, prezidentni “davlat muassasalari faoliyatini to‘xtatish qarorini noqonuniy va asossiz ravishda yana uzaytirish” oqibatlari haqida ogohlantirdi. Tashkilotlar Tunis konstitutsiyasida belgilangan bir oylik muddatga rioya qilish kerakligini eslatdi.

Prezident Said Tunis konstitutsiyasining “millat institutlari va mamlakat mustaqilligiga tahdid yuzaga kelgan va davlat hokimiyatining muntazam ishlashiga to‘siq paydo bo‘lgan” holatlarda ijro etuvchi hokimiyatni o‘z zimmasiga olish imkonini beruvchi bandiga tayangan holda ushbu keskin choralarni ko‘rgan.

Said o‘tmishda konstitutsiyaviy huquq professori bo‘lib ishlagan.

Prezident konstitutsiyaga zid ish tutmayotganini urg‘ulab keladi.

G‘annushiy bu harakatlar davlat to‘ntarishi urinishiga teng keladi, degan iddaolarini takrorladi.

“Biz prezidentni ushbu e’lonlarni bekor qilib, mamlakatda konstitutsiyaviy demokratik tartibni qayta tiklashga chaqirdik”, dedi siyosatchi.

“An‑Nahda” rahbari o‘z partiyasi va boshqa parlament bloklari prezidentga bosim o‘tkazishni ko‘zlab birlashayotganini aytdi.

“Biz prezidentga bosimni kuchaytirish yo‘lida chora ko‘ryapmiz. Tabiiyki, tinch yo‘l bilan. Bundan maqsad demokratik tuzumga qaytish va Tunis xalqining irodasini hurmat qilishni talab qilishdir”, dedi u.

Siyosatchi bosim o‘tkazish maqsadida norozilik namoyishlari va turli aktsiyalar rejalashtirilayotganini qo‘shimcha qildi.

“Biz alohida partiyalar o‘laroq emas, balki oxir-oqibat prezidentni xalq irodasiga bo‘ysunishga va demokratik tizimga qaytishga ishontirish uchun iloji boricha keng ko‘lamli milliy front sifatida ishlashga intilamiz”, dedi G‘annushiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident qaroriga qaramay, parlament onlayn ishlashda davom etdi. Avvalroq koronavirus pandemiyasi tufayli onlayn ishlash rasman tasdiqlangan edi.

Saidning hokimiyatni o‘z qo‘liga olish qarori Tunis qator bo‘hronlarga duchor bo‘lgan bir paytga to‘g‘ri keldi. Xususan, mamlakat koronavirus pandemiyasi hamda o‘sib borayotgan ijtimoiy va iqtisodiy muammolarga yo‘liqqan.

Tunisda 2011 - yilda norozilik namoyishlari ortidan avtokratik rahbar hokimiyatdan ag‘darilgan, natijada arab mamlakatlarida “Arab bahori” deb nomlanuvchi norozilik to‘lqinlari boshlanib ketgan edi.

Tunis bu namoyishlar ortidan ijobiy tomonga o‘zgargan yagona mamlakat o‘laroq ko‘riladi.

Ammo demokratiya Tunisga farovonlik keltirmadi. Mamlakat iqtisodiyoti pandemiyadan oldin ham zaif edi.

Ayni damda mamlakatda ishsizlik 18 foizga yetgan. Joriy yil boshida yoshlar ish o‘rinlari yaratilishi hamda politsiya zo‘ravonligi tugatilishini talab qilib, norozilik namoyishlariga chiqqan edi.

G‘annushiy “boshqa muammolarni yaratish yoki mafkuraviy to‘qnashuvlarni keltirib chiqarish o‘rniga” mana shu muammolar hal qilinishi kerakligini ta’kidladi.

Siyosatchi Tunis aholisi mamlakat “zo‘ravonlikka botib qolishi” oldini olish uchun harakat qilishi kerakligini aytdi.

G‘annushiy “An‑Nahda” partiyasi boshqa hamma qatori “o‘z faoliyatini qayta ko‘rib chiqishi kerakligini” tan oldi.

Ayrimlar partiyani koronavirus pandemiyasini nazorat qilish o‘rniga bor e’tiborini ichki muammolarga qaratishda ayblab keladi.

Siyosatchi partiya katta siyosiy obro‘ga ega ekanini, shu sababli Tunisning iqtisodiy va boshqa muammolari uchun partiyani ayblashayotganini ta’kidladi.

“Ular An‑Nahdaga qarshi nafrat qo‘zg‘atishga qaratilgan ba’zi maqsadlariga erishdilar”, deydi u.

“Biroq, saylovlar orqali partiyalar naqadar ommaviyligi aniqlanadi”, deya qo‘shimcha qildi G‘annushiy.

Partiya rahbari tunisliklar “u yoki bu partiyani emas, Tunisni qutqarish uchun birlashishlari kerak”, dedi.

G‘annushiy 79 yoshga kirgan bo‘lib, “An‑Nahda” partiyasi asoschilaridan biridir.

Siyosatchi joriy yilda o‘tkaziladigan partiya syezdida partiyadan prezidentlikka nomzodini boshqa ko‘rsatmasligini aytdi.

XS
SM
MD
LG