Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 06:10

Sloveniya hukumati Falastinni mustaqil davlat deb tan oldi


Sloveniya hukumati Falastin davlati mustaqilligi va suverenitetini tan oldi. Bu haqda 30-may kuni Sloveniya TIV ma’lumot tarqatdi. Falastin mustaqilligi tamoman tan olinishi uchun hukumat qarori mamlakat Milliy assambleyasi – parlamenti tomonidan tasdiqlanishi lozim. Bu ish yaqin orada amalga oshirilishi taxmin qilinmoqda.

Sloveniya tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon: “Men Sloveniya hukumati bu tarixiy qadamni qo‘yganidan xursandman: isroillik va falastinliklar o‘z farzandlarini o‘z mamlakatlarida tinch, xavfsiz va farovon sharoitda o‘stirish huquqiga egalar. Falastinning tan olinishi bu ikki mamlakat va xalqning birgalikda tinch-totuv yashashi uchun yagona yo‘ldir”, deya bayonot bergan.

Sloveniya TIV Yevropadagi boshqa mamlakatlarni o‘zidan o‘rnak olishga chaqirgan. Vazirlik Sloveniya G‘azo sektorida o‘t ochishning to‘xtatilishi, garovdagilarning ozod etilishi hamda Falastin muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlash uchun islohotlar amalga oshirilishini talab qilishini urg‘ulagan.

Avvalroq 28-may kuni Yevropadagi uch mamlakat – Norvegiya, Ispaniya va Irlandiya Falastin davlati mustaqilligini tan olganini e’lon qilgan edi. Bunga javoban Isroil Oslo, Dublin va Madriddagi elchilarini chaqirib olishini bildirgan.

Isroil bir necha oydan buyon Falastin muxtoriyatiga qarashli G‘azo sektorida harbiy amaliyot o‘tkazib kelmoqda. Amaliyot AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan HAMAS guruhining o‘tgan yil 7-oktyabrida Isroil janubiga uyushtirgan hujumiga javoban boshlatilgan. HAMAS vakillarining o‘shandagi hujumida 1200 dan ziyod odam qurbon bo‘lgan, 250 chog‘li kishi garovga olinib, G‘azo sektoriga olib chiqib ketilgan. Ularning 100 dan ziyodi taqdiri haqida haligacha hech narsa ma’lum emas.

Bu orada HAMAS nazorati ostidagi G‘azo sektori Sog‘liqni saqlash vazirligi Isroilning sektordagi harbiy amaliyoti chog‘ida tinch aholi vakillaridan 36 mingdan ziyod falastinlik nobud bo‘lgani, 80 mingdan ziyod kishi tan jahorati olganini bildirgan.

Falastin davlati mustaqilligiga oid masala Isroil bilan bir qatorda falastinlik arablar davlati barpo qilinishi ko‘zda tutilgan “ikki xalq uchun ikki davlat” konsepsiyasi bilan bog‘liq. Bu konsepsiya 1967-yildagi olti kunlik urushdan so‘ng BMT Xavfsizlik kengashining 242-rezolyutsiyasi shaklida rasmiylashtirilgan. Ayni paytda bu masala yuzasidan Isroilda ham, Falastin siyosiy kuchlari orasida ham hech qachon yakdillik bo‘lgan emas: isroillik siyosatchilar mustaqil Falastin davlati Isroilga muntazam hujumlar uchun bazaga aylanishidan xavfsirashadi, falastinlik radikallarning ko‘pi esa yahudiy davlatining mavjudlik huquqini ham tan olishmaydi.

XS
SM
MD
LG