Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:45

Snos va musodaralar: O‘zbekistondagi islohotlarning "chegarasi"


Toshkent
Toshkent

AQShdagi Arizona davlat universiteti professori Margaret Xensonning yozishicha, shu oy boshida Qoraqalpog‘istonda konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilishiga qarshi o‘tgan qonli norozilik namoyishlari markaziy hukumat vaziyatdan yaxshi xabardor emasligini ko‘rsatib qo‘ygan.

O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboeyva 8 -yul kungi bayonotida Nukusdagi voqealar hokimiyat aholi muammolariga o‘z vaqtida yechim topishga urinmagani natijasi ekanini tan olgandi.

"Har qanday kichik deb qaralgan masala o‘z yechimini topmagan taqdirda, albatta bir kuni katta muammoga aylanadi", degan Norboyeva xonim.

Ammo amerikalik professor Margaret Xensonning Eurasianet nashridagi maqolasida yozishicha, O‘zbekistonda aholi noroziliklariga qaramasdan allaqachon katta muammoga aylanib ulgurgan snos - aholi uylarining noqonuniy buzib tashlanishi hanuz davom etmoqda.

Юнусободдаги снос: Дўконлари бузилган тадбиркор ҳибсда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:14 0:00

Maqola muallifiga ko‘ra, Toshkent shahrida qurilish shirkatlari hamda xususiy mulk egalari o‘rtasidagi tortishuvlarni hal qilishda "sudyalar poraxo‘rlikka qo‘l urmoqda".

"Toshkentning Mirobod ko‘chasidagi gavjum mahallalarning birida ikki qavatli uyning yon tomonida katta harflar bilan ingliz tilida «BMT SOS – inson huquqlarining buzilishi: o‘z uyimdan majburan ko‘chirishmoqda» degan yozuv ko‘zga tashlanadi", deb yozadi muallif.

Uy egasi Dilmurod Mirusmonov o‘z mulki Golden House Development xususiy firmasi tomonidan tortib olinishi oldini olish uchun bir necha yildan beri sudlashib keladi.

Professor Xensonga ko‘ra, Mirusmonov va boshqa shaxslarning qismati Mirziyoyevning qonun ustuvorligini ta’minlash hamda keng tarqalgan korrupsiyaga qarshi kurashish haqidagi va’dalari haqida savollarni tug‘diradi.

Faqat bugina emas.

"Bunday holatlar ortidan markaziy hukumatning qudrati haqida ham savol tug‘iladi", deydi amerikalik tadqiqotchi.

"2016-yilda Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan beri Toshkent va boshqa yirik shaharlar jadal rivojlandi. Mirziyoyev hokimiyatga kelishi bilan mulkni tortib olish holatlari hamda ijtimoiy norozilik ko‘paydi. Bunga javoban, 2019-yilda vazirlik farmoni bilan musodaralar muzlatib qo‘yildi. Bunga qaramay, sudlar farmonga qadar mahalliy hokimlar tomonidan berilgan ruxsatnomaga ega shirkatlarning yonini bosishda davom etmoqda. Ruxsatnomalarning qonuniyligi haqidagi shubhalar bunga to‘siq bo‘la olmayapti. Uy-joy kodeksining 71 va 73-moddalariga ko‘ra, faqat shahar uy-joylari va davlat ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan mulk musodara qilinishi mumkin.

Darhaqiqat, Mirusmonovga qo‘shni oilalarning biri ishini ko‘rib chiqqan bosh prokuror mulkka da’vogar xususiy shirkat ekanligini aytib, uyni musodara qilish to‘g‘risidagi qarorni noqonuniy deb topdi. Bunga qaramay, Mirusmonov sud tizimining barcha bosqichida mag‘lub bo‘ldi", deya davom etadi muallif Eurasianet nashridagi maqolasida.

U toshkentlik faol Farida Sharifning bunday holat ko‘p uchrashi haqidagi so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

Sharifga ko‘ra, boshqa hollarda mulk egalari sudda g‘olib chiqishadi yoki shirkatlar bilan kelishuvga erishishadi, ammo Oliy sud bu qarorlarni bekor qiladi.

Sudlashib kelayotgan mulk egalariga sudyalar qurilish shirkatlaridan pora olayotganini iddao qilishadi.

Sud korrupsiyasini isbotlash qiyin bo‘lsa-da, buni ko‘pincha sudyalarning xatti-harakatlaridan xulosa qilish mumkin, deydi muallif.

Masalan, mulk egalari muayyan sudyalar shirkatlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rish so‘rovlarini e’tiborsiz qoldirayotgani yoki qaror bunday hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun atigi bir necha daqiqa berib, qaror chiqarayotganini aytishmoqda.
Mirusmonovning fikricha, uning ishida sudyalarga "qistirganlar" g‘olib chiqqan.

"Buni boshqacha izohlab bo‘lmaydi", - deb aytgan Mirusmonov Eurasianet nashriga.

Sud qaroridan norozi Mirusmonov Oliy sudga shikoyat qilgan.
Yana bir fuqaro Olga Abdullayeva so‘nggi to‘rt yildan beri o‘z uyidan haydab chiqarilishiga qarshi kurashib keladi. Abdullayeva sudyalardan biri uni shaxsiy uchrashuvga chaqirgani haqida gapirib berdi.

"Pora taklif qilish xayolimga kelmagan", - dedi u.

Abdullayeva sudya «kelishish» jumlasi bilan nimani nazarda tutganini keyinroq anglab yetgan. Uning ishi bo‘yicha qaror chiqarayotganda o‘sha sudya unga:

«Sizni chiqarib yuborishga hech qanday sabab yo‘q, lekin men baribir sizni haydab chiqaraman», - degan.
Bunday tortishuvlarda sud turli xil qaror chiqarayotgani advokatlarning fuqarolik va iqtisodiy ishlardagi korrupsiya haqidagi da’volariga mos tushadi. 2019-yilda advokatlar bilan 20 intervyu o‘tkazib, muntazam ravishda sudyalar pora olayotganini eshitgandim. O‘shanda menga o‘rtacha hisobda barcha fuqarolik va iqtisodiy ishlarning 40 foizi poraxo‘rlik bilan bog‘liq ekanligini aytishgandi.


Muallifning ta’kidlashicha, bu holat O‘zbekistonda sudyalar ko‘pchilik o‘ylagandan ko‘ra mustaqilroq ekanligidan dalolat beradi.

"Korrupsiya endi tizimli bo‘lmasligi, balki individual sudyalarning pora olishga naqadar tayyorligiga ko‘proq bog‘liq bo‘lishi mumkin. Garchi sud hokimiyatining mustaqilligi qonun ustuvorligining poydevori sifatida ko‘rilayotgan hamda Mirziyoyevning chet el sarmoyasini jalb qilish urinishlari uchun muhim bo‘lsa-da, sudlarning javobgarliksiz mustaqilligi ularning neytral hakamlar sifatida rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.

O‘zbekiston o‘z iqtisodiyotini jonlantirib, xorijiy sarmoyani jalb qilishga intilar ekan, mulk huquqlarining buzilishi va norozilik jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari, faollar konstitutsiyaga kiritish taklif qilinayotgan o‘zgartirishlar borasida qo‘shimcha xavotirlarni izhor qilmoqda. Qo‘shni Qozog‘istonda mahalliy amaldorlar mulkni musodara qilib, boyiyotganliklarini hujjatlashtirganman. Xitoyda esa xususiy mulk huquqining buzilishi noroziliklarning asosiy sababchisidir", deya xulosa qiladi Margaret Xenson.

XS
SM
MD
LG