Qarorgohi Britaniyada bo‘lgan Article 19 huquqbonlik tashkiloti reytingida O‘zbekiston jahondagi 161 ta davlat ichida 132-o‘rinni egalladi.
Bu mavqe tashkilotning 2022-yil yakunlariga ko‘ra tuzilgan reytingiga nisbatan bir pog‘onaga yuqori bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston 10 ball bilan (o‘tgan yili 11 ball edi) hali-hamon “so‘z erkinligi inqirozga yuz tutgan” mamlakatlar qatorida turibdi.
Reytingga muvofiq, O‘zbekiston so‘z erkinligi darajasi Qirg‘iziston (113-o‘rin) bilan Qozog‘istondagidan (120-o‘rin) ko‘ra yomonroq, Tojikiston (151-o‘rin) va Turkmanistondagidan (157-o‘rin) ko‘ra esa yaxshiroqdir.
Reytingda so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat eng yaxshi bo‘lgan mamlakatlar o‘laroq Daniya, Shveysariya, Shvetsiya, Belgiya va Estoniya kabilar sanab o‘tilgan, so‘z erkinligi eng bo‘g‘ilgan mamlakat sifatida esa Shimoliy Koreya ko‘rsatilgan.
Reytingni shakllantirishda Internet va OAVdagi senzura, diniy erkinlik, akademik va madaniy muhitdagi erkinlik va boshqalar doxil 25 ta indikatordan istifoda etilgan.
“Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) xalqaro tashkilotining Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan shu yil may oyida e’lon qilingan hisobotida O‘zbekistonda matbuot erkinligi o‘tgan bir yil ichida 11 ta pozitsiyaga yomonlashib, 137-o‘rindan 148-o‘ringa tushib qolgani qayd etilgandi.
RSF hisobotida mamlakatda davlat radiosi rasmiy propaganda bilan shug‘ullanayotgani, xususiy radiostansiyalar yopilib ketishdan cho‘chigani uchun har qanday tanqiddan tiyilib kelayotgani, bosma nashrlar davlat manfaatlariga xizmat qilayotganiga e’tibor qaratilgan.
“Ayrimlarining tahririyati xorijda joylashgan 15 chog‘li internet nashrgina sifatli kontent chop qilib kelmoqda. Ular sirasiga mamlakatda blokirovka qilingan Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining o‘zbek xizmati — “Ozodlik” radiosi ham kiradi”, deyilgan hisobotda nashrlarning qariyb uchdan bir qismi o‘z yoyinini rus tilida amalga oshirishi qo‘shimcha qilingan.