Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 06:06

12 soatlik ish, tahdid va deport. Serbiyaga ishga yuborilgan o‘zbeklar huquqsizlikdan shikoyat qilmoqda


 Haqlarini talab qilgan o‘zbek muhojirlari Serbiyadan deportatsiya qilindi.
Haqlarini talab qilgan o‘zbek muhojirlari Serbiyadan deportatsiya qilindi.

Serbiyaga poliz ekinlarini terishga jo‘natilgan o‘zbek mehnat migrantlarining katta qismi ish beruvchi tomonidan O‘zbekistonga qaytarib yuborildi. Kontrakt shartnomasi buzilganini gapirayotgan o‘zbekistonlik ishchilar Serbiyaga ketish uchun olgan qarzlarini to‘lolmayotganidan arz qilmoqda.

O‘zbekistonliklarni Serbiyaga ishga jo‘natgan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakili vaziyat o‘rganilayotganini bildirdi.

"Ish beruvchi bizni Serbiyadan deport qildi"

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vositachiligida Serbiyaga ishga yuborilgan bir guruh o‘zbek mehnat muhojiri ish beruvchi tomonidan asossiz ishdan bo‘shatib yuborilganini aytmoqda.

Migrantlarning Ozodlikka aytishicha, Serbiyaning Novi-Sad mintaqasidagi Gospodinse tumaniga bodring uzish va tuzlashga borgan 500ga yaqin o‘zbekistonlikning yarmisi pulsiz, mablag‘siz ortga qaytarilgan.

Samarqandning Payariq tumanilik 23 yashar Sherzodbek Normatov serb fermeri dalasida bodring terganlardan biri.

- Bizga Telegram-kanali orqali Migratsiya agentligidan taklif tushdi - Serbiyada ishlashga. May oyida tanlov bo‘ldi. 7-iyun kuni Serbiyaga ishga bordik. Bizga hech qanday dars o‘tilmadi, “Qochib ketsalaring shtraf bor!”, deyishdi. Shartnomalar bizlarni o‘ylamasdan qilingan: ish beruvchi xohlagan payt bizni quvib yuborishi mumkin ekan. Bizga ikkinchi shartnomani Serbiyaga borib o‘qitmasdan qo‘l qo‘ydirishgan. Bir marta agentlik vakilini ko‘rdik, xolos. Serblar, nemislar bizni haqorat qilib, so‘kib ishlatardi. Boshida ish bo‘lmadi, keyin har kuni 12 soatlab ishlatdi, 3-4 soatda 10 minutga dam olish beradi. Odamlarimiz ezilib ketdi!

Serblar haqorat qilsayam, so‘ksayam vazirlik tarafimizni olmadi, aybni o‘zimizga to‘nkadi. Meni sababsiz ishdan bo‘shatib yuborishdi. 14-iyun kuni nemis so‘kkani uchun bolalar ish tashladi. Xususiy agentlik tomonidan katta xarajat qilib borgan bolalar bizga qo‘shilmadi, “Ko‘tarilsak haydavoradi!, deb ishlayapti qo‘rqib. Bilishimcha, u yerga ishga 250 kishi so‘ralgan – bizning Migratsiya agentligimiz 500 kishini tiqqan. Biz Mehnat vazirligiga arz qilsak, shartnomalarimiz bir tiyin ekanligini aytishdi. Hozir Toshkentga keldik, yaqinda bizga deport qo‘yishar ekan, - deydi Sherzodbek.

Haqoratlariga dosh bermagan ishchilar ish tashladi
Haqoratlariga dosh bermagan ishchilar ish tashladi

Ozodlikka yuborilgan videolarda norozi o‘zbek migrantlarning ish tashlashi aks etgan.

- Mana shuncha bola daladan chiqib ketyapti ishdan. Hammasi Agrovidani bollari! Hammani so‘kib, haqorat qilib, shtraf urgani uchun ketyapti daladan! Bittasi ulgurmayapman degani uchun 3-4tasiga shtraf qilib, chiqazvordi. Kuniga 3-4 soat ish beryapti, deydi hafsalasi pir bo‘lgan ishchilardan biri.

Keyingi kadrlarda Belgrad aeroportida o‘tirgan o‘zbek muhojirlari aks etgan.

O‘zbekistonlik ishchilar asossiz ravishda muhojirlik tartibini buzganlikda ayblanib, chiqarib yuborilayotganliklarini aytishadi.

- Bizni Belgrad aeroportidan hozir majburiy chiqazvoryapti. Biletni 35 ming so‘mdan olib kelgan ekan, lekin bizga 46 mingdan hisoblayapti. Mana shuncha odam chiqib ketyapti Serbiyadan, deydi ish beruvchi tomonidan O‘zbekistonga deport qilinayotgan ishchilardan biri.

"Serbiyaga qarz olib kelganmiz - qanday to‘laymiz?"

Xorazmlik Maftuna Nazarova konserva zavodida ishlagan. U 4 nafar bolaning yolg‘iz boquvchisi:

- Men borganimdan keyin Gospodinse degan joyda konserva zavodda ishladim. Odamlarimizni shunchalik ishlatishadiki, chivinchalik qadri yo‘q! Och qolgan paytlarimiz bo‘ldi. 2-3ta qo‘lqop kiyib, qo‘llarim qavarib terisi tushdi. Hammamiz borib kasal bo‘lib qoldik – 20 kunlab yotdik. Biz bodringlarni bankaga joylardik. Oyoqlarimiz tagi doimo nam, suv, qo‘llarimiz zaxda. 1 kun dalaga ishga chiqqandim, 10 soat yerga qarab yotasiz, ximikatlar sepilgan. 8 kun ishsiz yotdim va keyin O‘zbekistonga ish beringlar, deb murojaat qildim. Bu yerga kelishim uchun 800 dollar o‘z pulimni sarflagandim, qarz qilib olganman. Bu yerga qaytib kelib qarzni qanday uzishni bilmay o‘tiribman. So‘ragan narsam – kompensatsiya beringlar, qarzlarimdan qutulay, 4 bolam bor, invalid ukam bor. Uyimni taqillatib kelishyapti. Bitta chorasi – uyimni sotaman, keyin bolalarim bilan qayerga boraman, bilmadim…

Bir yarim oy konserva zavodida bodring tuzlagan Maftuna qo‘llari terisi ximikatlardan shilinib ketgani aks etgan fotosuratlarni taqdim etdi.

Ozodlik bilan gaplashgan migrantlarning aytishicha, ish beruvchi haligacha ular nima uchun muddatidan oldin ishdan bo‘shatilgani yuzasidan tushuntirish bermagan.

Ozodlikka yuborilgan videolardan birida Serbiyada ishsiz qolgan o‘zbekistonliklar mahalliy mardikor bozoriga chiqishga majbur bo‘lganliklarini aytishadi:

- Biz ishga kelganmiz, lekin ish yo‘q. Migratsiya agentligi 800 yevro va’da qilgan edi. 700 yevro qarz olib kelganman – ish yo‘q.

- Shaxsan o‘zim ham 850 dollar bilan kelganman, 100 dollar cho‘ntagimda olib kelganman. Bir necha kun bo‘ldiki, ishga chiqqanimiz yo‘q, mardikor bozorida turibmiz. Mardikor bozorida ham hech kimga keragimiz yo‘q, bizni eshitadigan, javob beradigan odam yo‘q. Kimga murojaat qilishni bilmaymiz.

- Migratsiyaga telefon qilsak “Bo‘ladi, bo‘ladi, shoshmang!”, deydi, ish esa o‘zi mavsumiy 3-4 oylik. Biz harajat qilib kelganmiz, yana bizdan 250 yevro saqlab qolar ekan. Biz faqat yo‘l haqini ishlab ketamizmi?

O‘zbek ishchilari ish beruvchi tomonidan tinimsiz haqorat qilib kelingani va har bir noto‘g‘ri harakat uchun jarimaga tortilganini gapiradi. Ular jo‘natgan kadrlardan birida nemis tilida so‘zlashuvchi ish beruvchi ularga baqirayotganini ko‘rish mumkin.

Mehnat vazirligi: Ish tashlash tufayli serblar 50 ming dollar zarar ko‘rgan

O‘zbekistonlik ishchilar shartnoma shartlari buzilgani ustidan Mehnat vazirligi mutasaddilariga arz qilishgan.

Videoda Serbiyadagi o‘zbek muhojirlari huquqlari himoyachisi deb tanishtirilgan Nigora ismli bu Mehnat vazirligi mutasaddisi ishchilarga "O‘zingiz aybdor! Har kim o‘zi uchun o‘zi javob berishi kerak!" deyayotganini ko‘rish mumkin.

Nigora vaziyat borasida Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortdi va Mehnat vazirligi matbuot xizmatiga murojaat qilishni tavsiya qildi.

O‘zbekiston Tashqi mehnat nigratsiyasi agentligi Matbuot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov Serbiyadagi o‘zbek ishchilari bilan bog‘liq vaziyat vazirlik nazoratida ekanini bildirdi.

- Mendagi ma’lumotga ko‘ra, u yerga jami 435 fuqaro ketgan. Tanlov o‘tkazish, jo‘natish qiyinligini tushunib, u bizga murojaat qilgandi. Qolgan tanlovni tashkillashtirib, biz har bir ishchiga sharoitlar, nima ish qilishi va hokazolarni tushuntirib, shartnoma tuzilgan. Ko‘pchilikka u yerda ish yo‘q ekan, degan gap biroz noto‘g‘ri. Fuqarolarimizga aytilgan qishloq xo‘jaligida ishlaysan, deb, balki ishi qiyinroqdir.

15 -iyul kuni borgan 10-15 kishi “Ishlamaymiz!”, degan va boshqalarni ish tashlashga, oylikni ko‘taradi degan umidda undagan – qolganlarni yarmisi qo‘shilgan. Bir necha kun ishlamagan ular, ish beruvchi bilan nizo bo‘lgan. Ish beruvchi shunday deyapti, 3 gektar yerdan 50 ming dollar zarar ko‘rgan – biz uni borib o‘rganmoqchimiz endi. Agarda ish beruvchi boshqa kontraktga imzolatgan bo‘lsa – bu ish beruvchining aybi bo‘ladi. Shu sababli bu narsa boshqalar maoshiga ta’sir qilgan. Ishdan ketgan fuqarolar oldimizga kelishdi va biz vaziyatni o‘rganmoqyapmiz. Chunki ish beruvchi bilan ishchilar o‘rtasidagi ma’lumotlar farq qilyapti, dedi vazirlik so‘zchisi.

Bodring teruvchi kombayndagi o‘zbek muhojirlari
Bodring teruvchi kombayndagi o‘zbek muhojirlari

Vazirlik mutasaddisi ishchilar oziq-ovqatdan ham shikoyat qilganini tasdiqladi. U hozirda Serbiyaga jo‘natilganlardan 300dan ortig‘i o‘z ishini davom ettirayotganini qo‘shimcha qildi.

Suhbatdosh ko‘pincha ish beruvchilar shartnoma bo‘yicha O‘zbekistondan ishga borayotganlarning katta qismi qochib ketayotganidan shikoyat bildirayotganini ham aytdi.

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi (TMMA) ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil davomida O‘zbekistondan Rossiyaga uyushtirilgan holda atigi 4 mingga yaqin odam jo‘natilgan. Migratsiya mutaxassislariga ko‘ra, bu raqamlar mehnat migrantlariga Rossiyaga uyushmagan holda kelib, ishlab ketish qulayligini ko‘rsatadi. Idora hisob-kitobicha, uyushmasdan ishga ketayotgan o‘zbekistonliklar soni rasman 2 mln 400 ming kishini tashkil etadi.

Serbiyada ishi yurishmagan muhojirlar u yerda qolayotgan yurtdoshlari "majburlikdan ishlayotgani" va haq-huquqsiz qolayotganini aytishmoqda.

Bu muhojirlarning aksari hozir ishsiz va qarzga botgan, deydi Sherzod Normatov.

- Bizning yagona talabimiz – moliyaviy yordam ko‘rsatishini xohlaymiz, hech bo‘lmaganda, ketkizgan xarajatlarimizni kompensatsiya qilib berishsin. Pulsiz kelgan joyimiz, hatto rasxodlarimizni qololmadik.

Ozodlikning aksar migrantlar Rossiyaga o‘z yo‘llari bilan borishni afzal ko‘rayotgani haqidagi lavhasi e’lon qilinganidan keyin Tashqi Mehnat migratsiyasi agentligi o‘z Telegram-kanalida rasmiy bayonot bilan chiqdi.

- ...O‘zbekistonlik mehnat migrantlarining uzoq yillar davomidagi muammolarini minimallashtirish maqsadida xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni tashkillashtirilgan holda ishga jo‘natish amaliyoti joriy etilgan. Ya’ni, biror davlatga ishga ketishdan oldin ish va yashash sharoitlari, yetib borish hamda ish haqi masalalari haqida ma’lumotga ega bo‘lishdan avvalo mehnat migranti manfaatdor va bu xorijda duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni imkon darajasida kamaytiradi.... Ayniqsa, pandemiya cheklovlari sharoitida tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi tizimining afzalliklari ko‘proq namoyon bo‘ldi, deyiladi agentlik bayonotida.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi endilikda migrantlar Rossiya o‘rniga Serbiya va Germaniya singari davlatlarga jo‘natilayotgani, joriy yil o‘tgan 7 oyi yakunlari bo‘yicha tashkillashtirilgan holda ishga jo‘natilgan fuqarolar soni 8 mingdan oshganini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG