Oliy Majlis senatining 21-sentyabr kungi 57-yalpi majlisida xalq tabobati sohasidagi faoliyat yuritish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan fuqarolarni davolashga urinish uchun ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilgan qonun ma’qullandi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi maxsus komissiya ijozatini olgan shaxslar xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli. Ammo qonunchilikda bu borada tegishli litsenziya olmay tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotgan shaxslar, ya’ni soxta tabiblarga nisbatan javobgarlik choralari nazarda tutilmagandi.
Senat xabarida ta’kidlanishicha, buning oqibatida fuqarolar soxta tabiblarning qurboniga aylanmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, soxta tabiblik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 30 baravarigacha jarima va 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoq jazolari joriy etilmoqda.
Qonun bilan mazkur xizmatlarni omma oldida targ‘ib qilganlik uchun ham ma’muriy javobgarlik o‘rnatilmoqda.
Keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda tabiblik iddaosi bilan chiqqan shaxslarning sog‘lom aqlga zid davolash usullari aks etgan videolar ko‘paygani kuzatilmoqda.