Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 07:47

SSSRni saqlash referendumiga 30 yil to‘ldi. Ittifoqda qolishni O‘zbekiston rahbariyati targ‘ib qilgan edi


30 yil oldingi "Pravda" gazetasi "Buyuk ittifoqni saqlash" chaqiriqlari bilan to‘la
30 yil oldingi "Pravda" gazetasi "Buyuk ittifoqni saqlash" chaqiriqlari bilan to‘la

Bundan 30 yil oldin - 1991 - yilning 17 - martida SSSR va uning tarkibiy qismi bo‘lgan O‘zbekistonda o‘tkazilgan referendumda qatnashganlarning 93,7 foizi SSSRni saqlash uchun ovoz bergan edi.

Referendum arafasida respublikadagi barcha axborot vositalarida SSSR tarkibida qolish g‘oyasini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan kengqamrovli kampaniya o‘tkazilgan. Bu g‘oyaga qarshilarning fikri eshitilmagan, eshittirilmagan, chunki mustaqil nashrlar bo‘lmagan.

Oradan bor-yo‘g‘i 9 oy o‘tib o‘zbekistonliklarning 97 foizi SSSRga qarshi ovoz bergan edi.

Shavkat Mirziyoyev davriga kelib, Toshkent jadal sur’atlar bilan yana Moskva bilan yaqinlashayotganini kuzatuvchilar aytmoqda.

Referendumga oid hujjatlarda (Gruziya, Estoniya, Latviya, Litva, Moldaviya va Armaniston referendumda qatnashmagan) Sovet Ittifoqining referendum o‘tkazilgan respublikalarida jami 80 foiz, O‘zbekistondan esa 95,4 foiz saylovchi ishtirok etgani yozilgan.

O‘zbekiston muxolifati haqidagi kitob muallifi¸ xozir AQShda yashayotgan Bahodir Fayzga ko‘ra¸ o‘sha paytda O‘zbekiston Kompartiyasi nazoratidagi barcha OAV SSSRni saqlab qolish zaruratini urg‘ulagan targ‘ibotni olib borgan.

Bahodir Fayzning bu so‘ziga referendum arafasida o‘zbek matbuotida chop qilingan maqolalar dalil bo‘la oladi.

1991 - yil mart oyidagi "Xalq so‘zi " gazetasi
1991 - yil mart oyidagi "Xalq so‘zi " gazetasi

1991 - yil 16 va 17 - martda chop qilingan “Xalq so‘zi” gazetasi “Buyuk SSSRni saqlab qolish” qolish chaqiriqlari bilan to‘lgan.

“Xalq so‘zi” gazetasining 16 - mart, shanba kuni chop qilingan 54-sonining birinchi varag‘ida “Buyuk Ittifoq davlatimizni saqlab qolaylik” sarlavhali bosh maqola chop qilingan.

Gazeta bosh varzag‘ida esa “Ertaga fuqarolik burchimizni bajaramiz. Lotinchada referendum – o‘zbekchada dil izhori”, degan shior o‘rin olgan.

Gazetaning 16 - mart kungi soni o‘zbeklarni “SSSRni saqlab qolish referendumida “ha” deb ovoz berishga” targ‘ib qiladi.

“Xalq so‘zi”ning 17 - mart soni “Taqdir chegarasi” va “SSSR prezidenti ovoz beradi” sarlavhali maqolalar turkumi bilan ochiladi.

«Sovet O‘zbekistoni» va boshqa nashrlar shoir Abdulla Oripovning «Ulug‘ Sovet oilasida mangu yorug‘ maskanim manim» deya SSSRni ulug‘lagan she’rini qayta chop qilishdi.

“Xalq so‘zi” muxbiri O‘zkompartiya mulozimi Dilmurod Mahmudovdan iqtibos keltirib, referendum arafasida respublika rahbariyati SSSRni saqlab qolish uchun ulkan targ‘ibot ishlari olib borganligini ta’kidlaydi.

Gazetaning oxirgi sahifasida O‘zbekiston SSR okruglaridagi referendum natijalari e’lon qilingan, bu ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbek saylovchilarning 93,7 foizi “SSSRni saqlab qolish uchun” ovoz bergan.

Taxlilchi Baxodir Fayz
Taxlilchi Baxodir Fayz

Taxlilchi Baxodir Fayzga ko‘ra¸ O‘zbekistonda SSSRni saqlab qolish vazifasini o‘sha paytdagi O‘zKompartiya rahbari Islom Karimov bajargan.

Moskvadagi 15 respublika totuvligi ramzi bo‘lgan haykal
Moskvadagi 15 respublika totuvligi ramzi bo‘lgan haykal

Referendum paytida parlament fraksiyasi bo‘lgan «Erk» demokratik partiyasi lideri Muhammad Solih Ozodlik bilan suhbatda 1991 - yil bahorida bo‘lgan referendumni boykot qilish borasida «Erk» demokratik partiyasi qator tadbirlar o‘tkazganligini aytdi.

"Erk" partiyasi lideri Muhammad Solih
"Erk" partiyasi lideri Muhammad Solih

Suhbatdoshga ko‘ra, 1991 - yil O‘zbekiston parlamentida ozchilikni tashkil qilgan “Erk” demokratik partiyasi referendumda SSSRga qarshi ovoz berishga chaqirgan va SSSRga qarshi varaqa chop qilib, aholi o‘rtasida tarqatgan.

Baxodir Fayzga ko‘ra¸ referendumda qo‘yilgan savol borasida o‘sha davr O‘zbekiston ziyoli qatlamlari orasida ham mustaqillik borasida yaxlit fikr bo‘lmagan.

«Marhum muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf boshchiligidagi O‘rta Osië musulmonlari idorasi SSSRni saqlab qolish tarafdori bo‘lgan. O‘zbekiston «Birlik» xalq harakatining referendum masalasidagi nuqtai nazari “Oldin demokratiya, keyin mustaqillik“ degan tezisda ifoda topgan edi».

Oradan 30 yil o‘tsa ham SSSR tarafdorlari shashti susaymagan
Oradan 30 yil o‘tsa ham SSSR tarafdorlari shashti susaymagan

O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida muxolifat faoli bo‘lgan Mirza Anvar Hamidov eslaydi:

"Men 1990 - yillarda “Oldin demokratiya, keyin mustaqillik“ degan fikrda edim. Adashmasam, biz avval demokratiyani Boltiqbo‘yi respublikalaridan o‘rganishimiz kerak, deganimda, ko‘pchilik menga qarshi bo‘lishgan. "Erk" demokratik partiyasi Yoshlar qanoti yig‘ilishida shu gaplarni aytib, o‘sha respublikalarga o‘zimizdan bir guruh yoshlarni yuborishni taklif qilganman. Yig‘ilish qabul qilmagan...Mustaqillik shuni ko‘rsatdiki, bizning xalqimiz hali demokratiyani yetarlicha tushunmas ekan. Bizning mentalitetimiz feodalistik tuzum darajasida qotib qolgan! Shuning uchun mustaqillikdan keyin bizda amalparastlik, kleptokratiya, korrupsiya avjiga chiqib ketdi!"

Muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning saylovoldi dasturi
Muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning saylovoldi dasturi

1991 - yili «Birlik» xalq xarakati Markaziy kengashi a’zosi bo‘lgan Shuhrat Ismatullayev Ozodlik bilan joriy yil 15 - martida qilgan suhbatida «referendumda qo‘yilgan savolning o‘zi chalg‘ituvchi bo‘lganini» eslaydi. Ismatullayevga ko‘ra «Yangilangan Ittifoqqa yo‘q deganlar mazmunan eski SSSR tarafdori» bo‘lib qolar edi.

Ismatullayevga ko‘ra¸ o‘sha davrdagi "Birlik"ning oddiy a’zolari «Biz ham Litva kabi mustaqillik xohlaymiz» degan varaqa tarqatishgan.

1991 - yilgi o‘zbek matbuoti esa, «Ayrilganni ayiq yer» maqolini sarlavhaga chiqarib "dono xalq SSSRni saqlab qolish uchun ovoz berganligini" mamnuniyat bilan xabar qilgan edi.

1991 - yilning 17 - martida O‘zbekiston SSRning referendumda qatnashgan vatandoshlardan 93,7 foizi “SSSR qolsin”, deb ovoz berdi.

Olti davlat bosh tortgan referendumda O‘zbekiston hukumati «peshqadam» bo‘ldi.

1991 - yil 17 - mart kuni SSSR rahbari Mixail Gorbachev ovoz bermoqda
1991 - yil 17 - mart kuni SSSR rahbari Mixail Gorbachev ovoz bermoqda

Gorbachev hurriyati mevasi o‘laroq, “mustaqillik paradlari” ortidan o‘tkazilgan SSSRni saqlab qolish referendumida Boltiqbo‘yi respublikalari qatnashishdan bosh tortgan edi.

SSSR Markaziy saylov komissiyasi e’lon qilgan referendum natijalariga ko‘ra, saylovda qatnashganlarning 76,4 foizi Sovet Ittifoqi saqlab qolinishi uchun ovoz berdi, oltita ittifoqdosh respublika (Litva, Estoniya, Latviya, Gruziya, Moldaviya, Armaniston) bu referendumda qatnashmadi.

Bu respublikalar o‘z parlamentlari tarafidan mustaqillik baënnomasi e’lon qilingani sababi bilan bu referendumni boykot qilishdi.

Referendumda eng ko‘p ovoz berishda o‘zbekistonliklar faqat Turkmanistondan orqada qolishdi, xolos.

O‘shanda Turkmaniston SSR fuqarolari 97,9 foiz ovoz berib, SSSR tarafdorligi bo‘yicha rekord qo‘yishdi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 1991 - yilda
O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 1991 - yilda

O‘zbekiston parlamenti 1991 - yil 31 - avgustda mamlakat mustaqilligini e’lon qildi. Rahbariyat SSSRdan ajralish masalasini yana referendum vositasida aniqlashga ehtiyoj sezdi.

1991 - yil dekabrida o‘tkazilgan prezident sayloviga ilova sifatida referendum ham o‘tkazildi. “Siz O‘zbekistonning SSSRdan ajralib mustaqil bo‘lishini istaysizmi?” degan savol qo‘yildi.

Oradan bor-yo‘g‘i 9 oy o‘tib endi o‘zbekistonliklarning 97 foizi SSSRga qarshi ovoz berishdi.

"SSSRni saqlab qolishni istagan mulozimlar «mustaqillik qahramoni» deya o‘zlarini tamsil qilishdi", deydi Bahodir Fayz:

«Ammo tarix degan ilm bor. Bugun mustaqillik me’mori deya ulug‘lanayotganlarning aslida mustaqilllikka qarshi bo‘lgani arxiv hujjatlarida turibdi»

«Back In The U.S.S.R.»

Bundan 5 yil oldin Ozodlik radiosi rus xizmati davra suhbatida ishtirok etgan rossiyalik siyosatchi Viktor Aksyuchits «ajralgan respublikalarning ona Rossiya bag‘riga albatta qaytarilishini» aytgan edi.

«Parchalangan ammo davlat quruvchi fitrati bo‘lgan rus xalqi toki tirik ekan, u o‘z davlati butunligini qayta tiklashga intiladi. Bu obyektiv tarixiy jarayon. Bu jarayonning tez yoki sekin qonli yoki qurbonsiz bo‘lishi siyosatchilarga bog‘liq»

Joriy yilning mart oyiga kelib LDPR fraksiyasi yetakchisi Vladimir Jirinovskiy "Govorit Moskva" radiostansiyasi orqali chiqish qilib O‘zbekistonni Rossiya tarkibiga guberniya sifatida qo‘shishni taklif etdi.

Jirinovskiy 2018 - yili Tojikistonga safar chog‘ida
Jirinovskiy 2018 - yili Tojikistonga safar chog‘ida

Karimov davrida Rossiyadan masofa ushlagan O‘zbekistonning Mirziyoyev davriga kelib jadal sur’at bilan Kreml bilan yaqinlashayotgani kuzatildi. YeOIIga a’zolik bo‘sag‘asida turgan O‘zbekiston yana 30 yil oldingi kabi tanlov oldida turibdimi?

Angrenda sovet askariga qo‘yilgan haykal
Angrenda sovet askariga qo‘yilgan haykal

O‘zbekiston mustaqilligi yana savol ostiga olindimi? Anqarada siyosatshunoslik bo‘yicha ilmiy ish yozayotgan Firdavs Annageldiyevning Ozodlikka aytishicha, bu ritorik savol emas:

«Ulug‘ vatan urushi» va «G‘alaba» degan va yaqin o‘tmishda siyosiy lug‘atdan tushgan Sovet vatanparvarligini ifoda qiluvchi so‘zlarni joriy prezident reanimatsiya qilgani - fakt. Qolaversa yangi joriy qilinayotgan «milliy mafkura» ramzlaridan biri sifatida «G‘alaba» tushunchasi tanlandi. Buni yoniga Jirinovskiyning bemalol «Yangi O‘zbekistonga» kelib aziz mehmon bo‘lganligini qo‘shsak, mustaqillik masalasidagi tanlovni mahalliy rahbariyat o‘zaro qilgan ko‘rinadi».

Sovet O‘zbekistoni. Maks Penson fotosi
Sovet O‘zbekistoni. Maks Penson fotosi

XS
SM
MD
LG