Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:37

SSSRni tiklash tarafdori bo‘lgan samarqandlikning ozodligi cheklandi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahri sudi O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuzda ayblangan fuqaroga nisbatan hukm chiqargan. Bu haqda Gazeta.uz nashri o‘z tasarrufidagi sud qaroriga tayangan holda xabar qildi.

Nashr qaydicha, samarqandlik 74 yoshli E. Hasanov 2021-yili rossiyalik Oleg Turishkinning ma’ruzalarini tinglay boshlagan. Rossiya fuqarosi undan: “SSSR fuqaroligidan chiqish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilganmisiz?” deb so‘ragan, “yo‘q” javobini olganidan so‘ng esa uni “Gos.reyestr SSSR” nomli guruhga qo‘shib qo‘ygan. Oradan vaqt o‘tib, Oleg Turishkin fuqaroga “SSSR fuqarosi” degan guvohnomani pochta orqali jo‘natgan.

Sud qarorida keltirilishicha, E. Hasanov YouTube orqali Aleksey Ivanovich ismli odam bilan tanishgan, so‘ngra 2023-yil 3-yanvarida Moskvaga borib, u yerda Sovet Ittifoqini tiklash uchun tarafdor to‘playotgan odamlar bilan uchrashgan. Ular SSSR hali qonunan tarqalmagani, Iosif Stalin davridagi Konstitutsiya va qonunlarga qaytishini, 15 ta davlatni qonuniy yo‘llar orqali tez yillarda birlashtirishlarini aytishgan.

Sudlanuvchi o‘tgan yilning mart oyida “Uzbekskaya SSR/SSSR” Telegram-guruhiga qo‘shilgan. U yerda “O‘zbekiston mustaqilligi yuzaki ekanligi, hozirgi kunga qadar rasman sobiq Sovet Ittifoqi tarqalmaganligi, uning tarkibiga kirgan 15 ta respublika AQSH yordamida o‘zboshimchalik bilan mustaqilligini e’lon qilganligi va tez orada sobiq ittifoq davlatlari qaytib SSSRga qo‘shilishlari” haqidagi materiallarni joylashtirgan”, deyilgan Gazeta.uz nashrining sud qaroridan iqtibos olib yozgan xabarida.

Kompleks sud-siyosatshunoslik lingvistik ekspertizasi E. Hasanov materiallarida O‘zbekistonning amaldagi davlat tuzumini konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirish, buzishga ochiqdan ochiq da’vat qiluvchi g‘oyalar mavjudliga haqida xulosa bergan.

U Telegram'dagi guruhga Samarqand viloyati bo‘yicha “VKPb” kotibi hisoboti o‘laroq “Vsesoyuznaya Kommunisticheskaya partiya Bolshevikov goroda Samarkanda” deb nomlangan maqolani joylashtirgan.

Nashrga ko‘ra, sudlanuvchi mahkamada o‘z aybini tan olmagan, biroq suddan jazoni yengillashtirishni so‘ragan.

Samarqand sudi E. Hasanovni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-moddasi 1-qismi (O‘zbekistonning amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga, hokimiyatni bosib olishga yoxud qonuniy ravishda saylab qo‘yilgan yoki tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga yoxud O‘zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof tarzda buzishga ochiqdan-ochiq da’vat qilish, shuningdek, bunday mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) bilan aybdor deb topib, unga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Shu bilan birga, unga soat 22:00 dan 6:00 gacha xonadondan chiqish, nazorat organining ruxsatisiz yashash joyini o‘zgartirish, Samarqand viloyati hududidan tashqariga chiqish, internet tarmog‘idan foydalanish taqiqlangan.

XS
SM
MD
LG