Линклар

 
Strategik sheriklik: Toshkent va Parij o‘rtasida 10 dan ziyod hujjat imzolandi
Шошилинч хабар
13 апрел 2025, Тошкент вақти: 10:03

Strategik sheriklik: Toshkent va Parij o‘rtasida 10 dan ziyod hujjat imzolandi


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev fransiyalik hamkasbi Emmanuel Makron bilan, Parij, 2025-yil 12-marti (president.uz fotosi)
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev fransiyalik hamkasbi Emmanuel Makron bilan, Parij, 2025-yil 12-marti (president.uz fotosi)

O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yangi darajaga ko‘tarildi. 12-mart kuni Parij shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida ikki davlat prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qilishgan.

Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Mirziyoyevning Parijga safari mobaynida quyidagi hujjatlar imzolangan:

- O‘zbekiston–Fransiya universitetini tashkil etish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;

- Tashqi ishlar vazirliklarining 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;

- 2026-2030-yillarda Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik dasturi;

- Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;

- Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;

- Fransuz tilini o‘qitishni kengaytirish to‘g‘risida bayonnoma va boshqa hujjatlar.

Shuningdek, davlat rahbarlari huzurida Mutaxassislar va talabalar harakatchanligi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, Diplomatik pasport egalarini viza talablaridan o‘zaro ozod qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim hamda Fransiyaning yetakchi kompaniyalari bilan O‘zbekistonda 6,5 milliard yevrolik istiqbolli kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi Investitsiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik dasturi almashilgan.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2024-yilda ikki davlat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi ilk bor bir milliard yevrodan oshgan. Qo‘shma loyihalar portfeli 12 milliard yevroga yetgan.

Bu Mirziyoyevning Fransiyaga so‘nggi yillarda amalga oshirgan uchinchi tashrifidir. U bunga qadar 2018-yil oktyabr va 2022-yil noyabr oylarida ham mazkur davlatda rasmiy tashrif bilan bo‘lgan edi.

2023-yil noyabr oyida esa prezident Emmanuel Makron O‘zbekistonga tashrif buyurgan.

O‘zbekiston prezidentining Parijga safari arafasida qator huquqbonlik tashkilotlari Makronni Mirziyoyevga rasmiy Toshkent tomonidan inson huquqlari va so‘z erkinligi rioya qilinishi borasida bosim o‘tkazishga chaqirishgan .

Fransiya O‘zbekiston strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatgan o‘n yettinchi davlat bo‘ldi. Hozirga qadar rasmiy Toshkent AQSH, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Koreya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Ozarbayjon, Vengriya, Hindiston, Pokiston, Qatar hamda BAA bilan strategik sheriklikka doir hujjat imzolagan.

XS
SM
MD
LG