Sudanda armiyaga qarashli transport uchog‘i halokatga uchragani oqibatida yuqori lavozimli harbiylar doxil 40 dan ziyod kishi qurbon bo‘lgan. Bu haqda axborot agentliklari vrachlar va harbiy doiralardagi manbalardan olingan ma’lumotlarga tayangan holda xabar qilmoqda.
Associated Press agentligi keltirgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, aviahalokat chog‘ida 46 kishi o‘lgan, kamida 10 kishi jarohat olgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Transport uchog‘i hozircha aniqlanmagan sabablarga ko‘ra poytaxt Xartum aglomeratsiyasiga kiruvchi Omdurman shahri harbiy aerodromi yaqinidagi aholi zich yashaydigan mavzega qulagan. Xabarlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida harbiylar ham, oddiy fuqarolar ham bor.
Dastavval uchoq bortida 19 kishi bo‘lgani xabar qilingandi, keyinroq hodisa chog‘ida 20 kishi o‘lgani haqida bildirilgan, so‘ngra esa qurbonlar soni 40 nafardan oshgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan. Aftidan, nafaqat uchoq bortida bo‘lgan, balki yerda bo‘lgan odamlar ham nobud bo‘lgan, chunki uchoq qulash chog‘ida turarjoy binosiga borib urilgan.
Fojiada qurbon bo‘lganlar orasida hukumat armiyasi sarkardasi, avval poytaxt Xartum garnizoni boshlig‘i lavozimini egallagan general-mayor Bar Ahmad ham bor.
Sudanda hukumat armiyasi va o‘zlarini “Tezkor javob kuchlari” deb ataydigan guruh o‘rtasida fuqarolik urushi davom etmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uchoq qulashiga harbiy harakatlar emas, balki texnik nosozlik sabab bo‘lgan.