Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni tadqiq etish markazi (OCCRP) va “Vlast” jurnalining yangi surishtiruviga ko‘ra, film Nazarboyevga manzur bo‘lgan, shundan so‘ng kartina mualliflari boshqa avtoritar rahbarlarga shu kabi filmlar suratga olish orqali ularning kirlangan reputatsiyasini “tozalab berish”ni taklif qilgan.
“Ko‘rasizlar hali! Har biringiz! Sizlarni bilamiz! Manbalaringizni ham fosh qilamiz! Obro‘yingizni bir pul qilamiz!” – qichqiradi Igor Lopatyonok diktatorlarni madh etuvchi loyihalari haqida savol bergan jurnalistlarga.
Lopatyonok tahdiddan so‘kinishga o‘tgach, OCCRP jurnalistlari u bilan intervyuni to‘xtatishadi.
“Qazaq. Tilla inson tarixi” filmi – Qozog‘istonni qariyb 30 yil boshqargan Nursulton Nazarboyevga madhnoma. Film sobiq prezidentning Hollivud rejissyori Oliver Stounga bergan intervyusi asosiga qurilgan bo‘lib, unda Nazarboyev bolaligini eslagan, qanday karyera qilgani, SSSR parchalanishi va Qozog‘iston davlati tuzilishi haqida hikoya qilgan. Kinotanqidchilar 2021-yilda taqdimot qilingan mazkur filmni xushomad deb atashgan edi.
OCCRP jurnalistlariga ko‘ra, filmni suratga olish 2019-yil oxirlarida – Nazarboyev prezident lavozimini tark etgan, lekin keng vakolatlarini saqlab qolgan va davlat apparatiga ta’sirini o‘tkazishda davom etgan paytda boshlangan.
“Nazarboyev o‘z imijini yaxshilash maqsadida filmni tinimsiz tahrir qilardi”, - deydi kartina ustida ishlagan jamoa a’zolaridan biri OCCRP surishtiruvchilari bilan suhbatda.
Sakkiz qismli film davlat telekanalida bir martagina namoyish qilindi. Oradan bir oy o‘tib mamlakatda ommaviy norozilik alanga oldi, namoyishlar zo‘ravonlik va tartibsizliklarga ulanib ketdi. Butun Qozog‘iston bo‘ylab minglab mitingchilar Nazarboyevning hokimiyatdan ketishini talab qilib “Chol, ket!” deya xitob qildilar, uning siyosiy merosi – ijtimoiy tengsizlik, korrupsiya va shaxsga sig‘inishga qarshi chiqdilar.
Ko‘pchilik fikricha, ayovsiz bostirilgan (Oqo‘rda buyrug‘i bilan politsiya namoyishchilarga qarata o‘t ochgan, kamida 238 kishi o‘ldirilgan) norozilik aslida Nazarboyev a’yonlari bilan salafi soyasida qolib ketgan Qasim-Jomart Toqayev odamlarining hokimiyat talashishi edi. Bu kurashda Toqayevning qo‘li baland keldi va Yanvar voqealaridan so‘ng mamlakatda “denazarbayevizatsiya” boshlandi: sobiq prezident qarindoshlari baland lavozimlardan bo‘shatildi, ayrimlari qamoqqa tushdi, Nazarboyevning o‘zi esa maxsus qonun bekor qilingach, ko‘plab imtiyozlardan mahrum etildi.
Biroq o‘shanda, “Qazaq. Tilla inson tarixi” taqdimot qilinganida sobiq prezident “natijadan mamnun bo‘lgan”, deb yozadi surishtiruv mualliflari. Ammo Lopatyonok va Stounning qo‘l ostidagilar haqida bunday deb bo‘lmaydi. Film ustida ishlagan jamoadan bir nechtasi gonorarini to‘liq ololmagan ekan, ulardan ikki nafari jurnalistlar bilan suhbatda buni tasdiqlashdi.
OCCRP surishtiruvchilari aniqlashicha, 2022-yilda Nazarboyev nazoratidagi va to‘ng‘ich qizi Darig‘a rahbarlik qiladigan xayriya fondi Stoun bilan Lopatyonokka besh million dollar o‘tkazib bergan. Na Nazarboyev, na qizi jurnalistlarning izoh so‘rovlariga javob berishdi.
“Nazarboyevga bag‘ishlangan loyiha Lopatyonokni diktatorlar bilan ishlashga o‘rgatdi: diktatorlar pul to‘laydi, Lopatyonok esa ularni madh etuvchi yuqori sifatli filmlar oladi – kartinani ommalashtirish uchun mashhur intervyuchini jalb qilishadi”, deb yozadi surishtiruvchilar.
OCCRP jurnalistlari Lopatyonok jamoasi bir necha avtoritar prezident uchun ssenariy tayyorlab qo‘yganini, kamida ikkitasida ular bilan shaxsan Stoun suhbat qilishiga va’da berishganini tasdiqlovchi hujjatlarni qo‘lga kiritishgan. “Dunyo ahli qattol diktatorlarni ko‘radigan joyda Igor Lopatyonok boyish imkoniyatini ko‘radi”, deyiladi maqolada.
Xususan, OCCRP surishtiruvchilari ma’lumotiga ko‘ra, Lopatyonok Ozarbayjonni 2003-yildan beri boshqarib kelayotgan prezident Ilhom Aliyev haqida film ishlashni rejalagan va, aftidan, intervyu olishga Oliver Stounni jalb qilmoqchi bo‘lgan.
Xalqaro tashkilotlar Ozarbayjonda fuqarolar erkinliklarini bo‘g‘ilgani, korrupsiya avjiga chiqqani, prezident qarindoshlariga son-sanoqsiz imtiyozlar berilgani uchun Aliyev rejimini tanqid qilib keladi.
Surishtiruvchilar, shuningdek, Belarusning mustabid rahbari Aleksandr Lukashenko haqida film suratga olish g‘oyasiga bag‘ishlangan taqdimotni qo‘lga kiritishdi. Taqdimot muqovasiga Lukashenko va Stoun suratlari tushirilgan.
“Lopatyonok jamoasi yozishmalariga qaraganda, Stoun kamida bitta loyihada – Lukashenko haqidagi filmda qatnashishga rozi bo‘lgan. Biroq, aftidan, Rossiya 2022-yilda Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlaganidan so‘ng uning rejasi o‘zgargan”, deb yozadi surishtiruvchilar. Ma’lumot uchun, 2022-yil martda Stoun urushni ochiq qoralab, Rossiyaning bu ishi “xato” ekanini aytgan, ayni chog‘da AQSHni Putinni “gijgijlash”da ayblagan edi.
Lopatyonok bilan birga ishlaydiganlar uni “avtokratlar ko‘ngliga yo‘l topadigan odam” deya ta’riflashadi.
“Uning xaridorgir yulduzi bor edi, ya’ni Oliver Stoun. Bor gap shu, – deydi rejissyor bilan ishlaganlardan biri. – Odamlar har xil yaltiroq losh-lushlarga o‘ch bo‘lishadi, bu holatda losh-lush rolini Oliver Stoun bajarardi. Stoun diktatorlar istagan effektni bera olardi. Ular: “O, intervyuni Oliver Stoun oladimi? Yaxshi-ku, meni butun dunyo tomosha qilarkan-da!” deb xursand bo‘lishardi”.
Biroq Stounning o‘z “nomai a’moli”ni gard qo‘nmagan deyish qiyin, urg‘ulashadi surishtiruv mualliflari, u 2017-yilda New York Times gazetasi “laganbardorlik” deb atagan “Putin bilan intervyu” nomli to‘rt seriyali film olganini eslatib. Stoun, shuningdek, Ukraina va Yevromaydon voqealariga bag‘ishlangan ikki film hammuallifi bo‘lib, ko‘pchilik ularni Rossiya propagandasi deb hisoblaydi.
Lopatyonok Anqara bilan ham bog‘lanib, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on haqida film suratga olish taklifi bilan chiqqan ekan. Biroq Turkiyada unga qanday javob berishgani noma’lum.
Surishtiruvda aytilishicha, Lopatyonok va Stoun “Ikkinchi jahon urushi yillarida Rossiyaning Sharqiy frontda ko‘rsatgan qahramonliklari haqida hikoya qiluvchi” “Urush” degan film ishlamoqchi bo‘lgan. Bu Putinga moydek yoqadigan mavzu, biroq yakuniy mahsulot rasman Rossiyaga daxli yo‘qdek taqdim etilishi kerak bo‘lgan, aks holda u yana Kreml propagandasi deb qabul qilinishi mumkin edi.
56 yoshli Lopatyonok o‘z loyihalarining moliyaviy manbalariga doir savollarga javob berishdan bosh tortgan. Intelligencer.today portalida e’lon qilgan maqolasida u o‘zini “axborot xurujlari qurboni” deb ataydi.
Lopatyonok Sharqiy Ukrainada tavallud topgan. Surishtiruvchilarga ko‘ra, u rossiyaparast kayfiyatli odam bo‘lib, Moskvaning Ukrainaga harbiy bosqinini qo‘llab-quvvatlaydi, Putinning shaydosi, holbuki o‘zi AQSHda yashaydi va Amerika fuqaroligini olgan.