Ukrainadagi urushda “Vagner” xususiy harbiy shirkatining 20 mingdan ziyod yollanmasi halok bo‘lgan, ularning aksariyatini shirkat tomonidan urushga yollangan mahkumlar tashkil etadi. Bu haqda “Mediazona” va Bi-bi-si rus xizmatining birgalikda amalga oshirilgan surishtiruvida aytilgan.
Nashrlar urushda halok bo‘lgan yollanmalarning yaqinlariga to‘langan pullarga oid hujjatlarni qo‘lga kiritganlarini iddao qilishmoqda. Ularda 2022-yil yanvaridan 2023-yil avgustiga qadar o‘lgan 20 mingdan ziyod kishi haqida ma’lumotlar bor. Surishtiruv mualliflari hujjatlar haqiqiyligiga amin ekanlarini ta’kidlashmoqda.
Iddaoga ko‘ra, faqatgina halok bo‘lganlarning yaqinlariga tovon to‘lash uchun 108 ming rublga yaqin mablag‘ sarflangan. Bu mablag‘ ichiga yollanmalarga to‘langan maosh va yaralanganlarga to‘langan tovon puli kirmaydi.
“Vagner” XHSH asoschisi Yevgeniy Prigojin va uning qo‘lida ishlagan xodimlar tomonidan urushga, iddaoga ko‘ra, jami 48 mingdan kam bo‘lmagan mahkum yollangan, ularning ko‘pi qattiq rejimli koloniyadan bo‘lgan, ya’ni ular qotillik doxil og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan mahkumlar bo‘lgan. Birgina Baxmut yaqinida ulardan 17 ming chog‘lisi halok bo‘lgan. Urushda ishtirok etish uchun mahkumlar prezident Vladimir Putin tomonidan afv qilingan.
Donetsk viloyatining yirik shaharlaridan biri bo‘lgan Baxmut yaqinidagi janglar “Vagner” yollanmalarining Ukrainadagi so‘nggi yirik amaliyoti bo‘lgan. Shundan ko‘p o‘tmay XHSH isyoni sodir bo‘lgan, buning ortidan esa tuzilma fe’lan tarqatib yuborilgan. Prigojin 2023-yil avgustidagi aviahalokat chog‘ida o‘lgan, halokatning sabablari rasman ochiqlangan emas.
Jurnalistlar keltirgan talafot raqamlari Prigojinning o‘zi keltirgan ma’lumotlar bilan qariyb bir xil. U Baxmut yaqinida 20 mingga yaqin jangchisi o‘lganini aytgan, biroq u halok bo‘lganlar orasida mahkumlar sonini kamroq ko‘rsatgan edi. “Vagner” XHSH eng ko‘p talafotni 2023-yil yanvarida bergan, ayrim kunlarda halok bo‘lganlar soni 200 dan oshib ketgan edi.
Surishtiruvda mahkumlarning qamoqxonadan yollanishi, ularni oshig‘ich tayyorgarlikdan o‘tkazish va urushga yo‘llash mexanizmi batafsil bayon qilingan. Qaysi mahkum qaysi koloniyadan yollanganini ularning shaxsiy jetonlaridagi raqamlardan aniqlasa bo‘ladi. Jurnalistlar mahkumlar yollangan Kaliningraddan Magadangacha bo‘lgan 341 ta koloniyani aniqlashga muvaffaq bo‘lishgan. Mahkumlarni yollash ishi 2022-yili Sankt-Peterburgda boshlanib, Prigojin bilan Mudofaa vazirligi rahbariyati o‘rtasidagi ziddiyat kuchaya boshlagan 2023-yil fevralida yakuniga yetgan.
Hujjatlar bilan tasdiqlangan yollanma mahkumlar soni ham Prigojin aytgan raqamlarga yaqin, u 50 ming mahkum haqida aytgan edi. Ulardan 20 mingi urushda o‘lib, 30 mingi tirik qolgan. Prigojin ulardan 20 foizga yaqini o‘lganini aytgan edi.
Surishtiruvda mahkumlar yollangan koloniyalarning interaktiv xaritasi ham bor, har bir koloniyadan qancha yollanma tirik qolgani ham hisoblab chiqilgan.
Hozirda qamoqxonalardan urushga mahkum yollash ishini Rossiya Mudofaa vazirligi davom ettirmoqda. Endilikda mahkumlar afv qilinmayapti, balki shartnoma muddati bitganidan keyin muddatidan oldin ozod qilinmoqda - bu shartnomani esa urush tugagunicha buzish mumkin emas.