Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:43

"Xonlik vakolatlariga ega prezident". Tarmoqlar Ozodlik surishtiruvi haqida


Ozodlik surishtiruvi Mirziyoyev oilasi Karimov o‘limidan so‘ng o‘zining "amirlar avlodi" davomchisi ekani iddao qilingan "Nasabnoma"ni ota uyi devoriga osib qo‘yganini o‘rtaga chiqardi.
Ozodlik surishtiruvi Mirziyoyev oilasi Karimov o‘limidan so‘ng o‘zining "amirlar avlodi" davomchisi ekani iddao qilingan "Nasabnoma"ni ota uyi devoriga osib qo‘yganini o‘rtaga chiqardi.

8-iyul kuni Ozodlik uchinchi muddat prezidentlikka saylanayotgan Shavkat Mirziyoyev boshqaruvidagi nepotizmga bag‘ishlangan videosurishtiruvni e’lon qildi. “Mirziyoyevlar amirligi” deb nomlangan video keyingi 7 yil ichida Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvining belgilovchi barcha tizimlariga o‘z urug‘-aymog‘i vakillarini tayinlagani haqida edi. Surishtiruvda iqtidordagi klan vakillari davlat vakolatidan qanday qilib o‘zining xususiy biznesini rivojlantirish maqsadida foydalanayotgani haqida so‘z boradi.

8-iyul kuni Toshkent vaqti bilan kechki soat 6 da premyerasi boshlangan surishtiruv videosini to‘rt soat ichida 400 mingga yaqin odam ko‘rdi. Oradan 4 soat o‘tib¸ video bloklandi.

Video uchun berilgan linkni bosganlar qop-qora kadr ustida “video mualliflik huquqi qoidalarini buzgani uchun Agency of Internet Rights guruhi so‘rovi bilan bloklandi"¸ degan yozuvni ko‘rdi.

Ushbu agentlik Kanadada ro‘yxatga olingan. Asosiy ofislari Toronto va Kiyevda. Kompaniya asoschilari asli ukrainalik ikki IT-muhandisi. Minglab yutuber va brend bu kompaniya bilan o‘z folloverlari sonini oshirish borasida hamkorlik qiladi. Agentlik o‘z mijozlari yaratgan videokontentning mualliflik huquqini himoya qilish bilan ham shug‘ullanadi. Bundan huquq buzilgan holda¸ "strayk beradi"¸ ya’ni YouTubedan uning olib tashlanishini so‘raydi.

Озодлик суриштируви: Мирзиёев кластерига айланаётган Ўзбекистон
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 1:10:20 0:00

Agentlik dastlab¸ Ozodlik surishtiruvida ishlatilgan 20 sekundlik kadrga mualliflik huquqi o‘ziga tegishli ekanini iddao qilib¸ YouTube‘dan uni bloklashni talab qildi. Bunday talab ishonchli hamkoridan kelganda YouTube uni avtomatik ravishda bloklaydi. Shunday bo‘ldi ham.

Kanadadagi kompaniya "strayk" bergan videokadrlar aslida O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatiga tegishli edi. Soliq to‘lovchi puliga ishlaydigan prezident va boshqa davlat idoralari tayyorlaydigan media materiallar jamoatchilik mulki hisoblanadi. Video muallifi ko‘rsatilgan taqdirda¸ ulardan foydalanishga taqiq qo‘yilmaydi.

Boz ustiga¸ YouTubeda "fair use"¸ ya’ni halol foydalanish degan qoida bor. Unga ko‘ra¸ original videoda so‘z borayotgan mavzuni tanqidiy jihatdan yoritish¸ uni tahlil qilish va baho berish uchun muhim bo‘lgan kadrlar¸ xususiy mulk bo‘lgan taqdirda ham¸ ulardan qisqa shaklda foydalanish mumkin. Bunday foydalanish mualliflik huquqining buzilishi deya baholanmaydi.

Ozodlik yillardan beri Prezident matbuot xizmati yoki davlat telekanallari kadrlaridan¸ manbani ko‘rsatgan holda foydalanib keladi. Biror marta shikoyat olmagan va "strayk" berilgan emas.

Ozodlik 8-iyul kuni surishtiruv videosi bloklanishi hamono YouTube bilan aloqaga chiqdi va muzokara boshladi. Qoidalar¸ xususan¸ halol foydalanish qoidalari buzilmaganini dalillab berdi. Video blokdan chiqarildi. Ammo yarim soat-o‘tib o‘tmay¸ u yana bloklandi.

Yana ayni agentlik¸ yana ayni prezident matbuot xizmati kadrlari uchun “strayk" berdi.

Ikkinchi marta blokdan chiqarish ancha vaqt oldi. Bu orada tarmoqlar junbushga keldi, tarmoq foydalanuvchilari Ozodlik videosi nega yo‘qolib qolgani va uni qayerda tomosha qilish mumkinligi haqida savollar bera boshlashdi.

Ozodlik dushanba kuni Kanadadagi Agency of Internet Rights kompaniyasi rahbarlari bilan bog‘landi. Ular Ozodlik videosining o‘z kompaniyasi so‘rovi bilan bloklanishini “xatolik” deb atashdi.

"Hamkorlarimizdan biri sizning videoda ishlatilgan ayrim kadrlarning o‘ziga tegishli ekanini iddao qilgan. Hozircha aynan kim bunday iddao qilganini aniq bilmaymiz. Ammo buni o‘rganib¸ tagiga yetamiz va natijasini sizga bildiramiz. Agar muammo bizning nomimiz bilan bog‘liq holda yuz bergan bo‘lsa¸ uni darhol hal qilamiz¸” deb yozdi Ozodlikka agentlik rahbari.

Oradan sanoqli daqiqalar o‘tib¸ video blokdan chiqarildi.

Shunday qilib, Ozodlik surishtiruvi ochiq manbalardan talay hujjatlarni o‘rganish, bir qator manbalar bilan suhbatlar asnosida Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda prezident kursisini egallaganidan keyinoq uning urug‘-aymog‘i siyosat va sarvat dasturxonidan bahramand bo‘la boshlagani, keyingi yillarda esa “shajarai oliy” mansublari mamlakat iqtisodiyotning butun -boshli sohalarini o‘z nazorati ostiga olganini o‘rtaga chiqardi.

Surishtiruv, Ozodlikning bundan oldingi qator surishtiruvlari kabi ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentini larzaga soldi.

Ko‘p sonli tarmoq foydalanuvchilari prezident oilasi vakillariga katta lavozimlar, yog‘li tijoriy loyihalar peshkash qilinganini korrupsion sxema o‘laroq qoralashdi.

“Ozodlikdan yana bitta bomba surishtiruv, ko‘ringlar” , deb yozdi Sardor Salim.

Commentary on the publication Ozodlik
Commentary on the publication Ozodlik

Siyosatshunos Jamshid Muslimov esa:

“Amirlikdagi amir sultonlar – aristokratlar, qilich sohiblari. Kolxoz chinovniklari, komsorg, partkom, chekist, zavmaglar emas. Bu tarbiya va zehniyatdagi ulkan farq!”

Jamshid Muslimov boshqa bir postida esa “Mana bu narsa uzoq yillarga. Shunga qarab kelajakni o‘ylayvering, o‘zgarmaydi”, deb sharh qoldirdi.

Ozodlik materialiga munosabat bildirgan siyosatshunos Rafael Sattorov O‘zbekiston allaqachon "neofeodal oligarxiya"ga aylanganini ta’kidladi.

“Avvalroq, siyosiy tizimning evolyutsiyasi muqaddimasida odamlar o‘z tijoriy manfaatlarini himoya qilish uchun tizimga kirishga uringani rost. Bugun esa O‘zbekiston elitasi barcha-barcha jabhalarni monopollashtirganlardan iboratdir. Hokimiyat va boylikni o‘z qo‘lida jamg‘argan bu odamlar bir-birisiz kun ko‘ra olmaydi. Boylik tortib olinsa, hokimiyatdan mosuvo bo‘ladi, hokimiyat olib qo‘yilsa, bor sarvatini boy beradi”, deb yozdi Rafael Sattorov Feysbuk sahifasida.

Siyosatshunos O‘zbekistonning 9-iyul kuni yangi yetti yillik muddatga saylangan rahbari Mirziyoyevni “xonlik vakolatlariga ega prezident” deb ataydi.

Buyuk Britaniyada yashayotgan o‘zbekistonlik tahlilchi Alisher Ilhomov ham boshqaruvda monarxiya elementlari mavjudligiga ishora qilar ekan, Mirziyoyev istiqbolda o‘zini amir deb e’lon qilishi haqidagi farazni ilgari suradi.

“Ozodlikning yangi materiali Mirziyoyev rahbarligidagi rejim nepotizmning yangi cho‘qqisiga chiqqanini tasdiqladi. Prezident oilasining deyarli har bir a’zosi “safda” ekani, ya’ni yuqori lavozim va boyliklarga egalik qilayotganini yana qanday atash mumkin!” deydi Alisher Ilhomov.

Samarqandlik bloger Farruh Samarqandiy “Odam layk bosishgayam qo‘rqadi...” deb yozdi.

Farruh Samarqandiy eslatgan “qo‘rquv” Ozodlikning avvalgi surishtiruvlaridan so‘ng ularga layk bosgan yoki bo‘lishgan faollar, bloger va jurnalistlarning maxsus “joy”larga chaqirtirilib, “suhbat”dan o‘tkazilgani va qattiq ogohlantirilganiga ishoradir.

Jurnalist Sharifa Murod esa qisqagina sharhda bunday deb yozdi:

“Ko‘rgim kelmayapti. Yana ishga qo‘lim bormay qoldi!”

Bloger Asliddin Kamol esa "barcha trollarni Ozodlikka qarshi sharh yozishga" chaqirilgan istehzoli post qoldirdi:

Saylovdan oldin, sukut kunida O‘zbekiston hukumati rahbarlarining tinchi buzilganini Dilshod Rahmat, bunday izohladi:

“Ozodlikdan HIMARS raketalari uchib keldi... sukunatni buzib”.

Feysbuk foydalanuvchisi Nodira Qodirova:

“Ozodlikning oz sonli jamoasi ko‘p sonli nepotizm botqog‘iga botgan Adliya va DXXni oyog‘i yerdan uzilganini isbotladi”, deb sharh qoldirdi.

Ozodlikning surishtiruvida barcha iddaolar faktlar bilan isbotlangani, har bir iddaoga hujjatlar ilova qilingani aytilgan.

Feysbuk foydalanuvchisi Mirodil Obidiy, Ozodlik surishtiruvlarini yolg‘on deb aytayotganlar, nega uni sudga bermayotganidan taajjubda ekanligini yozdi:

“Ozodlik” radiosini fitnachilikda ayblaydigan kishilar! Nega Ozodlikni yolg‘on ma’lumot tarqatishda ayblab, sudga bermaysizlar? Xojalaringni keti ochildi”.

Feysbuk foydalanuvchisi Miraziz Ahmedov videoni ko‘rib bo‘lganidan so‘ng, shunday fikr bildirdi:

“Ozodlik videosini oxirigacha ko‘rdim. O‘zbekistondagi barcha vazirlik va sanoat boshliqlari hammasi bitta shaxsning qarindoshlari. O‘zbekiston 100 yilda ham yuksalmaydi. Korrupsiya va qarindoshlik imperiyasi cho‘qqisida. Afsus... Adolatni tushingizda ko‘rasiz endi”.

Ijtimoiy tarmoq faollaridan biri esa, surishtiruv haqida bunday qiziqchilik ham qildi:

“Otello: Dezdemona, meni ro‘molcham qani?

Dezdemona: Ozodlik surishtiruvini ko‘rish uchun olgandim, xolos...”

Shoir A’zam Obid quyidagi she’riy misralar orqali hamfikrlik izhor qildi:

Bir yonda xalq yupun…

Bilsam, saroyda

Qo‘lma-qo‘l o‘tarkan pul dastalari.

“Bas qil, ey!” buyrug‘i bermaskan foyda:

“O‘zingiz-chi?” dermish gumashtalari.

“Mirziyoyev Ozodlikni sudga bersin! Eee, shunaqayam tuhmat bo‘ladimi? Bir odamda shuncha qarindosh nima qiladi, qip-qizil yolg‘onligi ko‘rinib turibdiku. Ee, Ozodlikda ham Odolat yo‘g‘akan”, deb yozdi boshqa tarmoq foydalanuvchisi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Ozodlik surishtiruvi haqida post qoldirgan va bunga o‘z munosabatini bildirgan shaxslar yozgan fikrlarining hali siyohi qurimay turib ta’qib qilina boshlagani haqida xabarlar olindi.

Jurnalist va bloger Olimjon Haydarovning yozishicha, Andijonda saylov o‘tishi bilan "fikr politsiyasi" uyma-uy yurib, insonlarni bildirgan fikri uchungina jazolash jarayonini boshlab yuborgan.

Ko‘pchilik tarmoqdagi, ayniqsa Facebookdagi do‘stlarimiz Andijonlik do‘stimiz Sirojiddin Muhammadni yaxshi tanishadi, u haqda ortiqcha tarif shart emas, qanday insonligini ko‘pchilik biladi.

Sirojiddin 8 va 9-iyul kunlari 2 ta, bittasi Ozodlik radiosi chiqargan videoga munosabat, ikkinchisi saylovga oid sarkazm post qoldirgan Facebookda. Bugun ertalabdan o‘zini IIB xodimi deb tanishtirgan(aslida qaysi tashkilotdan ekanligi aniq emas) formasiz fuqaro mahalladan vakillar(ayol qizlar bo‘yicha vakil, yoshlar bo‘yicha vakil) hamrohligida kelib, Sirojiddinga oilasi orqali bosim o‘tkazib, postlarini o‘chirtirishgan. Postni o‘chirtirgach, hisobot uchun Sirojiddinni rasmga olib ketishgan, ya’ni topshiriq yuqori(viloyat yoki Vazirlik)dan kelgan.

Demak bular saylov o‘tishini kutishgan, endi bitta-bitta Ozodlik radiosining 8-iyul kuni e’lon qilingan va Youtubedan o‘chirib yuborilgan Prezident Shavkat Mirziyoyev - Shavkat Mirziyoyev oila a’zolariga taalluqli ekani aytilayotgan bizneslar haqidagi videosi haqida munosabat bildirgan barchaga borishadi.

Repressiya sirtmog‘i torayib bormoqda, saylov o‘tgach bu geometrik progressiya bo‘yicha qisqarib borsa kerak.

O‘rtoqlar, ehtiyot bo‘laverasizlar, fikr bildirish ham asta sekin jinoyatga aylanib bormoqda bu jamiyatda».

O‘zbekiston Oliy Majlisining sobiq deputati Rasul Kusherbayev ham o‘zining Feysbukdagi sahifasida Ozodlik surishtiruvi figurantlaridan birini himoya qilishga urindi:

“...Kechagi surishtiruvni ko‘rib esa hayron qoldim: Murodxon akani shunday kuchli "qarindosh"lari bo‘lsa nega buncha qiynalib yuribdilar? Bir og‘iz telefon qildirsa bo‘lmasmidi?

Shunga qaraganda Murodxon aka Ozodlik aytganidek qarindosh urug‘chilik ortidan biron imtiyoz va siylovga ega bo‘lmagan. Bugun bizdagi oddiy tadbirkorlar vazirlik va idoralarning qanaqa byurokratiya va sansalorligiga yo‘liqsa, ular ham buni boshidan o‘tkazib yuribdilar..."

Ammo na Kusherbayev himoya qilgan Murodxon aka va na surishtiruvning boshqa o‘nlab qahramonlari hozirgacha Ozodlik taqdim etgan faktlar yuzasidan na raddiya va na biron izoh berishdi.

Surishtiruvning asosiy qahramoni bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev va administratsiyasi esa Ozodlikning surishtiruv e’lon qilinishidan bir hafta avval yuborgan savollarini javobsiz qoldirdi.

XS
SM
MD
LG