Линклар

Шошилинч хабар
16 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:04

Surishtiruv: Yeri tortib olingan fermer va "quldek ishlatilayotgan" o‘zbeklar. Indorama Agro "namunaviy investor"mi?


O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev Indorama Group prezidenti Sri Prakash Lohia bilan - Toshkent, 4 - oktabr, 2019 - yil
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev Indorama Group prezidenti Sri Prakash Lohia bilan - Toshkent, 4 - oktabr, 2019 - yil
  • 2021 yilni Sirdaryoning Oqoltin va Sardoba tumanlaridagi yuzlab sobiq fermer va pudratchi dehqon ishsiz va daromadsiz qolish tahdidi ostida kutib oldi. Sababi¸ Sardoba suv omboridagi texnogen falokatdan haligacha o‘zini o‘nglay olmayotgan bu hududdagi 24 ming gektar paxta va bug‘doy yerini 49 yillik ijaraga olgan Singapurdagi Indorama guruhining mahalliy sho‘’basi ommaviy qisqartirishni boshlagan.
  • Ayni shu kunlarda Sirdaryodan minglab kilometr uzoqda – Londonda joylashgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Indorama Agro MChJga 70 million dollarlik kredit ajratish qarori ustiga so‘nggi muhr bosilishiga hozirlanmoqda.
  • YeTTB xulosasiga ko‘ra¸ 70 million dollarlik bu loyiha O‘zbekistonda “paxtani yetishtirishning samarali usullarini joriy etish va qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligi va ish haqini oshirishdan iborat”.

“Mahalliy va mintaqaviy iqtisodiy rivojlanish¸ kamida 1500 ta yaxshi haq to‘lanadigan ish joyi yaratish” iddaosi bilan hozirgacha o‘zbek dehqonlarining kamida 54 ming gektar yerini olgan Indorama Agro Sirdaryoda o‘z va’dalari ustidan chiqdimi? Uning ikki yillik faoliyati¸ xalqaro moliya tizimlari ishonayotgan kabi¸ 70 million dollarlik yana bir rag‘batga loyiqmi?

Ozodlik¸ Toshkent hukumati¸ shaxsan prezident proteksiyasi ostida ishlayotgan Indorama Agroning Sirdaryodagi sobiq va joriy ishchi-xodimlari¸ qolaversa¸ bu kompaniyaga moliyaviy homiylik qilayotgan YeTTB rasmiylari bilan suhbat va yozishmalar asosida shu kabi savollarga javob izladi.

Namunaviy korporatsiya va arzanda investor

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) yoki Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) hisobot va xulosalariga qaralsa¸ Indorama¸ uning O‘zbekistondagi sho‘’basi Indorama Agro MChJ qishloq xo‘jaligi¸ xususan¸ paxtachilik sohasida dunyoning eng progressiv kompaniyalardan biri.

Indorama Agro MChJ egasi Singapurda ro‘yxatga olingan Indorama Corporation Pte. Ltd. (IRC) hisoblanadi. Guruh neft-ximiya mahsulotlari va turli kimyoviy o‘g‘it yetishtirish bo‘yicha Osiyodagi eng yirik kompaniya hisoblanadi va uning mulkdori¸ YeTTBga ko‘ra¸ asli hindistonlik Lohialar oilasidir. Rasmiy saytidagi ma’lumotga ko‘ra¸ kompaniyaning global biznesdan ko‘rayotgan yillik daromadi 10¸5 milliard AQSh dollariga teng.

Yillardan beri Indorama Groupga yuzlab million dollarlik kredit berib kelayotgan xalqaro moliya tizimlari iddaosicha, kompaniya O‘zbekiston paxtachiligiga 21-asrning ilg‘or usullarini joriy qilmoqda.

Ochiq manbalardagi ma’lumotlardan¸ Indorama Corporation, Osiyo va Afrikadagi qator loyihalari uchun xalqaro moliya tizimlari¸ xususan¸ Jahon banki va YeTTBdan muntazam ravishda o‘nlab million dollarlik kredit olib kelgan.

2021 - yilning 27 - yanvar kuni bosh qarorgohi Londonda joylashgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruv kengashi Indoramaning O‘zbekistondagi sho‘’ba korxonasi Indorama Agroga 70 million dollarlik kredit ajratish rejasini tasdiqlashi kutilmoqda. Kredit loyihasi Jahon bankining xususiy kompaniyalarga qarz berishga ixtisoslashgan Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

YeTTB rasmiy bayonotiga ko‘ra¸ Indorama Agro MChJga 70 million dollarlik kredit ajratishdan maqsad¸ paxtachilikka xususiy sarmoya kiritilishini qo‘llab-quvvatlashdir. Bu esa¸ bank ta’kidicha¸ paxtachilik¸ xususan¸ terim mavsumining mexanizatsiyalashuvi¸ suvdan oqilona foydalanish va muqobil sug‘orish usullarini joriy qilish¸ o‘g‘itlarni samarali ishlatish orqali ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qiladi.

Qarz beruvchi tizimlar iddaosiga ko‘ra¸Indorama O‘zbekistonda yaxshi haq to‘lanadigan ish o‘rinlari yaratish orqali mahalliy iqtisod rivojiga hissa qo‘shish maqsadini ham o‘z oldiga qo‘ygan.

Bosh vazir Abdulla Aripovning Indorama korporatsiyasiga O‘zbekistondagi minglab gektar sug‘oriladigan yerni berish haqidagi qarori (original faqat rus tilida).
Bosh vazir Abdulla Aripovning Indorama korporatsiyasiga O‘zbekistondagi minglab gektar sug‘oriladigan yerni berish haqidagi qarori (original faqat rus tilida).

O‘zbekiston hukumati uchun esa Indorama Agro MChJ arzanda “investor”. Bosh vazirning 2018 - yil 8 - avgust kungi qarorida yozilishicha¸ Indorama 2023 - yil oxiriga qadar paxtachilik va to‘qimachilik sektoriga jami 340 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya olib kirish¸ kamida 1500 ish o‘rni yaratish majburiyatini zimmasiga olgan.

O‘zbek fermer va dehqonlarining 54 ming gektar sug‘oriladigan yeri taqdim etilgan Indorama guruhi o‘tgan ikki yil davomida O‘zbekistonga va’da qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyaning qanchasini kiritgani aniq emas.

2010 - yilda katta imtiyozlar bilan Indorama Qo'qon tekstil deb nomlangan ochiq aksiyadorlik jamiyati shaklida ish boshlaganidan 8 yil o‘tib¸ 2018 - yili Indorama Qo‘qondagi ip yigiruv fabrikasini o‘zi paxta bilan ta’minlash uchun o‘zi paxta ekishga kirishdi.

Toshkent hukumati Indorama Agroning paxtachilikni boshlashi uchun hozirgacha unga Qashqadaryo va Sirdaryodan 54 ming gektar yerni 49 yillik ijaraga berdi. MChJga kelasi yili Jizzax va Farg‘onadan ham yana shuncha katta yerning taqdim etilishi kutilmoqda.

Indorama Agroga berilgan minglab gektar yerda paxta¸ g‘alla va boshqa ekin ekib¸ tirikchiligini ko‘rib kelgan Qashqadaryoning Kasbi va Nishon¸ Sirdaryoning Oqoltin va Sardoba tumanlaridagi 1068 fermer xo‘jaligi¸ hukumat va banklar ta’kidicha¸ “ko‘ngilli ravishda yer ijara shartnomasidan voz kechdi”.

Rasmiylar¸ ulardan iqtibos keltirayotgan moliya tizimlari iddaosicha¸ bu fermerlarga “tegishli kompensatsiya va yer berilgan”¸ Indorama Agro ularga ish taklif qilgan; bu fermer va ular bilan ishlab kelgan pudratchilardan qariyb yarmi¸ aytilishicha bu taklifni qabul qilgan. Taklifni qabul qilmagan fermerlarning ahvoli nima bo‘lgani haqida hozirgacha rasmiy ma’lumot berilmagan.

Rasmiy bayonotlardan farqli reallik

Indorama Agro MChJning Sirdaryo viloyatidagi ikki yillik faoliyati haqida Ozodlik bilan gaplashgan uning sobiq va joriy ishchi-xizmatchilari hikoyalari xalqaro moliya tizimlari¸ xususan¸ YeTTB tomonidan berilgan ta’rif va baholarga ziddir.

Indoramaning O‘zbekistondagi faoliyatiga 70 million dollar kredit berish oqibatida¸ YeTTB iddaosicha¸ paxtachilikdagi raqobatbardoshlik kuchayadi, bu sohada barqaror rivojlanish bo‘ladi¸ mahalliy aholi¸ xususan¸ yoshlar va xotin-qizlar uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratiladi.

Indorama Agro MChJning Sirdaryodagi ishchilari bildirgan jamoaviy e’tirozlar.
Indorama Agro MChJning Sirdaryodagi ishchilari bildirgan jamoaviy e’tirozlar.

Ozodlik suhbatlashgan sirdaryoliklar fikricha¸ aksincha – Indorama Agro faoliyati bois bu hududda paxtachilik¸ g‘allachilik va chorvadorlik bilan shug‘ullanib kelgan fermer va dehqonlar yagona daromad manbaidan ajramoqda.

Ular iddaosicha¸ Indorama Agro¸ o‘z orqasida shaxsan prezident va hukumat turganini ta’kidlab¸ O‘zbekiston mehnat qonunlarini buzmoqda¸ o‘ziga berilgan yerlarda ishlab kelgan fermer va dehqonlarni jazirama issiq va qattiq sovuqda “quldek ishlatmoqda”¸ faqat mavsumiy ishchi sifatida rasmiylashtirilgan yuzlab suvchi va xodimning ish haqini asossiz ravishda kesib¸ ularni turli bahona bilan ko‘chaga – xorijdan ish izlashga mahkum ishsizlar safiga haydamoqda.

Ozodlikka yuborilgan video¸ audio va hujjatlardan sirdaryolik sobiq fermer va ishchilarning o‘z muammolariga yechim izlab Indorama Agro rahbarlari bilan uchrashuv talab qilgani¸ ammo hindistonlik boshqaruvchilar bu so‘rovni pisand qilmagani tushuniladi.

Videolardan birida¸ Oqoltin tumani Bobur hududida ishlab kelayotgan brigadir va ishchilarning o‘z shikoyat va arzini ochiq gapirgani ko‘riladi.

Oqoltin tumanidagi Indorama ishchilari¸ o‘z e’tirozlari kompaniya rahbariyati tomonidan e’tiborsiz qolganidan so‘ng¸ Indorama Agro MChJning mehnat qonunchiligiga zid harakatlarini to‘xtatishni so‘rab, Sirdaryo viloyat hokimi nomiga jamoaviy shikoyat maktubi yozgan.

Indorama Agro MChJ faoliyati ustidan ishchilar yozgan jamoaviy maktub nushasi
Indorama Agro MChJ faoliyati ustidan ishchilar yozgan jamoaviy maktub nushasi

"G‘afur G‘ulom hududidagi hamma ishchini bo‘shatvordi. Sabab¸ Sardobadagi falokatdan keyin bu hududni suv yuvib ketdi. Ishchilar qayta ishga tiklanmadi. Bundan tashqari¸ boshqa hududlardagi ishchilar ham o‘z hisobidan 3 oylik majburiy ta’tilga chiqarildi va qayta ishga olinmadi. Ishchilarning biror huquqi yo‘q¸ ijtimoiy himoyadan mahrum"¸ - deydi Ozodlik gaplashgan bu maktubga qo‘l qo‘yganlardan biri.

Ayollar diskriminatsiyasi va mehnat qonunlarining buzilishi

Roza Agaydarova 2019 - yil yanvarida Indorama Agro MChJning Sirdaryo filialida Kadrlar bo‘limi rahbari - HR manager lavozimida ish boshlagan¸ mahalliy ishchilar haqlarini talab qilishni boshlagani ortidan 2020 yil sentabr oyida buxgalteriya bo‘limiga o‘tkazilgan.

Indorama Agroning Sirdaryodagi boshqaruvchilari bilan ziddiyat¸ xususan¸ mahalliy ishchilarning “mavsumiy ish” uchun olinib¸ istalgan paytda haydalishi¸ gender tengsizlikka nisbatan bildirgan e’tirozlari ortidan¸ 2020 - yil dekabrida ishdan haydalgan.

- Indorama Agro Sirdarë filialida inson huquqlari doimiy ravishda buzib kelinmoqda. Milliy va jinsiy diskriminatsiya nihoyatda kuchli¸ O‘zbekiston mehnat qonunchiligiga amal qilinmaydi. Buxgalter sifatida skladlarda 30 milliard so‘mlik kamomat aniqlab¸ bu haqda Toshkentga xabar berganimdan keyin¸ meni noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatishdi. 28 - dekabr kuni Oqoltin tumanlararo fuqarolik sudiga ariza topshirdim. Men o‘z misolimda Indorama qilayotgan barcha diskriminatsiya va qonun buzilishlarini sudda ochiq ko‘rsataman¸ - deydi Agaydarova.

Indorama Agro MChJning Sirdaryo filialida Kadrlar bo‘limi rahbari bo‘lib ishlagan Agaydarova yuborgan hujjatlar¸ kompaniya mahalliy ishchilarning deyarli barchasini ijtimoiy himoyadan mahrum shaklda “mavsumiy ishchi” qilib yollagani va bunday kelishuv ularning istalgan paytda ishdan bo‘shatilishiga huquqiy zamin yaratishini ko‘rsatadi.

-Bular go‘yo mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilgan. Aslida¸ hozir 1000 ta ishchini bo‘shatishga biror alternativasiz tayyor bo‘lib turibdi. Ularning hammasi ko‘chada qoladi. Qog‘ozdagi gaplarning hammasi yolg‘on¸ - deydi Agaydarova.

Indorama Agro ayni buxgelterlik lavozimi uchun erkaklarga ayollarga nisbatan ikki baravar ko‘p oylik to‘lamoqda
Indorama Agro ayni buxgelterlik lavozimi uchun erkaklarga ayollarga nisbatan ikki baravar ko‘p oylik to‘lamoqda

Roza Agaydarova Ozodlikka taqdim qilgan hujjatlar shuningdek, O‘zbekistonga “xalqaro¸ progressiv standartlarni olib kirishi” iddao qilingan Indoramaning ayni ish uchun erkak xodimlarga ikki baravar ko‘p haq to‘lashini ko‘rsatadi.

Fermerlar Indoramaga o‘z yerini “ko‘ngilli” ravishda bergan emas!

Adolat Abdurazzoqova Bosh vazirning 2018 - yil avgustidagi qarori bilan Sirdaryo viloyatining Oqoltin va Sardoba tumanlaridagi o‘n minglab gektar yer Indoramaga berilgunga qadar 15 yil fermerlik bilan shug‘ullangan.

U o‘zi paxta va g‘alla ekib kelgan 80 gektar yerning “xorij investori”ga 49 yilga berib yuborilganidan 2018 - yil dekabrida xabar topgan.

- Hokimlik go‘yo men va boshqa fermerlar o‘z yerini ixtiyoriy ravishda Indoramaga bergan¸ degan soxta tilxat rasmiylashtirgan. Men bunaqa xat umuman yozgan emasman. Norozilarni bostirish uchun¸ fermerlarni Indorama brigadir qilib oladi¸ deyishdi. Mart oyida meni 2 million oylik bilan o‘zimning yerimga brigadir qilib ishga oldi. Yerni sifatli tayyorlamadi¸ mosh ekamiz dedi ekmadi¸ quruq qoldi yerim. 3 oy ishlaganimdan keyin¸ tabel yozmadi. Brigadirdan mavsumiy ishchiga tushirdi¸ unga ham ish haqi yozmadi. Hozirgi kunda ish yo‘q¸ oylikni bermayapti¸ - deydi uch farzandning onasi Adolat Abdurazzoqova.

Sirdaryolik aksar fermerlardan hokim¸ melisa¸ prokuror tepasida turib¸ yeridan “ixtiyoriy ravishda voz kechish” haqida majburiy ariza yozdirib olganini iddao qilgan Abdurazzoqova¸ o‘z yeridagi 5 nafar ishchisi Indorama kelganidan so‘ng ishsiz qolgani va Rossiyaga ish izlab ketishga majbur bo‘lganini aytadi.

-Qolganlar ilojsizlikdan ishlayapti. Bir million so‘mga tirikchilik qilish nihoyatda og‘ir. Avvallari g‘allaning o‘rniga mosh¸ tariq¸ qovun¸ oshqovoq ekilardi¸ mavsumiy ishchilarga yer berilardi, sal daromad qilib olishi uchun. Hozir takroriy ekindan olinadigan daromad yo‘q bo‘ldi. Odamlarning tirikchilik manbasi bitta sigir¸ to‘rtta qo‘y bo‘lsa¸ Indorama dalaning chetiga ham mollarni yaqinlashtirmayapti. Sababi¸ yadoximikatlarga o‘tganidan keyin¸ bu daladan o‘t yegan mol zaharlanib o‘ladi. O‘ldi ham. Yadoximikatlardan barglar zaharlangani uchun bu yil majburan tutilgan pilla qurtlari ham o‘lib qoldi¸ - deydi 15 yil fermerlik qilgan Abdurazzoqova.

Fermer ayol aytgan bu gaplarni mahalliy agronomlar ham tasdiqlaydi.

Latif Ahmedov 2019 - yil martidan 2020 martigacha Indorama Agro MChJning Sirdaryo filialida ishlagan agronom-entomolog. 2005 - yildan 2016 - yilgacha Ahmedov Oqoltin tumani O‘simliklarni himoya qilish bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Ozodlik bilan suhbatda Latif Ahmedov Indoramani O‘zbekiston iqlimi va tuprog‘ini tushunmaslik¸ zaharli ximikatlardan ortiqcha foydalanish orqali sog‘lom dehqonchilik uchun zarur bo‘lgan foydali hasharotlarga qirg‘in keltirganlik¸ aholi chorva mollariga ziyon yetkazayotganlikda ayblaydi.

Suhbatdosh¸ Indorama Agro MChJ O‘zbekiston paxtachiligiga ilg‘or texnologiyalar¸ xususan suv va mineral o‘g‘itlardan foydalanishning yuqori standartlarga javob beradigan¸ ekologik vaziyatni yaxshilaydigan usullarini joriy qilgani haqidagi iddaolarni rad qiladi.

-Bularda 1 sentner hosil olish uchun qancha mablag‘ ketishi to‘g‘risida texnologik karta ishlab chiqilmagan. Texnologik karta yer bal boniteti¸ yerga kancha mineral o‘g‘it solish¸ texnika xarajatlari, ish haqi, diztoplivo sarflari va hokazolardan kelib chiqib tuziladi. Indorama kelgunga qadar paxtachilikda asosan bioo‘g‘it ishlatilgan bo‘lsa¸ bular yadoximikatlarga o‘tdi. Shu sababli Sirdaryo hududida foydali hashoratlar - trixogramma, oltinko‘z, brakon, xonqizi, beshiktervatar qirilib ketdi. Oqibatda¸ paxtada ko‘sak qurti, shira tripslar ekilgan bug‘doylar va dala va yo‘l chetlariga ekilgan daraxtlarga zarar keltirmoqda. Oqoltin va Sardoba tumanlaridagi fermerlarga xizmat ko‘rsatib kelgan biolaboratoriyalar, Indorama yoppasiga yadoximikat ishlatayotgani sababli o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Laboratoriyalarda ishlab kelgan yuzlab ayol ishsiz qoldi¸ - deydi Ahmedov.

Indorama Agrodagi faoliyatidan kelib chiqib Ahmedov¸ MChJning Sirdaryo dalalarida inson va hayvonlar sog‘lig‘i uchun juda ham zararli sanaladigan tarkibida glifosat bo‘lgan SVIP 48% SL¸ Reglone super 150 SL va ShOGUN KE gerbetsidlarini “juda ham ko‘p ishlatishi”ni bildirdi.

Latif Ahmedov¸ qolaversa¸ Oqoltin tumani mahalliy mulozimlaridan birining shaxsini ochiqlamasdan Ozodlikka aytishicha¸ zaharli ximikatlarni haddan ziyod ko‘p ishlatish oqibati Sirdaryo yerlarining hosildorligi misli ko‘rilmagan darajada pasayib ketgan.

Oqoltin tumanida 6000 gektar paxta ekilgan, shundan 3000 gektar yerni Sardobadagi suv toshqini urib ketdi. A.Tohirov ,R .Musamuhamedov hududlari to‘lig‘icha¸ Bobur hududi esa qisman suv tagida qoldi. Qolgan 3000 gektar yerdan 2700 tonna paxta topshirildi. Bu degani 7 senterdan hosil olingan”¸ - deydi mahalliy mulozim.

Latif Ahmedov ham o‘zi shaxsan tanish bo‘lgan uchta karta asosida Indorama Agro MChJga qarashli hududlardagi hosildorlikning 2020 - yili 5-8 sentnerga tushib ketganini aytadi.

- Defolyatsiyadan keyin srazu yerni haydab tashlashdi¸ go‘zapoyasini izmelchitel bilan diskalab tashladi¸ chunki bu kartalardagi paxtani ko‘sak qurti yeb tashladi. O‘zbek fermeri boshida, falon sentnerdan kam hosil olsang yeringni olaman¸ o‘zingni qamataman¸ deb kelgan hokimchalarning hammasi nafasini ichiga yutib, tomoshabin bo‘lib turibdi. Kimdir nimadir desa¸ Indoramaning orqasida prezident turibdi¸ siyosatga aralashma¸ deb tahdid qilinadi¸ - deydi Ahmedov.

“Indorama ishlatayotgan kimyoviy o‘g‘itlar aholi va atrof-muhitni zaharlamoqda”

Indorama Agro MChJning o‘ziga berilgan 54 ming gektarlik hududda zaharli kimyoviy o‘g‘itlarni ishlatayotgani¸ nafaqat o‘zbek mutaxassislari va mahalliy aholi¸ balki xalqaro kuzatuvchilarni ham xavotirga solmoqda.

Jamoatchilik puliga moliyalashtiriladigan loyihalarni monitoring qilish bilan shug‘ullanuvchi CEE Bankwatch Network nohukumat guruhi Indorama Agroning O‘zbekistondagi faoliyatining atrof-muhit va aholi turmushiga ta’sirini jiddiy tahlil qilmay turib¸ bu kompaniyaga kredit ajratishga shoshmaslikni so‘ramoqda.

YeTTBning Indorama Agro MChJga navbatdagi 70 million dollarlik kredit ajratish loyihasini o‘rganib chiqqan CEE Bankwatch Network tadqiqotchisi Nina Lesixina¸ pestitsidlardan foydalanish oqibatida suv¸ tuproq¸ iqlim o‘zgarishi va inson salomatligiga yetadigan zarar to‘liq o‘rganilmaganini ta’kidlaydi.

- O‘zbekiston loyihasida ishlatilishi ko‘zda tutilgan ayrim pestitsidlarni ishlatish¸ inson salomatligi va atrof-muhitga yetkazadigan zarari bois¸ YeI hududida cheklangan. Xususan¸ saraton qo‘zg‘atuvchi va endokrin tizimni ishdan chiqaruvchi ta’siri bois glifosatdan foydalanish xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirozga uchrab kelmoqda, - deydi Lesixina.

Indorama Agro MChJga pul berayotgan YeTTB uning faoliyatini oqlashga urindi

Ozodlik sirdaryolik fermer va ishchilar¸ qolaversa¸ CEE Bankwatch Network bildirgan e’tirozlarga munosabat bildirishni so‘rab¸ Indorama Agro MChJga 70 million dollar kredit ajratishga hozirlanayotgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki matbuot xizmatiga murojaat qildi.

Ozodlikning Indorama Agro faoliyati bilan bog‘liq savollariga yozma javob bergan
YeTTB¸ o‘zbekistonlik dehqon-fermerlar¸ qolaversa¸ xalqaro nohukumat guruhi ta’kidlayotgan muammolar ko‘lamining nihoyatda minimal ekanini bildirdi.

Xususan¸ YeTTB Indorama O‘zbekiston yerlarida zaharli ximikatlardan ommaviy ravishda foydalanishga o‘tgani va buning oqibatida aholi salomatligi va atrof-muhitga jiddiy ziyon yetayotgani haqidagi xavotirlarni rad qildi.

- Bu loyiha avvaldan paxtachilik qilib kelingan va shu bois qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan ximikatlar¸ suv va yerni yomon boshqarishdan ta’sir ko‘rgan yerlarda amalga oshirilmoqda. 2019 - yili bevosita ushbu hududda amalga oshirilgan tekshiruvlar xulosasiga ko‘ra¸ YeTTB pul ajratishi kutilayotgan loyihaning allaqachon ifloslangan atrof-muhitga ta’siri nisbatan ijobiy bo‘lishi kutilmoqda.

Bundan tashqari¸ Indorama ishlatayotgan ximikatlardan birortasi taqiqlanmagan va YeI tomonidan foydalanishga ruxsat etilgan (buni Bankwatch ham tan olgan). Loyihadan ko‘zlanayotgan maqsadlar doirasida Indoramaning bu yo‘nalishda mavjud eng yaxshi tajribalarni qo‘llash orqali yer va suvning ifloslanishini kamaytirishi belgilangan va vaziyatni baholash davom etadi. Bunga qo‘shimcha ravishda Indorama zararkunandalarga qarshi kurashni kompleks boshqarish (IPM) siyosatini ishlab chiqdi va uni o‘ziga qarashli xo‘jaliklarda amalga oshirmoqda. Loyihaning atrof-muhit va ijtimoiy hayotga ta’sirini o‘rganish davomida Indorama ishlatadigan ximikatlarning u yerda yashovchi jamoalarga ta’siri minimal darajada¸ deb topildi. Bu muammolarning barchasi loyihaning to‘ldirib borilayotgan Ekologik va Ijtimoiy menejment rejasida e’tirof etilgan va uni hal qilish usullari ko‘zda tutilgan¸ - deyiladi YeTTB rasmiy javobida.

Indorama Agro rahbarlari Ozodlik murojaatlarini javobsiz qoldirdi

Ozodlik sirdaryolik ishchi-xodimlar¸ qolaversa xalqaro nohukumat guruhi bildirgan jiddiy xavotirlarga munosabat olish maqsadida dekabr oyining so‘nggi 10 kunligi davomida mavjud kommunikatsiya vositalarining barchasi orqali Indorama Agro MChJning respublika¸ qolaversa¸ Sirdaryo filiali rahbarlari bilan bog‘lanishga harakat qildi.

YeTTB loyihalari¸ Indorama Agro rasmiy saytida bog‘lanish uchun taqdim etilgan telefon raqami (+998 71 233 2264) aslida faks raqami bo‘lgani bois bu raqam orqali bog‘lanishning umuman imkoni bo‘lmadi.

Indorama Agro saytida aloqa uchun berilgan infoh@ indorama-agro.com elektron pochtasiga 22 - dekabr kuni yuborilgan Ozodlik so‘roviga ham hozirga qadar biror javob berilmadi.

Indorama Agro Sirdaryo filiali tijoriy direktori bo‘lgan Kuldeep Kumarning mobil telefoniga qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob bo‘lmagani ortidan Ozodlik hindistonlik menejerga Telegram orqali murojaat qildi. Ozodlikning ishchi-xizmatchilar shikoyatiga munosabat so‘rab qilingan bu murojaatini ochib o‘qigan Kumar, uni javobsiz qoldirdi.

Xalqaro moliya tizimlaridan 70 million dollarlik kredit olishga asos bo‘lgan loyihasida Indorama Agro MChJ bu loyihaga bildiriladigan har qanday e’tirozning o‘rganilishi va shikoyatchilarga nisbatan hech qanday bosim bo‘lmasligini va’da qilgan.

-Indorama Agro, manfaatdor tomonlar va shaxslarning fikrlarini qadrlaydi. Kompaniyaning shikoyatlarni ko‘rib chiqish mexanizmi shikoyatlar berish va ularni ko‘rib chiqish jarayonini oson, oshkora va izchil ta’minlashga qaratilgan. Barcha shikoyatlar yashirin tarzda ko‘rib chiqiladi. Murojaat uchun hech qanday salbiy ta’sirlar bo‘lmasligi kerak va murojaat qiluvchilarga qarshi javob choralariga yo‘l qo‘yilmaydi¸deyilgan kompaniya jamoatchilikka yoyinlagan bayonotida.

Ayni paytda Ozodlikning ketma-ket murojaatlari ortidan Indorama Agro MChJ ning hindistonlik boshqaruvchilari mahalliy mas’ullariga masalani zudlik bilan “bosdi-bosdi qilish”ni buyurgan.

Ozodlik ixtiyoridagi audioyozuvlarda Kumar Telegramiga yozgan murojaatidan yarim soat o‘tib-o‘tmasdan¸ Indorama Agroning Sirdaryo filiali boshqaruvchisi Jasur Husanxodjayev ayrim shikoyatchilarga qo‘ng‘iroq qilib¸ Ozodlikka gapirish oqibatlaridan ogohlantiradi.

Bu kompaniya ortida kim turganini pisanda qilgan Husanxodjayev Indorama Agro ishchilari Ozodlikka gapirgan taqdirda¸ hind kompaniyasi “to‘nini teskari kiyib¸ ularning hammasini bo‘shatib tashlashi” bilan tahdid qiladi.

Buni kim boshlaganini yaxshi bilamiz. Hoziroq bosdi-bosdi bo‘lmasa¸ hammaga yomon bo‘ladi”¸ - deydi bu audiolarda jumladan, Husanxodjayev.

Sirdaryoliklar shikoyatlari bilan ishlashga rasman mas’ul bo‘lgan Jasur Husanxodjayev 21-23 - dekabr kunlari Indorama Agro rasmiy varaqasida berilgan telefon raqamiga qilingan qo‘ng‘iroqlarga ham¸ shu raqamdagi Telegram akkauntiga yozilgan murojaatga ham javob bermadi.

XS
SM
MD
LG