Suriya g‘arbidagi qator obyektlarga 9-sentyabrga o‘tar kechasi berilgan zarbalar oqibatida kamida 16 kishi qurbon bo‘lgan, o‘nlab odam yaralangan. Bu haqda xabar qilgan Suriya davlat ommaviy axborot vositalari hujumda Isroilni ayblab chiqishdi. Isroil harbiylari bunday paytlarda odatan izohdan tiyilishadi.
Suriyaning davlatga qarashli SANA agentligi armiyadagi o‘z manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda, Isroil qator harbiy obyektlarga zarba berganini iddao qilgan. Reuters agentligi esa mintaqadagi qator mamlakatlar razvedkalaridagi manbalarga tayanib, zarbaga kimyoviy qurol muammolari bilan ham shug‘ullanuvchi Masyafdagi harbiy ilmiy-tadqiqot instituti nishon bo‘lganini iddao qilmoqda. Shuningdek, eronlik harbiy ekspertlar tomonidan foydalanib kelingan obyektlarga zarba berilgani aytilmoqda.
Qarorgohi Britaniyada bo‘lgan Suriya inson huquqlari monitoring markazi “eronparast guruhlar va qurol ishlab chiqarish bo‘yicha ekspertlar bo‘lgan Masyafdagi ilmiy-tadqiqot markazlari joylashgan hududda” 13 ta qattiq portlashlar bo‘lgani haqida ma’lumot tarqatgan.
Biroq Damashq va Tehrondagilar gap kimyoviy qurol bilan bog‘liq institut haqida ketayotganini inkor qilgan, Eron TIV vakili Nosir Kan’oniy esa Suriya hududiga zarbalar berilganini tasdiqlar ekan, zarbaga nishon bo‘lgan obyektning Eronga aloqasi yo‘qligini bildirgan.
Isroil vaqti-vaqti bilan Suriyadagi hadaflarni, ayniqsa eronparast guruhlarga aloqador obyektlarni nishonga olib keladi, ular esa o‘z navbatida Isroilning shimoliy hududlarini o‘qqa tutib turishadi.
Joriy yilning 1-aprelida Isroil Eronning Damashqdagi konsulligi binosiga zarba bergan, buning natijasida eronlik yuqori lavozimli zobitlar halok bo‘lgan edi. Aprel oyi o‘rtalarida Eron Isroil hududi bo‘ylab misli ko‘rilmagan zarbalar berib, buni qasos amaliyoti deb atagan edi. O‘sha hujumda Eron tomonidan otilgan raketa va uchirilgan dronlarning aksariyati urib tushirilgan, hodisa chog‘ida hech kim halok bo‘lmagandi.