Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 23:44

Suriyadagi o‘zbek jangarilari - ortda qamoq, oldinda-chi?


Suriyadagi o‘zbek jangarilari (surat ijtimoiy tarmoqlarga o‘tgan ikki hafta ichida joylangan videolardan olindi)
Suriyadagi o‘zbek jangarilari (surat ijtimoiy tarmoqlarga o‘tgan ikki hafta ichida joylangan videolardan olindi)

Suriyada 11 kun ichida prezident Bashar Asadni hokimiyatdan ag‘dargan qurolli islomiy muxolifatning Damashqqa yurishi chog‘ida tarmoqlarda o‘zbek tilida so‘zlashuvchi jangarilarning o‘nlab videolari tarqaldi.

8-dekabr kuni Suriyada Asadlar xonadonining yarim asrdan ko‘p davom etgan hukmronligi nihoyasiga yetdi - Bashar Asad rejimi quladi.

Bu rejimni qulatgan “Hay’at Tahrir ash-Shom” nomli qurolli guruh safida o‘nga yaqin, jumladan “Tavhid va Jihod” deb nomlangan o‘zbek jangarilari guruhi bor.

AQSH, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Turkiya, Rossiya va BMT tomonidan terrorchi sifatida tasniflangan “Hay’at Tahrir ash-Shom” shu kunda Suriyada yangi hukumatni shakllantirishga urinmoqda.

So‘nggi 13 yillik fuqarolar urushi davrida bu mamlakatda bo‘lgan turli xorijiy qurolli guruhlar, xususan, yuzlab jangari o‘zbeklarga Suriyaning yangi iqtidorida o‘rin bormi va ularni endi nima kutadi?
------------------------------------

Asad rejimining qulashi

28-noyabr kuni o‘zini “Hay’at Tahrir ash-Shom”, deb tanitgan qurolli jangarilar guruhi Suriyada prezident Bashar Asad armiyasiga qarshi yirik hujum boshladi.

Bu guruh va uning safiga birlashgan boshqa kichik jangari guruhlar Suriya armiyasi va unga ittifoqdosh bo‘lgan eronparast guruhlarning Halab g‘arbidagi pozitsiyalariga keng ko‘lamli hujumlarni amalga oshirdi.

Asadning qurolli muxoliflari va ittifoqchilarini Suriyaning mahalliy aholisi qo‘llab quvvatlagani, Suriya armiyasi askarlari jiddiy qarshilik ko‘rsatmagani kuzatildi.

Aksar ekspertlar bunday natijani kutilgan hol sifatida baholamoqda. Ularga ko‘ra, hozir Asad rejimining ittifoqchisi bo‘lgan Hizbulloh Isroilning Livandagi amaliyotlariga javob berish bilan ovora. Asadning yana bir ittifoqchisi Rossiyaning esa Ukrainadagi urush bois, sillasi qurigan palla.

“Eronda Hizbulloh, Rossiyada esa “Vagner” guruhlari bor edi. Mana shu guruhlar qurollangan muxolifatning Asad rejimiga qarshi 2011-yildagi ilk hujumlarida shu guruhlar Asad armiyasiga yordam berib, rag‘batlantirgan edi. Bu gal Rossiya va Erondan yordam kelmasligi ma’lum bo‘lgach, Suriya armiyasining ruhi tushib ketdi. Ikkinchidan, Bashar Asad rejimi o‘tgan yillarda o‘zining iqtisodiy resurslari bazasini yo‘qotdi. O‘z askarlariga ular istagan maosh, ya’ni rejimga xayrihohlikni saqlashi mumkin bo‘lgan maoshni bera olmadi. Uchinchisi va eng muhimi, qurollangan muxolifat Rossiya-Ukraina urushi yoki Tog‘li Qorabog‘ni qaytarib olish taktikasidagi tajribani o‘zlashtirdi, masalan dron va boshqa texnologiyalarni qo‘llashdi. Shuning natijasida Asad armiyasi tahlikaga tushib, tum-taraqay bo‘lib qochib ketdi”, deydi Germaniyadagi o‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi Xurshid Habib.

Suriya rejimining qurolli muxoliflari 10 kun ichida - jiddiy qarshiliklarsiz, prezident Asadni hokimiyatdan ag‘dardi. 8-dekabr kuni esa Bashar Asad oilasi bilan Suriyani tark etib, Rossiyadan boshpana topgani ma’lum bo‘ldi.

Qurolli to‘qnashuv sabablari

10 kun ichida Asadni hokimiyatdan ag‘dargan bu qurolli to‘qnashuv tarixi aslida 2011-yilda bo‘lgan “arab bahori”dan boshlanadi.

2011-yilning yanvarida Tunis, fevralda Misr, Bahrayn, Liviya kabi arab davlatlarida aholining ommaviy noroziliklari boshlanib ketdi.

Bu davlatlarda turmush darajasini oshirish, haq va huquqlarni ta’minlash hamda demokratik qadriyatlarni tiklashni so‘rab chiqqan xalq namoyishlari kuzatila boshlandi.

Bu davlatlar orasida Suriya ham bor edi va bu namoyishlar Asad kuchlari tomonidan vahshiyona bostirildi, ammo to‘xtamadi.

Boisi, aynan Suriyadagi namoyishlar ildizi, boshqa arab davlatlaridagidan ham chuqurroq tarixga - 1970-yillarda Suriyada boshlangan Bashar Asadning otasi - Hofiz Asad boshchilik qilgan harbiy to‘ntarish ortidan alaviylarning hokimiyatga kelishiga taqaladi.

O‘shanda Suriyada “alaviy” va “sunniy” diniy jamoalari o‘rtasidagi ziddiyat boshlangan va u 55 yildan buyon tinmayotgan edi. Asadlar oilasi “alaviy”lardan. Nisbatan sekulyar bu diniy oqim avvaliga Islom dinining bir bo‘lagi ham hisoblanmagan. Ammo, 1963-yilda aynan Suriyada bu oqim shia mazhabining bir bo‘lagi, deb e’lon qilingan.

“Har qanday avtoritar rejimni barqaror ushlab turadigan to‘rtta ustun bor. Birinchisi, iqtisodiy resurslar bazasi. Ikkinchisi, harbiylar va kuch ishlatar organlarning rejimga xayrixohligi yoki sadoqati. Uchinchisi, qudratli tashqi kuchlarning rejimga xayrixohligi, manfaatdorligi va shu orqali qo‘llashi. To‘rtinchisi, rejimning bu mamlakatni yuksak marralarga olib ketayotganini ko‘rsatuvchi va uni oqlovchi mafkura. Bashar Asad rejimi mana shu to‘rt ustunning birin-ketin qulashi oqibatida chil-parchin bo‘ldi”, deb hisoblaydi Xurshid Xabib.

1970-yilda harbiy to‘ntarish ortidan hokimiyatga kelgan Hafiz Asad mamlakatni o‘ta qattiqqo‘l diktatura ostida boshqardi. Hatto, 1962-yilda e’lon qilingan favqulodda holat rejimi 2011-yilga qadar ham bekor qilinmagan edi.

Garchi bu namoyishlar vaqtida salkam 50 yillik favqulodda holatni bekor qilgan bo‘lsa-da, Bashar Asad ham otasi kabi, namoyishlarni shavqatsiz qurolli kuch bilan bostirdi.

Bu esa mamlakatda zimdan tinmagan “shia” va “sunniy” mazhablararo nizoni battar kuchaytirdi oqibatda, bu nizo Suriya chegaralaridan chiqib, xalqaro qurolli mojaroga aylanib ketdi.

Dunyoning turli davlatlaridan “sunniy” va “shia” musulmonlari jangchilar safiga qo‘shilish uchun Suriyaga bordi. Bular orasida minglab o‘zbekistonlik ham qo‘liga qurol olgani kuzatildi.

Bu nizo 2017-yilgacha - Asad rejimi Rossiya va Eron ko‘magida muxoliflarini tor-mor qilgunicha davom etdi.

“Asad eng totalitar tizimlardan birini yaratdi, bu yerda bolalar o‘z ota-onalariga, xotin esa eriga qarshi shikoyat arizasini yozib berishi mumkin edi. Asad davlat qurmadi, aholining sodiqligini ta’minlamadi, o‘z qurolli kuchlariga sarmoya qilmadi. Aksincha, tashqaridan yordam kutdi - birinchi navbatda Hizbullohdan, ruslardan, mijozlari Eron va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusidan yordam umid qildi. Qo‘shinlar va ijro apparati uchun bu urushga kirishiga arziydigan g‘oya yo‘q edi. Buning ustiga ular yolchitib haq ham to‘lanmagan. Natijada, askarlar qocha boshladilar. Bir kun ichida butun boshli korpus g‘oyib bo‘ldi - 10 mingga yaqin harbiy jihodchilar bilan jang qilmaslik uchun shunchaki uylariga ketishdi, tarqalib har tarafga qochdi", deydi Sergey Danilov, Rossiya Yaqin Sharq tadqiqotlari direktori.

Qurolli islomiy muxolifat

HTSH - islomiy jangari guruh, a’zolari asosan salafiylar, ya’ni sunniy islomning o‘ta radikal oqimi vakillari sifatida ko‘riladi.

Bu guruh va ittifoqchilari Suriyada shariat asosida boshqariladigan davlat o‘rnatishga intilishini bildirgan.

Guruh Turkiya bilan aloqasi borligi aytiladigan “Suriya ozodligi” qurollangan muxolif guruhiga bay’at keltirganini bildirgan va ayni paytda ushbu muxolifatning eng quvvatli qanoti ko‘riladi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda bu guruh tarkibida 6 - 15 ming atrofida jangari bo‘lgan. AQSH razvedkasining baholashicha, bu guruhning 5000 dan 10000 gacha a’zosi bor.

Guruh 2012-yilda, Suriyadagi fuqarolar urushi boshlanganidan bir yil o‘tib paydo bo‘lgan. Dastlab u “Jabhat an-Nusra” yoki “Nusra fronti” nomi bilan, “Al-Qoida”ning Suriyadagi tarmog‘i sifatida faoliyat boshlagan.

Uning yetakchisi Abu Muhammad al-Jo‘loniy, avvaliga Iroqdagi “Al-Qoida” rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiyga bo‘ysungan.

Keyinchalik Bag‘dodiy “Al-Qoida” bilan aloqalarini uzib, "Islomiy davlat" (ISHID) ekstremistik guruhini tuzgach va 2014-yilda Suriya hamda Iroqning bir qismini o‘z ichiga olgan halifalikni e’lon qilgach, Jo‘loniy bu guruhga qo‘shilishdan bosh tortgandi.

“Islomiy davlat” terrorchi guruhi 21 asr boshida Yaqin Sharqda paydo bo‘lgan va dunyoning o‘nlab davlatini unga qarshi kurashda birlashishiga sabab bo‘lgan juda katta jinoiy-terrorchi guruh sifatida tarixda qoldi.

Bu tashkilotga qarshi urush 4 yil - 2019-yilgacha davom etdi va urush asosan Suriya hududida bo‘ldi. Bu janglarda faol qatnashgan “Nusra fronti” har doim Suriya prezidenti Asad rejimiga qarshi kurash bosh maqsadi ekanini da’vo qilib kelgan.

2017-yilda Asad rejimidan yengilgach, Jo‘loniy guruhi Suriyaning shimoli-g‘arbiga chekindi va u yerda qolgan-qutgan muxoliflar bilan birlashib, “Hay’at Tahrir ash-Shom” guruhini tuzganini bildirdi.

Guruh 2018-yilda Vashington tomonidan terrorchi tashkilot sifatida qora ro‘yxatga kiritilgan va uning rahbari Jo‘loniyning boshiga 10 million dollar mukofot e’lon qilingandi.

Buning ortidan, HTSH Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Turkiya, Rossiya va BMT tomonidan terrorchi tashkilot sifatida tasniflangan.

Abu Muhammad al-Jo‘loniyning o‘zi esa 2016-yilgacha Al-Qoida tashkilotining Suriyadagi bo‘limi rahbari sifatida tanilgandi. Keyinchalik u “Al-Qoida”dan ajralib chiqib, global jihodga qo‘shilishni istamagan va asosiy maqsadi alaviy Asad rejimini ag‘darishni istagan jangarilarni HTSHga birlashtirdi.

Hozirga kelib, 42 yashar Jo‘loniy o‘zini ko‘proq siyosiy lider sifatida taqdim qilmoqda. U g‘arbdagi qator telekanallar, jumladan CNN da ham chiqish qilib, Suriyada hukumat tinch yo‘l bilan almashishini va’da qildi, ungacha Suriya davlat muassasalari amaldagi bosh vazir nazorati ostida qolishini aytdi.

NBC News telekanali bergan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, shu kunda Bayden ma’muriyati HTSHni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishni ko‘rib chiqmoqda. Ammo, bu xabar hali Oq Uy tomonidan rasman tasdiqlangani yo‘q.

“Suriyada davlat va jamiyat strukturasi juda murakkab. Bu ko‘p millatli va ko‘p dinli mamlakat. Arablar, kurdlar, turkmanlar va boshqa millatlar bor. Diniy jihatdan esa sunniy musulmonlar, shialar, alaviylar, darziylar bor va hokazo. Shu ma’noda, bu yerda muxolfat ham butun, yakdil bir harakat emas. Bundan tashqari, muxolifat safidagi qurolli guruhlarni qo‘llab turgan, turli tashqi kuchlar ham bor. Hozir bu mintaqada asosiy o‘yinchi Turkiya bo‘lib olmoqda. Ammo, bu yerda kurdlarni qo‘llayotgan AQSH harbiylari va shu kunda Suriyaga havodan hujum qilayotgan Isroil bor. Shuning uchun, keyinchalik Suriyada tashkil qilingan hukumatida boshqa din yoki millat vakillari ham ishtirok etadimi? Suriya federativ davlat bo‘ladimi yoki unitar bo‘ladimi? Prezident qanday saylanadi yoki tayinlanadi? Oldindagi bu jarayon aslida qurollangan muholifatning 13 yil davom etgan urushidan ham og‘irroq kurash bo‘lishi mumkin”, deb hisoblaydi siyosiy tahlilchi Xurshid Habib.

Suriyadagi jangari o‘zbeklar

2000-yildan beri Suriya hokimiyatida o‘tirgan va bu boshqaruvining so‘nggi 13 yilini fuqarolik urushi bilan o‘tkazgan Asad rejimi qurollangan muxoliflari safida o‘zbek jangarilaridan iborat “Tavhid va Jihod” jamoati ko‘rindi.

O‘zining o‘zbekistonlik ekanini aytayotgan o‘ndan ortiq jangari shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Suriyadagi jang harakatlarini faol yoritmoqda.

Aksari 30 - 40 yoshlar atrofida, janglarda toblangan ko‘rinadi. Ular Suriya hududidagi janglarda qatnashish, unda shahid ketishni o‘zlari uchun oliy maqsad, deb aytmoqda. Shuningdek, ular shu kungacha prezident Asad hokimiyatini ag‘dargan bugungi jangga hozirlik ko‘rganini iddao qilishadi.

Ammo, bu o‘zbeklarning Suriyadagi bugungi janglarga qayerda va kimning ko‘magida hozirlik ko‘rgani haqida Ozodlikda aniq tasdiqlangan ma’lumot yo‘q. Ayni paytda, Suriyadagi janglarda qatnashgan o‘zbekistonlik jangarilarning umumiy soni ham ma’lum emas.

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yil 20-noyabrdan beri qoldirilgan postlarda Ozodlik kamida 15 nafar o‘zbek ko‘ringanini qayd etdi. Ularning hammasi o‘zbekistonlikmi yoki qirg‘izistonlik o‘zbeklarmi - bunisi noma’lum.

Tarmoqlarga joylagan videolaridan jangarilarning qo‘llarida turli rusumdagi qurollar borligi va ularning taqriban, Suriyaning shu kunga qadar Asadga muxolif jangarilari nazorati ostidagi mintaqalarida jon saqlaganini taxmin qilish mumkin.

Jumladan, kuni kecha tarmoqlarda chiqish qilgan va o‘zini “Tavhid va Jihod” jamoati bosh qo‘mondoni Sayfuddin, deb taqdim qilgan o‘zbek jangarisi o‘z guruhining Suriya shimoli-g‘arbidagi Idlib viloyatida joylashganini aytadi.

Ozodlik so‘nggi ikki hafta ichida aftidan Suriyadan turib, tarmoqlarda ulashilgan chiqishlar hamda tahririyatga kelayotgan ma’lumotlardan, hozirda 200 atrofidagi o‘zbek jangarisi janglarda qatnashayotgani va ularning asosiy qismi o‘zini “Tavhid va Jihod” katibasi askari, deb atashini aniqladi.

Bundan tashqari, so‘nggi haftalarda Suriyada bo‘lgan qurolli nizoni jangarilar safidan turib, o‘zbek tilida ijtimoiy tarmoqlarda faol ulasha boshlagan o‘zbeklar ham kuzatilmoqda.

Hozirgacha Suriya va Iroq hududida harakatlangan o‘zbek jangarilarining 2 ta guruhi ma’lum - “Imom Buxoriy” katibasi hamda “Tavhid va Jihod” katibasi.

2012-2017-yillarda “Imom Buxoriy” katibasi - Suriya hududi shakllangan eng yirik o‘zbek jangarilari guruhi hisoblangan. O‘zini Shayx Salohiddin nomi bilan tanitgan asli namanganlik Akmal Jo‘raboyev "Imom Buxoriy" katibasi asoschisi ko‘riladi. U 2017-yilning aprelida o‘ldirilgan.

Bu guruh hali ham bormi, bo‘lsa, qancha jangarisi bor va ular qayerda - bu haqda Ozodlikda aniq ma’lumot yo‘q.

Ammo, norasmiy manbalar, 2017-yilda yetakchisi o‘lgach, guruh rahbarlari o‘rtasida nizo bo‘lgani, oxir-oqibat guruh tarqalib, uning bir guruh jangarisi “Tavhid va Jihod” katibasi, bir qismi boshqa mahalliy terrorchi guruhlarga birlashgani, yana bir qismi esa Suriya va Turkiyada mahalliy aholi orasiga singib ketganini aytadi.

Turli manbalar, jumladan AQSHdagi The Soufan Group markazi tadqiqotlarida, 2014 - 2017-yillardagi qurolli nizolar paytida Suriyada bo‘lgan bu ikki guruh safida jami 900 ga yaqin o‘zbek jangarisi borligi taxmin qilingan. Ammo, ularning aniq soniga oid tasliqlangan ma’lumot Ozodlikda yo‘q.

“Tavhid va Jihod” terrorchi - AQSH va O‘zbekiston

"Tavhid va Jihod" katibasi 2014-yilda Suriyada tashkil etilgan va tarmoqlarda e’lon qilingan ilk kundan buyon Suriya prezidenti Asad armiyasiga qarshi kurashishini iddao qilgan.

Bu jangari guruh 2014-yilda qirg‘izistonlik Abu Saloh O‘zbekiy tomonidan tuzilgani e’lon qilingan. Uning tarkibida asosan, o‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik o‘zbek jangarilari borligi aytiladi.

So‘nggi 11 kun ichida boshlanib ketgan jang harakatlari ortidan O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari Suriyada yurgan ikki o‘zbekistonlikka nisbatan ayblov e’lon qildi.

Bulardan biri 1995-yilda Jizzax shahrida tug‘ilgan Davlat Tillaberdiyevdir.

“Ushbu shaxsning Turkiyadagi xalqaro terroristik va ekstremistik tashkilot ta’siriga tushgani, shuningdek, 2019-yilning sentyabr oyida aylanma yo‘llar orqali Suriyaga chiqib ketgani aniqlangan. O‘sha yili Tillaberdiyev mazkur davlat hududida “Tavhid va Jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkilotining Havon harbiy bazasida maxsus tayyorgarlikdan o‘tib, Suriya hukumatiga qarshi qurolli harakatlarda ishtirok eta boshlagan”, deyiladi rasmiy ayblovda.

Hozirda Tillaberdiyev, Jinoyat kodeksi 155-2-moddasi 1-qismi, 244-2-moddasi hamda 244-1-moddasi 3-qismida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, qidiruvga berilgani aytildi.

Yana biri shu kunlarda Suriyadan turib ijtimoiy tarmoqlarda Abu Valid laqabi bilan tarmoqlarda chiqish qilayotgan rishtonlik jangari.

“Ayni vaqtda «Abu Valid» laqabi bilan internet tarmoqlariga video tasvirlar joylab borayotgan Nuriddinov Xudoyor Baxtiyor o‘g‘liga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingan. Ushbu shaxs ishtirokidagi video tasvirlarni saqlash, olib yurish va tarqatish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi”, deyiladi rasmiy ayblovda.

O‘zbekistonda so‘nggi yillar davomida "Tavhid va Jihod" katibasiga aloqadorlikda ayblanib, o‘nlab odam qamoq jazosiga hukm qilingani rasman aytilgan. Advokat Muhsinjon Madaminovga ko‘ra, o‘zbek huquq-tartibot idoralari bu masalaga qattiq kirishgan.

“O‘zbekiston fuqarosining biror terrorchi, deb topilgan tashkilotga a’zoligi O‘zbekistonda bilinib qolsa, masalan Internetda, YouTube tarmog‘ida qo‘ygan videolaridan aniq ko‘rinsa, bunday shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Xalqaro qidiruvga beriladi va terrorizmda ayblangan shaxslarga Interpol orqali yashil rang berib qo‘yiladi, adashmasam. O‘zbekiston bu narsa bo‘yicha keskin kurashadi. Biqinimizda Afg‘oniston bor. O‘zbekistonda, tan olshimiz kerak, Islom tez radikallashib qoladi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Masalan, men buni Islom dinining taqibga olinishi natijasi, deb hisoblayman. Lekin shunday holat bor. Terrorchilik tashkilotiga a’zo bo‘ladigan shaxs tashkilotga a’zolikka qabul qilinishi bilan bog‘liq ma’lum bir protseduradan o‘tadi. Men ish faoliyatimda terrorchilik yoki ekstremizmda ayblangan biror shaxs shunday protseduradan o‘tganini tasdiqlovchi dalil mavjud bo‘lgan jinoyat ishi bilan to‘qnash kelmaganman. Bizda bu amaliyot biroz inson huquqlari buzilishiga olib keladi. Avvalambor, aholi ongiga ta’sir qiladigan darajada - aholini dindan qo‘rqitmasdan, dindor bo‘lgani uchun esa davlatdan qo‘rqitmasdan, bosiqlik bilan buni tushuntirish kerak”, deydi Muhsinjon Madaminov.

Global qochqinlar muammosi

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko‘ra, Suriyadagi mojaro qurbonlari soni 220 mingdan ortiqni tashkil qiladi.

BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari bergan ma’lumotga ko‘ra, 2018-yilning 1-dekabr holatiga, 45 davlatda 6 million 664 ming 415 suriyalik qochqin rasman ro‘yxatga olingan.

Ulardan 1 million 999 ming 325 nafari ayol va 3 million 398 ming 852 nafari boladir. Qochqinlarning asosiy qismi Turkiyada - 3,6 million, Livanda - 950 ming, Iordaniyada - 675 ming, Germaniyada - 535 ming, Iroqda esa - 252 ming atrofida bo‘lgan.

Ya’ni, Suriyadagi urush - Yevropada ulkan migratsiya inqirozini yaratdi. Hozir qator Yevropa davlatlari rahbarlari oldiga saylovchilari qo‘ygan asosiy talablardan biri - aynan shu migratsiya inqirozini hal qilish va uning oqibatlarini bartaraf qilish bo‘lib qolmoqda.

Aksar G‘arb ekspertlari, Suriyadagi kutilmagan qurolli isyonning aynan hozir bo‘lishi va Turkiya qo‘llagan muxolifatning qisqa muddatda Bashar Asad rejimini qulatishi ortida - Turkiya, Yevropa Ittifoqi hamda AQSH prezidentligiga saylangan Donald Tramp ma’muriyatining mushtarak maqsadlari turganini taxmin qiladi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on esa so‘nggi yillarda muttasil suriyalik qochqinlarni yurtiga qaytarishini va’da qilib kelayotgan edi. Shu kunda ijtimoiy tarmoqlarda minglab suriyalikning yurtiga qaytayotgani aks etgan videolar yoyilmoqda.

Ayni paytda, qator Yevropa davlatlari suriyalik muhojirlarga boshpana berish amaliyoti hozirdanoq to‘xtaganini ham e’lon qilmoqda.

Hozirda Suriya prezidenti Bashar Asadning qurollangan muxoliflarini qo‘llagan Turkiya - so‘ngi ikki hafta ichidagi qurolli mojarodan eng ko‘p manfaat ko‘rgan davlat bo‘lib qolmoqda.

Millionlab qochqinga boshpana bergan Turkiya, ayni paytda, yuzlab ehtimol minglab jangari va terrorchiga ham jon saqlaydigan makonga aylanib qolgan edi.

O‘z vaqtida Britaniyaning The Guardian nashri Turkiyada rasmiy vizalar yopishtirilgan qalbaki pasport hozirlashga ixtisoslashgan onlayn biznesni fosh qilgan.

Nashr, bunday jinoiy tarmoqlardan biriga Suriya va Iroq hududiga o‘tishni ko‘zlagan jangarilar uchun har bir qalbaki pasportni 15 ming AQSH dollariga sotgan Turkiyada yashovchi o‘zbek yetakchilik qilishini aniqlagan edi.

Turkiya qurolli kuchlari ham muttasil ravishda terrorchi guruhlarga qarshi reydlar o‘tkazib turadi va ularda o‘zbekistonliklarning bot-bot qo‘lga olinishi kuzatiladi.

Hozir boshlangan qurolli nizolar, Suriyaning quruqlikdagi eng uzun chegarasi bo‘lgan Turkiyada yashiringan jangari va terrorchilarni yana Suriyaga jalb qilgani ehtimoli katta.

Ammo, ayni paytda, Suriyada shuning bilan tinchlik boshlanadimi yoki bu qurolli konfliktning yangi davriga boshlang‘ichmi - bu ham mavhum. Boisi, Asad rejimiga qarshi Idlibda birlashgan islomiy jangari guruhlar o‘rtasida ham katta-kichik konfliktlar bor va shu kunga qadar ham ular orasida kichik qurolli nizolar kuzatilayotgan edi.

Bundan tashqari, bu yerdagi jangari guruhlarning maqsadi ham bir-biridan farqli va aksari, Asad rejimi qulagach, jihodiy harakatlarini Suriya hududidan tashqariga ko‘chirish - ya’ni, global jihod istagini ilgari suradi.

Ammo, Asad hokimiyati ag‘darilgach, so‘nggi 10 yillardan buyon Suriyada yurgan minglab jangari, jumladan o‘zbekistonlik islomiy jangarilarni nima kutadi?

“Biror davlatda norasmiy jangari guruhlarning bo‘lishi shunaqa taloto‘plar paytida, fuqarolar urushi va markaziy hokimiyat boshqaruv zandiri buzilgan paytda vujudga keladi. Shuning uchun, bu jangarilar oldida ikki imkoniyat beriladi. Birinchisi va qulayrog‘i, Suriya jamiyatiga integratsiyalashuv. Ikkinchi va qiyin yo‘li, ularning mamlakatiga qaytishi. Bu muammoli masala. Avvalo, ularning jangarilikda birinchi qiladigan ishi o‘z pasportini yoqish an’anasi bo‘lgan. Ularning fuqraoligini aniqlash va qayerdan chiqqanini aniqlash hozir oson masala emas. Eng qulay yechimi - o‘zlari avtoritar rejimiga qarshi kurashgan Suriyada jamiyatiga yopishib, o‘zbekcha aytganda, kirishib ketishlari - o‘zlari uchun ham, oilasi uchun ham yaxshi”, deydi Xurshid Habib.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Suriyada Bashar Asad rejimi ag‘darilishi ortidan Muhammad al-Bashir o‘tish davri hukumatining muvaqqat bosh vaziri etib tanlandi.

U 10-dekabr kungi telemurojaatida mazkur lavozimda 1-martgacha ishlashini aytdi. So‘nggi hujumlarga qadar u qurollangan muxolifat tuzgan “Suriyani qutqarish hukumati”ni boshqarib kelgan.

Bu tuzilma Idlib viloyati doxil mamlakat shimoli-g‘arbidagi hududlarni nazorat qilgan. Al-Bashir AQSH va boshqa mamlakatlarda terror tashkiloti deb tan olingan “Hay’at Tahrir ash-Shom” (HTSH) guruhi lideri Abu Muhammad al-Jo‘loniyning yaqin safdoshi o‘laroq ko‘riladi.

Hozirga qadar qurolli isyonchilar liderlari yangi hukumat saylov yo‘li bilan shakllantirilishini va’da qilmoqda. Ammo, bu qanday amalga oshadi va oldinda Suriyani nima kutmoqda - buni hozircha taxmin qilish qiyin.

XS
SM
MD
LG