Suriya o‘tish davri hukumati rahbari Ahmad ash-Sharaa va Rossiya prezidenti Vladimir Putin ilk bor telefon orqali muloqot qilishdi.
Kreml vakillarining ma’lum qilishlaricha, Putin Moskva gumanitar yordam taqdim qilish doxil Suriyadagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat yaxshilanishiga ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqlagan. Tomonlar savdo-iqtisodiy, ta’limiy va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalarini muhokama qilishgan.
Ash-Sharaa Putin bilan suhbatda mamlakatlar o‘rtasida “mustahkama strategik munosabat” mavjudligiga e’tibor qaratdi, deyilgan Suriya rahbari devonxonasining muzokara ortidan tarqatilgan bayonotida.
“Ash-Sharaa, agar Suriya xalqi manfaatlariga mos tushadigan bo‘lsa, <...> Suriya hamkorlik uchun ochiqligini ta’kidladi”, deya bildirgan Suriya tomoni.
Muhammad al-Jo‘loniy laqabi bilan ham tanilgan Ahmad ash-Sharaa AQSH, Yevropa Ittifoqi davlatlari va Rossiya doxil ko‘plab mamlakatlarda taqiqlangan “Hay’at Tahrir ash-Shom” radikal guruhining lideridir. Avval ash-Sharaa sobiq prezident Bashar Asad rejimi va uni dastaklagan Rossiya qo‘shinlariga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etgan.
O‘tgan yilning dekabr oyi boshlarida “Hay’at Tahrir ash-Shom” boshchiligidagi aksilhukumat guruhlari Asad nazorati ostidagi qo‘shinlar mavqelariga hujum boshlashgan va poytaxt Damashqni o‘z nazoratlari ostiga olishgan. Asad Rossiyaga qochgan.
Moskva Tartus va Xmeymimdagi o‘z harbiy bazalarni saqlab qolishga intilib, Damashqdagi yangi rasmiylar bilan muzokaralar olib bormoqda. Ayni paytda Ozodlikning surishtiruvchi jurnalistlari Rossiya Suriyadan o‘z harbiy mulklarining kattagina qismini olib chiqib ketib bo‘lganini taxmin qilishmoqda.
Yanvar oyi oxirida Suriyada hokimiyat almashganidan keyin ilk bor u yerda Rossiya TIV delegatsiyasi bo‘lib qaytgan. Reuters agentligi Suriya hukmron doiralaridagi manbadan olingan ma’lumotga tayangan holda Suriyaning fe’lan rahbari bo‘lgan Ahmad ash-Sharaa muzokaralarda Moskvadan Bashar Asadni ekstraditsiya qilishni so‘raganini ma’lum qilgan. Bu talab haqida rasman hech qanaqa bayonot berilgan emas.