Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:39

Surxondaryoda prezident “ko‘zi” uchun qurilgan issiqxonalar buzib olib ketildi


Quduqsoy mahallasiga qurilgan o‘nlab issiqxonadan shu qolgan, xolos.
Quduqsoy mahallasiga qurilgan o‘nlab issiqxonadan shu qolgan, xolos.

Surxondaryo viloyat, Bandixon tuman, Quduqsoy mahallasiga qurilgan o‘nlab issiqxona buzib olib ketildi.

Quduqsoyliklarning aytishlaricha, prezident tashrifi uchun qurilgan issiqxonalar Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga 1-2 - iyun kunlari qilgan safari chog‘ida Bandixon tumaniga o‘tmaganidan so‘ng buzilgan.

Avval suv olib kelinmay qurilgan bu issiqxonalarga aholi hech narsa eka olmagan va prezident viloyatga kelib-ketganidan so‘ng, quruvchi firmalar buzib olib ketgan.

Tuman hokimi O‘tkir Choriyev bu issiqxonalar ko‘zbo‘yamachilik uchun qurilganini inkor qilar ekan, ayni paytda o‘sha joyga suv chiqarish va issiqxonalarni qaytadan barpo etish uchun harakat olib borilayotganini aytdi.

Yangi tashkil etilgan Bandixon tumanining Quduqsoy mahallasida qariyb ikki gektar yerga erta bahorda qurilgan issiqxonalar prezidentning Surxondaryo viloyatiga 1-2 - iyun kunlari qilgan safaridan so‘ng, quruvchi tashkilotlar tomonidan buzib olib ketildi.

Quduqsoyliklarning Ozodlikka yuborgan shikoyatida aytilishicha, aholi ish bilan ta’minlanayotganiga misol sifatida qurilgan va prezidentning o‘zi tashkil etgan tumanga kelib qolishi ehtimoli borligi uchun qurilgan bu issiqxonalar ko‘zbo‘yamachilik maqsadida, avval suv olib kelinmasdan bunyod etilgan:

Prezident tashrifi uchun xo‘jakursinga qurilgan issiqxonalar kimga kerak.

“Tumanimizga prezidentning ehtimoliy tashrifi kutilib, ishsiz kambag‘al oilalar uchun tunu kun mehnat qilinib anchagina issiqxonalar qurilgan edi. Lekin prezident Bandixonga kelmaganidan so‘ng issiqxonalar buzilib, olib ketildi. Bu joyda faqat birgina avariya holatidagi issiqxona qoldi. Prezident tashrifi uchun xo‘jakursinga qurilgan issiqxonalar kimga kerak. Tuman hokimligi xalqni va prezidentni shu usul bilan aldamasdan, qurilgan tayyor o‘nlab issiqxonani buzmasdan, kambag‘al ishsiz oilalarga bo‘lib bersa yaxshi va savobli bo‘lmasdimi?”

Ismi sir qolishini so‘ragan quduqsoyliklardan birining Ozodlikka aytishicha, avval suv chiqarmasdan cho‘l hududda issiqxona qilish, hojatxonasiz uy qurish demakdir:

Prezident kelguncha issiqxonalar qaqqayib yotdi, keyin quruvchi tashkilotlar yana buzib olib ketishdi.

“Hokimimiz xalqni o‘ylab qurgan bo‘lsa, nega avval buncha gektar joyni xalq qanday sug‘oradi, suvni qayerdan oladi, deb o‘ylamadi. Suv kanali bizdan bir yarim kilometr uzoqlikda. U yerda bitta nasos bor, fermer paxtasiga o‘sha yerdan suv oladi va o‘ziga arang yetkazadi. Bahorda qurilish boshlanganda biz juda xursand bo‘lgan edik. Aholiga ham kredit olinglar, 10-15 sotixdan bo‘lib beramiz, deyishdi. Lekin odamlar ham go‘l emas, kreditni olib qo‘yib, keyin suvsiz qolib, yemagan somsasi uchun pul to‘lashni xohlamadi va odamlar bundan bosh tortdi. Prezident kelguncha issiqxonalar qaqqayib yotdi, keyin quruvchi tashkilotlar yana buzib olib ketishdi”.

Boshqa bir quduqsoylikning aytishicha, hozir u yerda bitta buzilib yotgan issiqxona qolgan:​

Qishlog‘imizdagi erkaklarning 80 foizi ishsiz, yigitlarimiz har joyda ustachilik qilib kun ko‘radi.

“Issiqxonaga yaqin joyda Eshon bova degan odamning uyi bor. Bitta o‘sha vodovoz bilan suv tashib dehqonchilik qildi. Lekin moshina bilan suv tashib yetkazish qiyin, ulovidan tushovi qimmatga tushadi. Qishlog‘imizdagi erkaklarning 80 foizi ishsiz, yigitlarimiz har joyda ustachilik qilib kun ko‘radi. Agar shu issiqxonalarga suv yetkazilib berganda edi, haqiqatan ham ancha odam ishli bo‘lib qolar edi. Endi uni nima uchun qurishdiyu, nima uchun buzib olib ketishdi? Bu savolga faqat hokim javob berishi mumkin?”

Ozodlik ham quduqsoylikning aynan shu savolini Bandixon tumani hokimi O‘tkir Choriyevga berdi. Hokim issiqxonalar aholini ishli qilish uchun qurilganini aytar ekan, ammo suv masalasini hal qilishga iqtisodiy imkoniyat yetmay qolganini ta’kidladi:

Bir haftaning ichida suv masalasi hal bo‘ladi!”

“Bu issiqxona nasosi va trubasiga 600 million so‘mlik mablag‘ talab etilardi, hozir shu hal bo‘ldi, plyus o‘sha yerdagi aholi ham suv bilan ta’minlanadi. Issiqxonalarni qurgan ta’minotchilar o‘zlari buzib olib ketishdi, chunki talabgorlar bo‘lmadi. Suv masalasi hal bo‘lsa talabgorlar bor. U yerda 30 gektar maydonga issiqxonalar quriladi. Prezident tashrifi uchun qurilib, keyin buzib olib ketildi, degan iddaolarda umuman asos yo‘q. Bir haftaning ichida suv masalasi hal bo‘ladi”.

2010 - yil 24 - dekabrda hukumat qarori bilan Surxondaryo viloyatining Bandixon tumani tugatilib, uning hududi Qiziriq tumaniga birlashtirilgandi.

Prezident topshirig‘i bilan 2020 - yilning 31 - yanvarida «Surxondaryo viloyati tarkibida tashkil etilgan Bandixon tumani hokimligining tashkiliy masalalari hamda 2020—2022 - yillarda tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Hukumat qarori qabul qilindi va yangi tuman rasman tashkil etilgan edi.​

O‘zbekistonda prezident tashrifiga ko‘zbo‘yamachilik qilish marhum prezident Islom Karimov davrida muhim siyosiy tadbirlarning bir qismiga aylangan edi.

Mirziyoyev iqtidorga kelganidan keyin o‘zining joylarga tashrifi oldidan viloyat, tuman va shaharlardagi mutasaddi rahbarlar tomonidan qilinayotgan ko‘zbo‘yamachiliklarni bir necha bor qoralagan.

Ammo bu tanqidlarga qaramay, ko‘zbo‘yamachilik holatlari davom etayotgani kuzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG