Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 15:48

Tahlil: Rossiya yetakchiligidagi KXShT Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlay oladimi?


Iyul oyi boshida AQSh Afg‘onistonni tark etar ekan, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga Moskva kuni kelib o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistonga qayta yuborishi mumkinmi, deb savol berildi. Lavrov bu savolga javob berar ekan, Afg‘oniston bilan uzun chegaraga ega Tojikistonni tilga oldi.

“Menimcha, javob aniq”, dedi Lavrov.

“Biz Tojikiston bilan ittifoqdoshmiz. Agar Tojikistonga hujum uyushtirilsa, albatta, bu KXShTda [Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotida] ko‘rib chiqiladi”.

Bu orada AQSh Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketishni yakunladi, ammo Lavrovga berilgan o‘sha savolga aniq javob bor, deyish mushkul.

Tolibon hokimiyatga qaytishi ortidan KXShT o‘z a’zolari va butun Markaziy Osiyoni Afg‘onistondan kelayotgan har qanday tahdiddan himoya qilishda qanday rol va ahamiyatga ega ekani borasida ko‘plab yangi savollar tug‘ildi.

Rossiya AQSh Markaziy Osiyoga yana qo‘shin yuborishiga to‘sqinlik qilishini ochiq bildirgan. Moskva hatto Markaziy Osiyoga AQSh qo‘shinlarini joylashtirish Afg‘onistonda Tolibon g‘alabasidan ilhomlangan islomiy ekstremistlarni mintaqaga jalb qilishi mumkinligini aytgan. Ammo, bir vaqtning o‘zida Moskva o‘z ta’sir doirasi hisoblovchi Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlashda yetakchi o‘rinni egallashga oshiqmayapti.

Buning o‘rniga Kreml KXShTni mustahkamlash zarurligini ta’kidlamoqda. Moskva hukmronlik qiladigan tashkilotga olti sobiq sovet mamlakati a’zo bo‘lib, Kreml tashkilot yordamida mintaqadagi siyosiy manfaatlarini himoyalab keladi.

“Ittifoq sifatida u ishlamaydi”

1992 - yilda tashkil etilgan tashkilotga hozirda Rossiya bilan bir qatorda Belarus, Armaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston a’zo. Yillar davomida Moskva muntazam ravishda a’zo davlatlar o‘rtasida harbiy integratsiyani chuqurlashtirishga intildi. Ammo a’zo davlatlar, ayniqsa, Rossiya 2014 - yilda Ukrainaning Qrim yarim orolini anneksiya qilib olganidan keyin Moskvaning asl niyatlariga shubha bilan qaray boshlagan.

NATO singari, KXShTning ta’sis shartnomasi o‘zaro mudofaa bandiga ega. Bu shart bugunga qadar biror marta amalda qo‘llanilgani yo‘q.

So‘nggi oylarda Tolibon Afg‘onistonni bosib olib, Kobulga yaqinlashar ekan, Moskva KXShTni shay holatga keltirmoqchi bo‘ldi.

So‘nggi haftalarda tashkilot Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilish uchun favqulodda sessiya o‘tkazdi, Tojikiston va Qirg‘izistonda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilishini e’lon qildi. 16 - sentabr kuni esa Dushanbeda tashkilotning sammiti bo‘lib o‘tadi. Sammit davomida Afg‘oniston masalasida “qo‘shma chora-tadbir” ko‘rish muhokama qilinadi.

Garchi KXShT qog‘ozda NATOga o‘xshashi mumkin bo‘lsa-da, harbiy mutaxassislar guruhning tahdidlarga bir butun tashkilot o‘laroq javob qaytara olishiga jiddiy shubha bildirmoqda.

Rossiyalik harbiy tahlilchi Pavel Felgengauer KXShT haqiqiy harbiy ittifoq emas, balki Moskvaning boshqa a’zolari bilan ikki tomonlama munosabatlari uchun ta’sir vositasi deb biladi.

“Ittifoq sifatida ishlamaydi u”, dedi Felgengauer Ozodlikka Moskvadan telefon orqali bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilotga a’zo davlatga hujum qilinsa, Moskva Afg‘onistonga qo‘shin yuborishi amri mahol.

Yerevanda joylashgan “Mintaqaviy izlanishlar markazi” mustaqil tahlil markazi direktori Richard Giragosyan esa KXShT “kollektiv birlik nuqtai nazaridan zaif va xavfsizlikni ta’minlay olmasligini”, aytdi.

“KXShT Rossiyaga qaram. Bu esa shuni ko‘rsatadiki, uning harbiy salohiyati Rossiya kuchlari bilan cheklanadi. Mahalliy imkoniyatlar esa chegara xavfsizligini ta’minlash bilan cheklangan”, deydi u elektron pochta orqali Ozodlikka yuborgan maktubida.

Bu orada Tolibon Tojikistonga yoki tashkilotga a’zo bo‘lmagan boshqa chegaradosh davlatga, xususan, O‘zbekiston va Turkmanistonga hujum qilishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni bartaraf etishga urindi.

Rasmiy ravishda Rossiya tomonidan terrorchi tashkilot deb tan olinganiga qaramay, Tolibon rasmiylari Moskva bilan muzokaralar olib bordi va bir necha marta Moskvaga xizmat safari bilan bordi.

Felgengauerning aytishicha, Tolibon birorta Markaziy Osiyo chegarasini kesib o‘tishga urinmaydi. Shunday bo‘lsa-da, u mintaqada mahalliy aholi “qo‘llab-quvvatlashga moyil bo‘lishi” mumkin bo‘lgan qo‘zg‘olon va infiltratsiya uchun zamin hoxirlashi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

“Rossiya chegarani himoya qilamiz deb aytyapti, va shunday qiladi ham”, dedi u.

Tahlilchi Rossiya “harbiy masalalar bo‘yicha qaror qabul qilishni KXShT kabi tashqi tashkilotga topshirishga tayyor emasligini” qo‘shimcha qildi.

Markaziy Osiyoda harbiy bazalar

Felgengauer Markaziy Osiyoda Rossiya ixtiyorida bir qancha strategik aktiv, jumladan, Tojikistondagi yirik harbiy baza borligini urg‘uladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kreml biror jiddiy tahdidga javob qaytarish uchun Afg‘onistonda havo hujumlari uyushtirishi mumkin.

Giragosyan KXShT “Afg‘onistondan AQShning chiqib ketgani xavfsizlikka ko‘rsatgan salbiy ta’sirni yumshatishga harakat qilayotganini” ta’kidladi.

Ushbu murakkab diplomatik muvozanatdan va qayta tiklanayotgan Tolibon harakati tug‘diradigan tahdiddan tashqari KXShT yana bir muhim muammoga duch kelishini kutish mumkin: Rossiya va “Markaziy Osiyoning mahalliy elitalari” o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvi.

“KXShT o‘z ta’sirini ko‘rsata olmay yoki o‘z roliga ishonch qozona olmay keladi”, dedi Giragosyan .

Uning fikricha, Rossiya ya’zo bo‘lmaganida bu tashkilot e’tibordan chetda qolgan bo‘lardi.

XS
SM
MD
LG