Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 02:19

Tahlil: YeI Qozog‘istondagi hodisalarga qanday javob berishi kerak?


Yevropa tashqi aloqalar kengashi (YeTAK) tahlil markazining “Keng Yevropa” dasturi direktori Mari Dyumulen Qozog‘istondagi hodisalarga Yevropa Ittifoqi qanday javob qaytarishi kerakligi haqida maqola yozdi.

YeI Qozog‘istondagi voqealarni yaqindan kuzatmoqda. Ammo ittifoqqa a’zo mamlakatlar yanvar voqealariga turlicha munosabat bildirdi: Vengriya hukumati prezident Qasim-Jomart Toqayev ko‘rgan choralarni qo‘llashini bildirdi, boshqa a’zo davlatlar esa repressiyalarni qoralab, Qozog‘istonga qurol yetkazib berish to‘xtatilganini e’lon qildi.

Dyumulen Qozog‘istonning Markaziy Osiyodagi ahamiyati va YeIning mintaqadagi faoliyatini kengaytirish niyatini e’tiborga olgan holda, blok yanvar inqirozi ortidan qanday yo‘l tutishni obdon o‘ylab ko‘rishi kerakligini ta’kidladi.

Hozircha Qozog‘istondagi tartibsizliklarning YeI uchun geosiyosiy oqibatlari noaniq, chunki sodir bo‘lgan voqealarning to‘liq mohiyati noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Kuzatuvchilar noroziliklar davomida to‘rt guruh qatnashganini qayd etmoqda: ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar tarafdorlari; mamlakat boshqaruvini o‘zgartirish istagidagi siyosiy guruhlar; ijtimoiy diskriminatsiya va adolatsizlikdan hafsalasi pir bo‘lgan yoshlar; Olmaotadagi jamoat binolari va muhim infratuzilmani qo‘lga olishni ko‘zlagan uyushgan qurolli guruhlar.

Toqayev favqulodda holat tartibini joriy etib, kuchishlatar tizimlar xodimlariga namoyishchilarni “ogohlantirishsiz otish”ga buyruq bergan paytga kelib ilk ikki guruhning ko‘plab a’zosi Olmaota ko‘chalarini allaqachon tark etgan edi.

Dyumulen o‘z maqolasida Qozog‘iston hukumati namoyishlardan keyingi kunlarda blogerlar va jurnalistlarga bosim o‘tkaza boshlagani avtoritar tuzum demokratik o‘zgarishlar talabi bilan o‘tkazilgan tinch namoyishlarni bostirganidan dalolat beradi, deb yozdi. Shuningdek, u halok bo‘lganlar soni va ular kim ekani to‘liq ochiqlanmasa, rasmiy bildiruvlarga shubha bilan qaralishini urg‘uladi.

Namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab tarqalayotgan bir paytda Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev va uning vorisi Toqayev tarafdorlari o‘rtasida to‘qnashuv yuzaga kelgani aytilmoqda.

Nazarboyevlar oilasi yuqori lavozimlardan chetlatilib, ko‘p narsalardan mahrum qilinayotgani Toqayev va uning tarafdorlari qo‘li baland kelganini ko‘rsatsa ham, hukumat tarkibida kim qaysi tomonda ekanligi haqida hali ham aniq gap aytish qiyin.

Toqayev mamlakatning “hududiy yaxlitligiga tahdid” vajidan KXShTdan yordam so‘radi. Rossiya rahbarligidagi alyans o‘z tarixida birinchi marta a’zo mamlakat “ichki ishlariga” aralashib, Qozog‘istonga bir necha ming harbiyni yo‘lladi. Mutaxassislarning aytishicha, KXShT qo‘shinlari Qozog‘istonga kiritilishi tufayli Toqayev hokimiyatni o‘z qo‘lida jamlashga muvaffaq bo‘ldi.

Dyumulen bu hodisalar fonida YeI sodir bo‘lgan voqealarni yaqindan o‘rganishi va ularni boshqa postsovet mamlakatlaridagi norozilik harakatlariga qiyoslamasligi kerakligini urg‘uladi.

“Qozog‘iston Belarus emas, Armaniston yoki Qirg‘iziston emas”, deb yozdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, YeI namoyishlar davomida sodir bo‘lgan tartibsizliklar hamda ular ayovsiz bostirilganini to‘liq o‘rganilishini talab qilishi kerak. Shuningdek, blok jurnalistlar, huquq himoyachilari va faollar ahvolini diqqat bilan kuzatib borishi kerak.

Ayni damda, YeI Qozog‘iston hukumati bilan aloqalarni ehtiyotkorlik bilan davom ettirishi va islohotlarni amalga oshirishga chorlashda davom etishi kerak.

Nihoyat, YeI qozog‘istonlik elitalarning o‘z hududida qo‘lga kiritgan mulklarini tekshirishi lozim. Dyumulen fikricha, agar blok jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan boyliklar qonuniylashtirilishini cheklasa, Qozog‘istonda adolatli va shaffofroq tizim yaratilishiga yordam bergan bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG