Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 15:51

Tanishing: «Putin saroyi» loyihasini chizgan «bechora italyan arxitektor»


Navalniy surishtiruvida italyan arxitektor Lanfranko Chirilloga tegishli ekani iddao qilingan uy - Gelenjik, Qora dengiz - video skrinshoti
Navalniy surishtiruvida italyan arxitektor Lanfranko Chirilloga tegishli ekani iddao qilingan uy - Gelenjik, Qora dengiz - video skrinshoti

56 yoshdagi Lanfranko Chirillo Rossiya prezidenti Vladimir Putin ko‘magi bilan Rossiya fuqaroligini olgan.

Chirillo Putin uchun qurilgani iddao qilinayotgan ulkan saroy rejasini yaratgani uchun «Putinning me’mori» o‘laroq tanilgan.

Kreml va Sankt-Peterburgdagi Qishki saroy kabi Rossiyaning muhim hokimiyat binolari loyihalarini italiyalik me’morlar yaratgan.

Bundan besh yil oldin Qora dengiz bo‘yidagi «Putin saroyi» arxitektori oshkor bo‘lishidan avval Chirilloni deyarli hech kim tanimas edi. Rossiya muxolifati uchun Gelenjik shahri yaqinidagi hashamatli saroy va uning atrofidagi imoratlar mamlakatda chuqur ildiz otgan davlat korrupsiyasining jirkanch ramziga aylangan.

Chirillo saroy loyihasini chizish imkoniyatini qay yo‘sinda qo‘lga kiritgani noma’lum bo‘lib qolmoqda. Me’mor Ozodlik radiosiga yaqinda bergan intervyusida o‘zini kamtar odam o‘laroq ko‘rsatdi. U hatto o‘zini «bechora italyan arxitektor» deb ataydi. Ammo uning badavlat ekaniga shubha yo‘q.

Chirilloning o‘zi Qora dengiz bo‘yida 800 kvadrat metr hashamatli uyni sotib olganini tan oldi. Chirillo «Putin qasri» haqida savollarga javob berishdan bosh tortdi, lekin kompleks loyihasini yaratganini tan oldi. Kreml Gelenjikdagi saroyga Putinning hech qanday aloqasi yo‘qligini aytib keladi.

Lanfranko Chirillo
Lanfranko Chirillo

«Bu yerda hech qanday g‘alati narsa yo‘q. Men bu yerga shunchaki pul ishlash uchun keldim va yaxshi kompaniya yaratdim. Nima, bu yomonmi?», - dedi me’mor Ozodlikka bergan intervyusida. Chirillo Ozodlik bilan suhbatda Rossiyaga «Lukoyl» shirkati orqali kelganini so‘zlab berdi.

Italiyaning Lombardiya viloyatidagi Breshiya shahrida tug‘ilgan Chirillo Venetsiyadagi Ka-Foskari universitetini tamomlagani, buning ortidan «arab davlatlarida» bir-ikki yil ishlaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1991 - yilda Milandagi do‘sti uni Rossiyada dacha qurishni rejalayotgan shaxs bilan tanishtirgan. Chirillo ushbu mijoz orqali «Lukoyl» shirkatini 1993 - yildan beri boshqarib kelayotgan Vagit Alekperov bilan tanishgan. Italyan me’mor pirovardida «Gazprom» va «Novatek» shirkatlari uchun ishlay boshlagan.

Chirillo 1991 - yildan beri 43 rus milliarderi uchun hashamatli uy va ofis loyihalarini yaratgani va qurganini iddao qildi. «Men har doim mag‘rurlik bilan aytaman: Rossiyada 120 milliarder bo‘lsa, ularning 43 nafari mening mijozim bo‘lgan. Men bundan faxrlanaman. Bu yopiq doira. Rossiyada bunday kichik doiraga kirish juda qiyin», - dedi me’mor.

Navalniy jamoasiga ko‘ra, "Putin uchun qurilgan saroy"ga 1 mlrd dollar sarflangan
Navalniy jamoasiga ko‘ra, "Putin uchun qurilgan saroy"ga 1 mlrd dollar sarflangan

Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy hisobotida aytilgandek, Chirillo Gelenjikdagi saroy yaqinida ko‘chmas mulkka ega ekanini tasdiqladi. Me’mor bu mulkni ijaraga olish huquqini Viktor Zolotovning o‘g‘li Roman Zolotovdan sotib olganini aytdi. 13 yil davomida Putinning xavfsizlik xizmati rahbari o‘laroq ishlagan Viktor Zolotov 2013 - yilda Ichki ishlar vazirligi qo‘shinlari rahbari etib tayinlangan.

«Men u mulkni qurdim va sotib oldim. Bu sir emas. Bunga huquqim bor. Uy yaxshi: dengiz bo‘yida joylashgan, [maydoni] 800 kvadrat metr. Menimcha, Rossiyada 23 yil ishlagan odam o‘z oilasi uchun uy qurish huquqiga ega», - dedi Chirillo.

«Dengiz menga yoqadi», - deya qo‘shimcha qildi me’mor.

«Men yosh dengizchilar uchun maktab ochganman. Men butun Krasnodar o‘lkasidagi yoshlariga yordam beraman», - deya so‘zini davom ettirdi u.

Navalniyning so‘zlariga ko‘ra, Chirillo Gelenjikda Oleg Kuznetsovning rafiqasi Tatyana Kuznetsova bilan qo‘shni. Rossiya ommaviy axborot vositalari Kuznetsov Federal himoya xizmati rasmiysi bo‘lib ishlagan paytida «Putin saroyi»ni qurishda ishtirok etganini ko‘rsatuvchi hujjatlarni qo‘lga kiritgan.

Rossiya va g‘arb ommaviy axborot vositalarida Chirillo, Gorelov hamda «Rossiya» bankining sobiq aksiyadorlaridan biri Gorelov Gelenjik qasrini muhokama qilayotgani aks etgan suhbat stenogrammasi e’lon qilindi. AQSh Moliya vazirligi ushbu banki «yuqori lavozimli rasmiylarning shaxsiy banki» deb atagan.

Suhbatda Rossiyaning Ukrainadagi faoliyati sababli Yevropa Ittifoqi sanktsiyalariga duchor bo‘lgan Shamalov ham qatnashgan.

Chirillo o‘z shirkatining veb-sayti yo‘qligi va hech qachon o‘z xizmatlarini reklama qilmasligini aytdi. Chirilloning bu so‘zlariga qaramay, Rossiyadagi me’morlar orasida uning ismi notanish bo‘lib qolmoqda. «U Moskvadagi me’morlar davrasida mutlaqo noma’lum», - dedi MARSh arxitektura maktabi rektori Yevgeniy Ass. «Uning mavjudligi haqida faqat shov-shuvli siyosiy maqolalar orqali xabar olamiz».

Chirilloning o‘zi esa nom chiqarmagani muammo emasligini aytdi.

«Hech kim meni tanimasa-da, juda yaxshi yashayapman. Shunday ekan, nega odamlar meni tanishlari kerak?» - deya so‘zini yakunladi u.

XS
SM
MD
LG