Линклар

Шошилинч хабар
05 январ 2025, Тошкент вақти: 14:41

Tarmoqni "portlatgan" metan gaz va norozilikning yangi yuzi - qamoqdagi G‘ayrat Do‘stov


G‘ayrat Do‘stov, 23-dekabr, 2024-yil. Video skrinshoti.
G‘ayrat Do‘stov, 23-dekabr, 2024-yil. Video skrinshoti.

26-dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Bektemir tumani sudi tomonidan mayda bezorilikda ayblanib, 15 sutkaga qamalgan G‘ayrat Do‘stov Toshkent shahar IIBB binosida ushlab turilibdi. Bu haqda 1-yanvar kuni inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.

46 yashar Damas haydovchisi 23 dekabr kuni Toshkentdagi metan gaz quyish shoxobchasida tuni bilan navbat kutganini aytgan va navbati kelganda metan gaz tugab qolganidan norozilik bildirib rasmiylarga videomurojaat qilgan edi.

Tarmoqlarda tarqalgan videoda gazga boy O‘zbekistonda aholining gaz tanqisligidan aziyat chekayotganini adolatsizlik deb atagan haydovchi “O‘zbek xalqi qo‘ymi?.. O‘zbekiston kambag‘al davlat emas-ku, yerosti, yerusti boyliklari ko‘p-ku... Bizniyam erkin yashashimizga qo‘yishinglar mumkin-ku... Nega bizni buncha qiynaysizlar? Avtomat olib otib tashanglar..”, degan so‘zlarni aytib norozilik bildirgandi.

Damas haydab uch-to‘rt so‘m topishini aytgan G‘ayrat Do‘stov oilasida nogironlari va kasallar borligi, uyida yegulik yo‘qligidan shikoyat qilgan “mana, qanaqa oyoq kiyim kiyib yuribman” deya, oyog‘idagi, aftidan ko‘p kiyilganidan teshilgan va uvada bo‘lgan krossovkasining ikkala poyasini yechib, ikkala qo‘lida videokameraga tutgan.

Aynan shu kadrlar ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida bu mavsumda yana ham og‘irlashgan energobo‘hronning ramziga aylandi va minglab odamlar tomonidan ulashildi.

Bir vaqtning o‘zida faollar hali ismi sharifi ham bilinmagan tarmoq foydalanuvchisining taqdiridan xavotir izhor qila boshlashdi. 24-dekabr kuni uning o‘zi tarmoqlarda yana bir video joylab, ichki ishlar va prokuraturaga chaqirilgani, ammo aytgan so‘zlari uchun kechirim so‘ramasligini aytib chiqdi.

2024-yilning so‘nggi – 31-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda videochiqish qilgan yigit G‘ayrat Do‘stov ismli shaxs ekani, yaqinlari undan xabar ololmayotgani haqida postlar paydo bo‘ldi.

Yangi yil kirib keladigan soatlarga yaqin esa G‘ayrat Do‘stov “mayda bezorilikda ayblanib, 15 sutkalik qamoqqa mahkum etilgani, Qo‘yliqdagi “Panelniy” nomi bilan tanilgan vaqtincha ushlab turish hibsxonasida saqlanayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Tarmoqlarda tarqalgan Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudining 26-dekabr kuni chiqargan qaroridan anglashilishicha, G‘ayrat Do‘stov Bektemir tumanida joylashgan “Morotrans” MCHJ gaz quyish shoxobchasi egasi ekani aytilayotgan N. Hasanovning arizasiga ko‘ra, MJtK ning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilgan va unga nisbatan 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Sud Do‘stovdan ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash qamoqxonasiga foydasiga jazo o‘talgan har bir sutka uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi yoki 843.750 so‘m miqdorida pul undirishni ham belgilagan.

Qarorda huquqbuzar “shoxobcha xodimlarini turli so‘zlar bilan haqorat qilganligi va qilgan ishidan pushaymonlik” izhor etgani aytilgan. Sud tergov organi tomonidan Do‘stovning “mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinishda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan harakatlari to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan” deb topgan.

Damas haydovchisining qamalishi Yangi yil kechasi ijtimoiy tarmoqlar o‘zbek segmentining asosiy muhokama mavzusiga aylandi. Tarmoq faollari va foydalanuvchilari energetika muammosini hal qilish o‘rniga norozi fuqaroni qamash yo‘lini tanlagan o‘zbek hukumati va adliya tizimi qaroridan keskin norozilik izhor qildilar. Qator faollar sud qaroriga imzo chekkan sudya D. Dadaxanovaning suratlarini tarmoqlardagi sahifalariga joylashtirishdi. “Butun O‘zbekiston xalqi nomidan sizga katta rahmat. Eng ashaddiy jinoyatchiga hukm o‘qidilaringiz” deb yozdi Feysbuk sahifasida Farruh Samarqandiy.

Sud hukmidan norozilik tarmoqlardagi tanqidiy postlar bilan cheklanmadi. Bir vaqtning o‘zida G‘ayrat Do‘stovni ozod qilish uchun fleshmob va uning oilasiga yordam kampaniyasi boshlanib ketdi.

1-yanvar kuni yrdam uchun tarmoqlarda e’lon qilingan bank kartasi raqamiga 20 million so‘mdan ortiq mablag‘ tushishi ortidan karta bloklab qo‘yilgani xabar qilindi.

Huquq faoli Abdurahmon Tashanovning 1-yanvar kuni yozishicha, Do‘stov 27-dekabr kuni Panelniydan Toshkent shahar IIBBning tergov izolatoriga olib ketilgan. Hozirda Do‘stov Toshkent shahar IIBBning tergov izolyatorida saqlanmoqda. Unga advokatlari bilan ko‘rishishiga ruxsat berilmayotir.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, G‘ayrat Do‘stov Qashqadaryo vilotining Kitob tumanidan Toshkentga kelib, ijara uyda yashaydi va ijaraga olingan Damas avtomobili bilan kira qilib, tirikchilik qiladi.

“G‘ayratga_ozodlik” chellenji ostida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan postlarda energetika muammolari bilan bir qatorda so‘z erkinligi va hukumatning haqiqatni yashirishga urinishi, faollar og‘zini yopishga qaratilgan harakatlardan norozilik ham ifoda qilindi.

Ayrim faollar Do‘stovni qamoqqa olgan sudyaning fotosuratlarini tarmoqqa joylab, uni virtual sazoyi qilishga urinishgan bo‘lishsa, ba’zi guruhlarda prezident Mirziyoyevning “Odalat, odalat, va yana odalat...” degan so‘zlari kinoya qilindi.

Tarmoq faollarining aksariyati ijtimoiy adolat tamoyillariga urg‘u berib, rahbarlarning jinoyatlari kechirilishi, oddiy fuqarolar uchun jazo muqarrarligini ta’kidlashdi.

1-yanvar kuni tarmoqdagi norozilikka hukumatga yaqin blogerlar, jumladan, O‘zbekiston davlat xabar agentligi UzA direktori o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev va Adliya vazirligi maslahatchisi Shahnoza Soatova ham qo‘shilishdi.

"Davlat yo‘q joydan o‘z qo‘li bilan o‘ziga nisbatan norozilik ramzi bo‘lgan xalq qahramonini yaratdi. Davlat birinchi marta bunaqa xato qilayotgani yo‘q. Bitta xatoning qayta-qayta qilinaverishi hammamiz uchun noxush xabar", deb yozdi jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev Telegramdagi kanalida.

Rasmiylar esa hozirgacha G‘ayrat Do‘stovning taqdiri yuzasidan biron ma’lumot bergani va ijtimoiy tarmoqlardagi norozilikka munosabat bildirganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG