Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Tehronda HAMAS lideri Ismoil Haniya o‘ldirildi


Ismoil Haniya 2017-yildan beri HAMAS siyosiy byurosiga rahbarlik qilib kelayotgan edi
Ismoil Haniya 2017-yildan beri HAMAS siyosiy byurosiga rahbarlik qilib kelayotgan edi

O‘ttiz birinchi iyul tongida Eron poytaxtida HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya o‘ldirilgan. Bu haqda Reuters agentligi HAMAS radikal guruhi (AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan) vakillaridan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Haniyaning o‘limiga oid ma’lumotni keyinroq Eron Islom inqilob posbonlari korpusi ham tasdiqlagan, biroq suiqasd tafsilotlarini ochiqlagan emas.

Eronning Mehr agentligi Ismoil Haniya va tansoqchisi uning Tehrondagi qarorgohiga hujum chog‘ida o‘ldirilgani haqida xabar qilgan. Agentlik qaydicha, Haniya Tehronga Eronning yangi prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonni qasamyodga keltirish marosimida ishtirok etish uchun kelgan edi.

Kechadan prezidentlik lavozimiga kirishgan Pezeshkiyon hujum ortidan Eron "o‘z hududiy yaxlitligini himoya qiladi", deya bayonot bergan, biroq bu ishni qay yo‘l bilan amalga oshirishini ochiqlagan emas.

Eron Oliy ruhoniysi oyatulloh Ali Xomanaiy Ismoil Haniyaning o‘limi uchun Isroildan o‘ch olishga qasam ichgan.

HAMAS guruhi hujumni “xiyonatkorona” deb atab, bunga “sionistlarning makkorona zarbasi” sabab bo‘lganini iddao qilgan.

“Eron davlat televideniyesi tahlilchilari ham zudlik bilan hujumda Isroilni ayblay boshlashdi”, deya qayd etgan The Times of Israel nashri Isroil tomoni hozircha bu borada izoh bermaganini qo‘shimcha qilgan.

“Birodarimiz Haniyaning isroillik bosqinchilar tomonidan o‘ldirilishi HAMAS irodasini sindirishga qaratilgan jiddiy eskalatsiya bo‘lib hisoblanadi”, deya bildirgan HAMASning yuqori martabali vakili Abu Zuhriy Reuters agentligiga. U HAMAS o‘z yo‘lidan qaytmasligini urg‘ulab, “Biz g‘alaba qilishimizga aminmiz”, deya qayd etgan.

Odatda Qatarda istiqomat qilib kelgan Ismoil Haniya 2017-yilda HAMAS siyosiy byurosi rahbari etib tayinlangandi.

Joriy yilning 10-aprel kuni Falastin va arab nashrlari G‘azo sektorida Isroil zarbalari oqibatida Ismoil Haniyaning uch o‘g‘li va bir necha nabirasi halok bo‘lgani haqida xabar tarqatishgandi. O‘shanda ularni “shahid” deb atagan Haniya farzandlarining qoni “xalqimizdan bo‘lgan istalgan bir odamning qonidan qimmatliroq emas”, deya ta’kidlagan edi. Haniya “Al-Jazira” mediakompaniyasiga yaqinlarining o‘limi HAMAS rahbariyatini o‘z rejalaridan chekinishga, jumladan Isroil bilan otashkesim to‘g‘risidagi muzokaralarga nisbatan o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishga majbur qilolmasligini bildirgandi.

Ismoil Haniyaning o‘limidan bir kun avval Isroil tomoni Bayrut janubidagi mavzega zarba bergan. SAXAL ma’lumotlariga ko‘ra, hujum chog‘ida “Hizbulloh”ning yuqori martabali komandirlaridan biri Fuad Shukr (Hoji Muhsin) o‘ldirilgan.

XS
SM
MD
LG