Davlat boshqaruvida kuchayib borayotgan korrupsiya bois o‘zbek-afg‘on chegarasida transport-logistika markazi qurish va O‘zbekistonni xalqaro yuk tashuvlari yo‘lidagi muhim habga aylantirish g‘oyasi barbod bo‘ldi.
Ozodlik bilan shaxsi sir qolishini so‘rab gaplashgan surxondaryolik tadbirkorlar va transport-logistika mutaxassislari ana shunday iddaoni ilgari surdi.
Shavkat Mirziyoyev 2018 - yili "Termiz" erkin iqtisodiy zonasi tashkil etish haqida farmon chiqargan va O‘zbekistonning transport-logistika potensialini ro‘yobga chiqarish rejasi uning markaziga qo‘yilgan edi.
2019 - yili Bosh vazir Abdulla Aripov bu farmon asosida "Termiz" erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi tuzib¸ uni boshqarishni transport-logistika markazi yaratish g‘oyasi muallifi "Surkhan Global Trade" MChJga bergan edi.
Ammo 2020 - yil 13 - martida Shavkat Mirziyoyevning 2018 - yilgi farmoni bekor qilindi. Bekor bo‘lgan farmoni o‘rniga Mirziëev 2020 - yil 12 - noyabr kuni yana bir yangi farmon chiqardi.
Unga ko‘ra¸ «Termiz» erkin iqtisodiy zonasi o‘rniga «Termiz xalqaro savdo markazi» erkin savdo zonasi tuziladigan bo‘ldi; to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya hisobiga qurilishi kerak bo‘lgan loyiha davlat mablag‘i hisobiga amalga oshiriladigan bo‘ldi – Mirziyoyev Moliya vazirligiga 20 million dollar kredit ajratishni buyurdi. Loyiha ustidan nazorat yana davlatning bir guruh amaldorlariga topshirildi.
Ushbu farmon asosida joriy yil boshida «Termiz xalqaro savdo markazi» obyektlarini loyihalash, qurish va sotishni tashkil etish bo‘yicha¸ go‘yo tanlov e’lon qilindi.
Tanlovga ikkalasi ham BIR SHAXSga qarashli ikki mahalliy MChJ qo‘yildi. Ulardan biri - keyingi yillarda Surxondaryodagi barcha yirik qurilishlarni qo‘lga kiritib kelaëtgan “Surxon sanoat-ta’minot” MChJ tenderda g‘olib deb topildi.
Ozodlik gaplashgan tanlovga yaqin tadbirkorlar¸ 20 million dollarlik mablag‘ning kattagina qismi loyiha boshlanmay turib, “Surxon sanoat-ta’minot” MChJning davlat hokimiyatida o‘tirgan homiylariga pora sifatida berilganini iddao qildi.
Ozodlik manbalari¸ Surxondaryo viloyat hokimi o‘rinbosaridan prezident administratsiyasiga qadar eltuvchi bu korrupsion zanjir O‘zbekistonning yana bir iqtisodiy salohiyatini yo‘qqa chiqarish va davlatning millionlab dollar mablag‘ining izsiz yo‘qolishiga olib kelishidan xavotirda.
Ozodlik mazkur loyihaga aloqador mulozimlardan bu iddaolarga munosabat ololmadi.
Soxtalashtirilgan tender
2021 - yilning 31 - mart kuni Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qiluvchi ishchi guruhlaridan birining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda o‘zbek-afg‘on chegarasida joylashgan “Ayritom” mahallasidagi 26 gektarlik hududda “Termiz xalqaro savdo markazi” obyektlarini loyihalash, qurish va sotishni tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan “tanlov” ishtirokchilarining taklifi tinglandi.
22 - yanvar kuni Surxondaryo viloyat hokimligining Telegram kanalida e’lon qilingan bu tanlovda¸ rasmiy xabarga ko‘ra¸ uchta yirik qurilish kompaniyasi o‘z loyihasi bilan qatnashgan. Ulardan biri¸ nomlanishiga ko‘ra¸ Xitoyning “Beijing Xinshiyuan Technology Development Co.Ltd” kompaniyasi. Qolgan ikkitasi mahalliy - “Surxon sanoat-ta’minot” MChJ va “Fabullo stroy servis” MChJ.
Bu ikkala mahalliy MChJ esa aslida bitta yuridik shaxs –«Surxon sanoat qurilish» kompaniyasi tarkibiga kiradi. Ta’sis hujjatiga ko‘ra¸ “Surxon sanoat qurilish kompaniyasi” birlashma shaklidagi qurilish kompaniyalari uyushmasidir.
O‘zbekiston Respublikasining tender va tanlov o‘tkazishga oid qonunchiligi esa¸ bitta tender yoki tanlovda bitta ishtirokchining bittadan ortiq taklif berishini taqiqlaydi.
Ammo 31 - mart kungi majlisda Abdulla Aripov¸ qolaversa ishchi guruh tarkibiga kirgan vazirlik va idoralar rahbarlari qonunchilikka zid ravishda¸ «Surxon sanoat qurilish» kompaniyasiga qarashli ikki MChJ taklifini go‘yo raqobatchi talabgor sifatida tinglab¸ so‘ngra “Surxon sanoat-ta’minot”ni g‘olib deb e’lon qildi.
“Tanlov” oldi va ortidagi oldi-berdilar
O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidagi 26 gektarlik hududda davlatning 20 million dollariga savdo markazi qurish topshirilgan¸ aniqrog‘i uning egasi¸ surxonliklar orasida mashhur shaxs.
Joylashuvi nuqtai nazaridan strategik ahamiyatga ega bu viloyatdagi aksar kattayu kichik qurilish loyihalari, o‘z saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan beri 2016 - yilda tashkil etilgan aynan shu kompaniyaga berib kelinmoqda. Bu kompaniya keyingi yillarda nafaqat yirik qurilish loyihalari¸ balki viloyatdagi qurilish mahsulotlari bozorini ham o‘z monopoliyasiga aylantirgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra¸ Termiz xalqaro aeroporti, Surxondaryo viloyat davlat arxivi binosi, Termiz tumanida 100 o‘rinli maxsus shifoxona va 1000 o‘ringa mo‘ljallangan vaqtinchalik bemorlarni saqlash obyektlarini ham ayni shu «Surxon sanoat qurilish» kompaniyasi qurgan.
«Surxon sanoat qurilish» kompaniyasi boshqaruvi raisi va kompaniyaning rasmiy mulkdori 49 yashar Qodirov Bahodir To‘xtaevichdir. 2004 - yilga qadar Termiz shahar hokimligi kapital qurilish boshqarmasi bosh muhandisi bo‘lib ishlagan Qodirov¸ 2004 - yildan xususiy tadbirkorga aylangan. Karimov davrida to‘lig‘icha MXX nazoratida bo‘lib kelgan Surxondaryodagi mudofaa obyektlarini qurish bilan aynan Qodirov shirkatlari shug‘ullangan.
2020 - yil yanvarida Surxondaryo xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining qo‘shma majlisida Qodirov viloyat hokimi To‘ra Bobolov va “O‘zgidroenergo” raisi Abdug‘ani Sanginov bilan birga O‘zbekiston Oliy Senati a’zosiga aylandi. Surxonning 1-raqamli quruvchisi senatorga aylanish bilan daxlsizlik maqomini ham qo‘lga kiritdi.
Qodirov prezident Shavkat Mirziyoyevga bevosita tanish shaxs – u prezidentning Surxondaryoga qiladigan tashriflari chog‘ida unga o‘z biznes loyihalarini taqdim qiladigan kam sonli tadbirkorlar guruhiga mansub.
Ozodlik bilan shaxsi sir qolishini so‘rab gaplashgan surxondarëlik ayrim tadbirkorlar¸ senator-quruvchining “Termiz xalqaro savdo markazi” loyihasini korrupsion sxema asosida qo‘lga kiritganini iddao qiladi.
Ular ta’kidicha¸ "Qodirov o‘z qudratli homiylari va katta pora vositasida prezidentning «Termiz» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etish farmoni¸ bu qaror asosida Aripovning mazkur loyihani "Surkhan Global Trade" MChJga berish qarorini bekor qilishga erishgan".
Ozodlik suhbatdoshlari¸ senator Bahodir Qodirovning bosh homiysi sifatida O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining asli surxondaryolik yuqori martabali mulozimi nomini tilga oldi.
"Prezidentning o‘zi chiqargan farmonini yana o‘ziga bekor qildirish uchun unga ta’sir ko‘rsata oladigan kuch kerak. Buni uning yonidagi qudratli odamgina qila oladi”¸ - deydi bu jarayonga bevosita aloqador surxondaryolik tadbirkor.
Suhbatdosh iddaosicha¸ “Termiz xalqaro savdo markazi” loyihasi 31 - mart kungi qaror bilan Qodirov kompaniyasiga berilishi ortidan¸ To‘ra Bobolov Toshkentda yana bir hovlilik¸ Anvar Oripov esa¸ uch xonali kvartiralik bo‘lgan. Ikkala ko‘chmas mulk ham ularning yaqin qarindoshlari nomiga rasmiylashtirilgan. Bu oldi-berdidan bevosita xabardor tadbirkorga ko‘ra¸ Bobolovga “sovg‘a” qilingan hovlining bozor bahosi 1 million AQSh dollaridan balanddir. Ozodlik ixtiyorida bu uyning oldi-sotdi shartnomasi va kadastr hujjatlari hozircha yo‘qligi bois¸ Bobolov va Oripovga pora sifatida berilgani iddao qilinayotgan ko‘chmas mulklar aniq manzili e’lon qilinmayotir. Ammo Ozodlik ixtiyoridagi ma’lumotga ko‘ra, ushbu korrupsion holat yuzasidan surxondaryolik tadbirkorlar hukumat ishchi guruhiga murojaat qilgan. Ushbu murojaat ko‘rilgan-ko‘rilmagani borasida Ozodlikda ma’lumot yo‘q.
Ozodlik mavzuni o‘rganish jarayonida Surxondaryo viloyati hokimligi¸ shuningdek¸ «Surxon sanoat qurilish» kompaniyasi rasmiylaridan bu iddaolarga munosabat ololmadi - mulozimlar na xizmat va na mobil telefonlariga javob berdi.
“Mayda arboblarga yem bo‘lgan katta g‘oya”
O‘zbekiston-Afg‘oniston hududida yirik xalqaro transport-logistika markazi qurish g‘oyasi Shavkat Mirziyoyevni islohotchi qilib ko‘rsatish kampaniyasi avjiga chiqqan 2018 - yil yozida Toshkent hukumatiga taqdim etilgan.
O‘zbekiston Xalqaro ekspeditorlari uyushmasining hukumatga kiritgan keng qamrovli taklifida xususan¸ mamlakatning jug‘rofiy joylashuvi bergan imkondan foydalanib¸ uni mintaqaviy transport habga qaylantirish g‘oyasi ilgari surilgan.
Ozodlikda nusxasi bor bu taklifda xususan¸ Surxondaryo viloyatida erkin savdo hududi va xalqaro transport-logistika markazi tashkil etishning iqtisodiy va geosiyosiy samarasi alohida qayd etilgan.
G‘oya mualliflari¸ o‘zbek-afg‘on chegarasida Qozog‘iston va Xitoy o‘rtasidagi Xorgos transchegaraviy transport va savdo habi kabi markaz yaratishni taklif qiladi.
Bugunga kelib Xorgos¸ Xitoy tovarlarining qolgan dunyo¸ xususan¸ Yevropaga tarqalishidagi eng muhim transport yo‘nalishiga aylandi va qozoq iqtisodiga yuzlab million dollarlik foyda keltirish barobarida Qozog‘istonning geosiyosiy pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Xorgos nusxasida Surxondaryoda yaratish taklif etilgan markaz¸ mualliflar ta’kidicha¸ Markaziy Osiyoda intergatsiyalashgan yagona ko‘p tarmoqli transport-savdo habi¸ hamda Janubiy¸ Janub-sharqiy Osiyo¸ Yevropa¸ Yaqin va O‘rta Sharq orasidagi belgilovchi tranzit nuqtasiga aylanish potensialiga ega.
“Biz bu habni 100 foiz xususiy investitsiya evaziga qurishni rejalagandik. 100 million dollar sarmoya kiritadigan investorlarni topgandik. Ammo Surxondaryoni o‘z nazoratiga olgan shaxslarga bu taklif yoqmadi. Uni yo‘qqa chiqarishdi. O‘rniga¸ afg‘on bilan chegarada savdo markazi va mehmonxona quradigan bo‘lishdi. O‘zbekistonni jahon xaritasiga muhim transport habi¸ mintaqani Hind okeaniga olib chiqadigan tranzit koridoriga kiritish g‘oyasi o‘ldi shu bilan. Davlat magazin va mehmonxona qurish darajasiga tushirildi".
Suhbatdoshning ta’kidicha, YeTTB va OTB banklari ushbu loyiha taqdirini yaqindan kuzatmoqda va bu xalqaro moliya institutlari davlatning ehtimoliy ishtirokidan xavotirda.
"Normal dunyoda davlat biznes bilan shug‘ullanmaydi. Davlat faqat shaxsiy kompaniyalar uchun biznes modellari va qoidalarini ishlab chiqadi. Qayerda davlat proektlarga bevosita ishtirok etsa, o‘sha yerda korrupsiya, o‘sha yerda ofshor kompaniyali rivoj topib, davlat byudjeti yemiriladi¸ talon-toroj bo‘ladi. Surxondarëdagi loyihani YeTTB va OTB banklari juda e’tibor bilan kuzatib turishibdi. Agarda bu ishlarni davlat amalga oshirsa¸ bu banklar bu proyektdan voz kechishadi”¸ - deydi Termizda transport-logistika habi yaratish g‘oyasi mualliflaridan biri.
2020 - yilning 12 - noyabr kuni chiqarilgan “Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrida maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni 2018 - yilgi farmonga ko‘ra tuzilgan “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hududini qisqartirishni ko‘zda tutadi.
Buning evaziga esa¸ ayni hududda “Termiz xalqaro savdo markazi” quriladi.
O‘zbekistonning Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan ajratiladigan 20 million dollarlik kreditga markaz hududida 260 ta savdo nuqtasi, 2 ta mehmonxona, 2 ta davolanish muassasasi, dam olish va istirohat bog‘i tashkil etiladi.
Rasmiy xabarga ko‘ra¸ “26 gektar maydonda barpo etiladigan markazda ishlab chiqaruvchilar, eksport qiluvchilar va xaridorlar uchun zamonaviy texnologiyalar asosida mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash, saralash, qadoqlash, transport va boshqa zamonaviy xizmatlar infratuzilmasi yaratiladi.
Afg‘oniston fuqarolari va ushbu davlat hududidan kiruvchi boshqa mamlakat fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun O‘zbekistonga kirish vizasini rasmiylashtirmasdan, 10 kun davomida ushbu markaz hududiga kirish, unda bo‘lish va chiqish tartibi joriy qilinadi”.
2021 - yilning aprel oyida foydalanishga topshirilishi belgilangan “Termiz xalqaro savdo markazi”ning ochilgani haqida 2021 - yilning may oyi oxiriga kelib ham biror xabar yo‘q.