Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:19

The Washington Post: Tramp va Putin telefon orqali muloqot qildi


Donald Tramp va Vladimir Putin (arxiv surati)
Donald Tramp va Vladimir Putin (arxiv surati)

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp o‘tgan haftaning payshanba (7-noyabr) kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashgan. Ular Ukrainadagi urush mavzusini muhokama qilishgan, deya xabar qildi 10-noyabr kuni The Washington Post nashri xabardor manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda.

Maqolada Tramp Putinni bundan buyongi eskalatsiyaga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishga chaqirgani hamda unga “Vashington Yevropada sezilarli darajada harbiy hozirlikka ega” ekanini eslatgan.

Mazkur muloqotdan bir kun avval – 6-noyabr Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan suhbatlashgan va OAV ma’lumotiga ko‘ra, Kiyevni dastaklashini aytgan, deya qayd etilgan Reuters xabarida.

Saylovoldi kampaniyasi chog‘ida Tramp, prezidentlik lavozimiga saylangan taqdirda, Ukrainadagi urushni bir kun ichida yakunlashga imkon beradigan yo‘lni topishini bir necha marta ta’kidlagan edi. Ayni paytda respublikachilar nomzodi bo‘lgan siyosatchi qanaqa konkret qadamlar qo‘ymoqchi ekaniga aniqlik kiritgan emasdi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov yakshanba kuni “Moskva. Kreml. Putin” dasturi muallifi va boshlovchisi Pavel Zarubinga Tramp o‘zining saylov kampaniyasi chog‘ida “hech bo‘lmaganda tinchlik haqida gapirgani”ni urg‘ulagan.

U Rossiyani strategik mag‘lubiyatga uchratish istagi haqida gapirayotgani yo‘q va bu uning amaldagi ma’muriyatdan ijobiy farqini ko‘rsatmoqda”, deya iqtibos keltirgan Peskov so‘zlaridan “Interfaks” agentligi.

Vladimir Putin 7-noyabr kuni Valday forumidagi matbuot anjumanida Donald Trampni AQSH prezidenti lavozimiga saylangani bilan oshkora tabriklagan edi. U Trampni jasoratli odam deb atab, unga qo‘ng‘iroq qilishga qarshi emasligini aytgan. Bungacha Putin Trampning saylovda g‘alaba qozongani haqida so‘zlagan emas.

Undan avvalroq Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin AQSHning saylangan prezidentini tabriklashni istab-istamasligini bilmasligini aytgan edi.

Keling, bu yerda gap baribir bizning davlatimizga qarshi urushga bevosita yoki bilvosita jalb qilinmish do‘st bo‘lmagan mamlakat haqida ketayotganini unutmaylik”, deya qayd etgandi Peskov.

XS
SM
MD
LG