Tojik-afg‘on chegarasidagi Shamsiddin Shohin tumani (Xatlon viloyati) Zarbuz darasida sodir bo‘lgan noxush hodisa oqibatida xitoylik bir fuqaro halok bo‘lgan, yana besh kishi yaralangan. Bu haqda Ozodlikning tojik xizmati xabar qildi.
Nashrning hodisadan xabardor ikki manbasi hujum “chegaraning narigi tarafidagi qurolli shaxslar tomonidan” 17-noyabrdan 18-noyabrga o‘tar kechasi sodir etilganini ma’lum qilishgan. Biroq manbalarning hech biri “bu hujum narkotik kontrabandachilari ishimi yoki biror guruh jangarilari ishi?” degan savolga aniq javob bera olmagan.
“Yaralangan besh kishining to‘rt nafari Xitoy fuqarolaridir. Yana biri mahalliy turg‘unlardan. Jarohatlanganlarning hammasi Shamsiddin Shohin tumanidagi kasalxonaga yetkazilgan. Voqea joyiga huquq-tartibot idoralari vakillari chiqib ketishgan, tergov ishlari olib borilyapti”, degan Ozodlikning tojik xizmatiga manbalardan biri.
Nashr suhbatdoshi chegara yaqinida xitoyliklarning yurishini tumanda oltin qazib olish korxonasi borligi bilan izohlagan.
“Zarbuz darasi Sari G‘or mavzesi yaqinida joylashgan. Xitoyliklar u yerda ishlayotgan edi”, degan manba.
Sari G‘or mavzesida chegara zastavasi joylashgan.
Tojikistonning Afg‘oniston bilan 100 kilometrga uzangan Shamsiddin Shohin tumanidagi chegara uchastkasi eng muammoli uchastkalardan biri bo‘lib hisoblanadi. Avvalroq bu yerda bir necha bor odamlar garovga olingan, tojikistonlik fuqarolar va chegarachilarga hujumlar uyushtirilgan. 1993-yil 13-iyulida aynan shu joyda 12-“Sari G‘or” chegara zastavasiga islomiy jangarilar hujum uyushtirishgan. O‘sha paytda bu joy Rossiya chegara xizmati tasarrufida bo‘lgan. Biroq bu chegarada xitoylik fuqaro halok bo‘lishi bilan bog‘liq ilk hodisadir.
Afg‘oniston hududi terror guruhlari tomonidan foydalanilmasligi haqida “Tolibon” tarafidan rasmiy bayonotlar berilganiga qaramay, Tojikiston rasmiylari Panj daryosining narigi tomonidagi vaziyatdan jiddiy xavotirdalar. 2023-yilda ular chegaradan kontrabandachilar hamda terror guruhlari a’zolari Tojikistonga o‘tganiga oid bir necha holat haqida ma’lum qilishgan edi.