Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:01

Tojikiston ombudsmeni: Rossiyada migrantlar tahqirlanmoqda va kaltaklanmoqda


Tojikistonning inson huquqlari bo‘yicha vakili Umed Bobozoda
Tojikistonning inson huquqlari bo‘yicha vakili Umed Bobozoda

Tojikiston ombudsmeni Umed Bobozoda Rossiyadagi tojikistonlik migrantlarning huquq va erkinliklari buzilayotganidan xavotir bildirdi.

Bobozoda rossiyalik hamkasbi Tatyana Moskalkovaga maktubida Rossiya huquq-tartibot idoralari Tojikistondan bo‘lgan mehnat migrantlariga muomalaning noqonuniy usullarini qo‘llayotgani, ularga qo‘pollik qilayotgani, ularni kaltaklayotgani va tahqirlayotgani haqida yozgan. U Tojikiston fuqarolari Rossiya chegarasida tegishli sharoitsiz va oziq-ovqatsiz uzoq muddatga tutib qolinayotganiga oid holatlarni qayd etgan. Ayni paytda, Bobozodaga ko‘ra, ushlab qolinayotganlar orasida Tojikistonning rasmiy vakillari, talabalar, qariyalar, ayollar va bolalar bor.

Bobozoda Moskalkovadan Tojikiston fuqarolari huquqlariga rioya qilinishida ko‘mak berishni, bu kabi holatlar monitoringini amalga oshirib, kerakli choralar ko‘rishni so‘ragan.

So‘nggi bir necha hafta ichida tojikistonlik bir necha mulozim rossiyalik rasmiylarning Tojikistondan bo‘lgan mehnat muhojirlariga munosabatidan norozilik izhor qilishgan. Xususan, 4-oktyabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan ikki mamlakat hukumatlararo komissiyasi majlisida bu masala Tojikiston bosh vazir Qohir Rasulzoda tomonidan ko‘tarilgan.

Har yili yuz minglab tojikistonlik Rossiyaga pul topish uchun boradi. Biroq so‘nggi yilda Rossiyada tojikistonlik fuqarolarning asossiz ravishda tekshirilishi va qo‘lga olinishi holatlari keskin ko‘paygan. Vaziyat shu yil martida Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll”dagi terakt ortidan ayniqsa taranglashib ketgan. Rossiyalik tergovchilar taxminlariga ko‘ra, mazkur terror xuruji Tojikiston fuqarolari tomonidan sodir etilgan.

Teraktdan keyinoq tojikistonlik minglab fuqaro Rossiya aeroportlarida yoki chegaralarida tutib qolingan, ularning ko‘piga Rossiya hududiga kirish ta’qiqlangan va ular deportatsiya qilingan. To‘liq bo‘lmagan bir yil ichida Rossiyadan 20 ming chog‘li tojikistonlik deportatsiya qilingan.

XS
SM
MD
LG