Tojikiston Bosh prokuraturasi iyun oyida parlamentning sobiq deputati, mamlakat Demokratik partiyasining sobiq yetakchisi Saidjafar Usmonzoda davlat hokimiyatini egallab olishga uringanlikda gumonlanib hibsga olingani haqida xabar bergan edi. Ozodlik tojik xizmati hibs va iddao qilingan davlat to‘ntarishiga urinish tafsilotlarini o‘rgandi.
Bu borada tarqatilgan rasmiy bayonotda qayd etilishicha, “Usmonzoda o‘zining jinoiy rejasini amalga oshirish uchun mamlakat ichkarisida va xorijdagi turli ijtimoiy qatlamlardan o‘z tarafdorlarini yollab, aholini norozilik namoyishlariga undash uchun xorijiy davlatlardan birining vakilidan 10 million dollar so‘ragan.”
Deyarli darhol Usmonzoda va mamlakatdagi bir qancha taniqli shaxslar hibsga olindi. Bu hibsga olishlar o‘zaro bog‘liqmi yoki yo‘q – noma’lum, ammo to‘ntarishga urinish ehtimolini istisno qilishmayapti.
«Kechikkan»mi?
Ammo Tojikistonning hozirgi voqeligida davlat to‘ntarishiga urinish mumkinmi?
AQSHda yashovchi siyosatshunos Aziz Nurulloyevning fikricha, “mamlakatda ma’lum bir ta’sirga ega bo‘lgan guruhlar ichida mavjud ijtimoiy-siyosiy vaziyatni o‘zgartirish talabi ancha kechikkan, chunki mamlakatning barcha resurslari monopoliyaga olingan. Nafaqat u yoki bu mintaqadagi shaxslar qo‘lida, balki u yoki bu tarzda mamlakat prezidenti bilan bog‘langan klan qo‘lida jamlangan”.
Biroq Berlindagi Karnegi Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari markazi xodimi Temur Umarov davlat to‘ntarishi ehtimoliga shubha qiladi. Uning fikricha, avtoritar davlatlar ko‘pincha bunday ayblovlar bilan yo o‘zlariga yoqmagan shaxslardan, yo davlat uchun xavfli bo‘lgan, yoki muhim yoki maxfiy ma’lumotlarga ega bo‘lganlardan qutulishadi.
“Bu yerda, kattaroq ehtimol bilan aytishimiz mumkinki, amalga oshmay qolgan qandaydir kelishuv bor edi va shuning uchun hamisha Emomali Rahmon rejimiga sodiq bo‘lgan Usmonzoda endi keraksiz bo‘lib qolgan”, deydi Umarov.
Aziz Nurulloyev “Tojikistondagi hozirgi siyosiy vaziyatda mustaqil biror shaxs yoki guruh yo‘q”, deydi. Yaqinda hibsga olingan mashhur odamlar orasida bunday odamlar yo‘q edi. Agar ular o‘zlarining siyosiy qudratlari davrida (masalan, Iskandarov, Zarifiy, Salimov va boshqalar) tizimga qarshi chiqa olmagan bo‘lsalar, avvalgi qudratlari yo‘qolgan hozirgi vaqtda buning hech iloji yo‘q”, deydi u.
Boshqa mahalliy tahlilchilar ham hibsga olinganlarning hech biri hokimiyatga da’vo qilish uchun siyosiy nufuzga yoki ijtimoiy tayanchga ega bo‘lmaganini aytadi. Biroq o‘z nomini oshkor qilishni istamagan siyosiy ekspert aytishicha, “g‘ayriodatiy sharoit va holatlar hatto noma’lum kishilarni ham kutilmagan harakatlarga undashi mumkin”.
Demokratik partiyaning sobiq raisi Mahmadruziy Iskandarov, ro‘yxatdan o‘tmagan “Yangi Tojikiston” partiyasi yetakchisi Zayd Saidov, sotsial-demokratik partiya rahbari Rahmatillo Zoirov yoki ro‘yxatdan o‘tmagan «Taraqqiyot» partiyasi yetakchisi Sulton Quvvatni eslash o‘rinlidir. Ular Emomali Rahmon hukumati uchun tahdid emasdi, lekin hukumat ularni siyosiy maydondan olib tashlash yoki qamoqqa tiqish uchun hamma narsani qildi.
“Usmonzoda Demokratik partiya rahbari va deputat sifatida Rahmonga sodiqlikda kechib, uning qarorlariga norozilik bildirganida, sahnaga chiqib, qisqa vaqt ichida vaziyatni o‘zgartirishga qodir bo‘lgan jamoat yetakchisiga aylanishi mumkin edi", deydi bu tahlilchi, ammo bu "tashqaridan yordam" bilangina bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Tashqi qo‘l?
Usmonzoda hibsga olinganidan bir kun o‘tib, xorijdagi muxolifat partiyalar va harakatlarni birlashtirgan Tojikiston Milliy Alyansi tashkiloti raisi o‘rinbosari Sharofiddin Gadoyev «Ozodi» radiosiga bergan intervyusida Saidja’far Usmonzodani taklif qilgan rossiyalik general haqida gapirdi. Go‘yoki general unga yangi hukumat yetakchisi rolini o‘z zimmasiga olishni aytgan, chunki "Rossiya Tojikistonda yangi hukumat isayotganini" va aynan shu narsa Usmonzodaning pozitsiyasini o‘zgartirgan emish.
Biroq, Temur Umarovning fikricha, Tojikistondagi barqarorlikni xavf ostiga qo‘yish va “Putinni uzoq vaqtdan beri biladigan va unga yetarlicha ishonadigan Rahmonni almashtirish” Moskva manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi.
Umarovdan farqli o‘laroq, rossiyalik ekspert Andrey Serenko taxminicha, “hokimiyat uchun ichki kurash” ketyapti va hokimiyatning otadan o‘g‘ilga o‘tishi orqali tepadagi o‘zgarishlarga tayyorgarlik bor, ammo u Tojikistonda sodir bo‘layotgan voqealarga Moskvaning aloqadorligini inkor etadi. Uning aytishicha, u Moskvada Rustam Emomali otasi o‘rnini egallashga tayyorligini muhokama qilishganini eshitgan, ammo shundan boshqa gap yo‘q.
“Sababi nima bilmayman, lekin bu holatda ular Rahmonning hokimiyat almashinuvi bo‘yicha rejasi Moskvani to‘liq qoniqtirmagan bo‘lishi mumkin, deyishyapti. Ayni damda hamma ertami-kechmi Rahmon baribir ketishini tushunib turishibdi va bu jarayon o‘z-o‘zidan emas, balki uyushtirilgan, izchil va oqilona bo‘lishi kerak, degan tushuncha bor”, deydi Andrey Serenko.
Serenkoning fikricha, Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ta’siri pasaygan va Rossiyaning raqiblari va “hatto uning do‘stlari” mintaqaning yangi kelajagini shakllantirmoqchi. Rossiya nuqtayi nazaridan, "Rahmon boshchiligidagi hukmron elita Rossiyaning mintaqadagi ta’siri zanjiridagi eng zaif halqadir".
Uzoq xizmat qilgan vazirlar xavotirdami?
Biroq Nurulloyev taniqli shaxslarning yaqinda hibsga olinishi haqidagi xabarni idoralararo kurash yoki hokimiyatdagi guruhlar o‘rtasidagi kurash bilan bog‘laydi. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan anonim gapirishga rozi bo‘lgan yana bir Dushanbelik ekspert fikricha, “ba’zi uzoq yillik vazirlar xavotirda, chunki hokimiyatning otadan o‘g‘ilga o‘tishi hukumat tarkibi o‘zgarishini anglatadi. Ammo bu o‘zgarishlar qanday bo‘lishi noma’lum va Hamroxon Zarifiy va Akbarsho Iskandarovlarning hibsga olinishi ularning xavotiriga sabab bo‘lmoqda”.
Bular uzoq vaqtdan beri hokimiyatda bo‘lmagan “sobiq shaxslar”dir. Ammo ekspertga ko‘ra, “hibsga olishlardan maqsad Rustam atrofida undan ta’sirli birorta ham odamni qoldirmaslik."
Ayni paytda, 2-iyul kuni “Ozodlik” radiosining tojik xizmatiga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan tergovga yaqin manbaning aytishicha, tergov davomida Usmonzoda o‘nlab odamni davlat to‘ntarishiga urinishda sherik sifatida ko‘rsatma bergan va shu sababli ular so‘roqqa chaqirilgan. Tergovchilar ulardan ba’zilarini Usmonzoda bilan yuzlashtirishgan va u ularga qarab: “Maslahatlashganimizni eslay olmaysizmi”, degan. Biroq bu shaxslar davlat to‘ntarishi urinishiga aloqadorligini rad etgan.
Ishning sirli jihatlaridan biri: avvallari rasmiylar davlat to‘ntarishiga urinish mavzusini ochiq gapirgan bo‘lsa, bu safar masala sirli tus oldi. Usmonzoda hibsga olinganiga bir oy o‘tdi, biroq rasmiylar ishning yangi tafsilotlarini ma’lum qilishmadi.