Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 12-mart kuni davlat tashrifi bilan Bishkekka yetib borgan. Uni “Manas” xalqaro aeroportida mezbon prezident Sadir Japarov kutib olggan.
Ozodlikning qirg‘iz xizmati qaydicha, davlat rahbarlari qirg‘iz va tojik kuy-qo‘shiqlarini ijro etgan artistlar ishtirokidagi konsert dasturini tomosha qilishgan.
Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat liderlari ertaga, ya’ni 13-mart kuni o‘zara manfaatli bo‘lgan keng ko‘lamli masalalarni, ikki tomonlama hamkorlikni yanada teranlashtirish istiqbollarini muhokama qilishadi.
Tashrif yakunida qator ikki tomonlama hujjatlar imzolanadi. Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari imzolaydigan asosiy hujjat chegara to‘g‘risidagi shartnoma bo‘lishi kutilmoqda.
2024-yilning dekabr oyi boshida Qirg‘iziston bilan Tojikiston umumiy chegarani belgilash ishini butunlay yakunlagani ma’lum bo‘lgandi. Fevral oyi oxirida Bishkekda tomonlar bayonnoma imzolashib, faqat umumiy chegaralargagina emas, balki avtomobil yo‘llaridan foydalanish hamda suv va energetika obyektlaridan istifoda etishga daxldor shartnoma loyihalarini ham o‘zaro tasdiqlashgan edi. 27-fevral kuni Qirg‘iziston parlamenti ham chegara bo‘yicha shartnomani qo‘llab ovoz bergan.
Bu chegara mojarosi tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar yomonlashib ketganidan buyon Emomali Rahmonning Qirg‘izistonga ilk tashrifidir. Qirg‘iziston bilan Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar 2021-yil aprelida chegarada ro‘y bergan qonli voqealar ortidan ancha yomonlashib ketgan. Shu sababli Qirg‘iziston Tojikiston bilan chegarani bir tomonlama yopib qo‘ygan edi. 2022-yil sentyabrida ikki mamlakat o‘rtasidagi chegarada eng katta mojaro sodir bo‘lgan, mazkur mojaro chog‘ida o‘nlab odam qurbon bo‘lgan edi.