Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:09

Tojikiston TIV Rossiya elchisiga norozilik notasini topshirdi


Rossiyaning Dushanbedagi elchisi Semyon Grigoryev (Feysbukdan olingan surat)
Rossiyaning Dushanbedagi elchisi Semyon Grigoryev (Feysbukdan olingan surat)

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi “Tojikiston fuqarolariga Rossiya hududida o‘ta salbiy muomala qilinayotgani hamda ularning huquq va erkinliklari har joyda buzilayotgani munosabati bilan jiddiy tashvish” bildirgan holda, 29-aprel kuni Rossiyaning Dushanbedagi elchisi Semyon Grigoryevga norozilik notasini topshirgan. Bu haqda Ozodlikning tojik xizmati xabar qildi.

Norozilik notasiga Rossiya tomonidan hali javob bo‘lganicha yo‘q, biroq uch kun muqaddam Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova RF davlat chegara maskanlarida xorijlik fuqarolarning pasport nazoratidan o‘tishda ko‘proq tutib qolinayotgani, xususan Rossiya-Qozog‘iston chegarasidan o‘tishda yuzaga kelgan qiyinchiliklar “Krokus Siti Xoll”dagi teraktdan keyin terror xavfi saqlanib qolayotgani tufayli xavfsizlik choralari kuchaytirilgani bilan bog‘liqligini aytgan.

Zaxarova o‘z bayonotida “bu kabi qadamlar vaqtincha” ekani, “mamlakatga kirib kelayotganlarning milliy mansubiyatiga qaralmasdan amalga oshirilayotgan”ini urg‘ulagan.

Bugungi kunda yuzlab tojikistonlik Rossiya-Qozog‘iston chegarasi va Moskva aeroportlarida qolib ketmoqda.

“Bu kabi choralar faqat Tojikiston fuqarolariga nisbatan qo‘llanilmoqda, bu esa Tojikiston-Rossiya munosabatlari ruhi va an’analariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi”, deya qayd etilgan Tojikiston TIV notasida.

Tojikiston va Rossiya strategik hamkor mamlakatlar bo‘lib hisoblanadi. Qator mintaqaviy tashkilotlar a’zosi bo‘lgan Tojikiston ko‘p hollarda Kreml xatti-harakatlarini qo‘llab keladi. Bundan tashqari, mamlakat hududida Rossiyaning xorijiy o‘lkalardagi eng yirik harbiy bazalaridan biri joylashgan.

Bir necha kun avval, aniqrog‘i 26-aprel kuni Tojikiston TIV binosida Rossiya elchisi Semyon Grigoryev bilan uchrashuv o‘tkazilib, unda jumladan so‘nggi bir necha haftadan buyon Rossiya Federatsiyasi davlat chegarasidan o‘tishda Tojikiston fuqarolari duch kelayotgan qiyinchiliklar muhokama qilingan edi. O‘shanda Dushanbe vakillari tojikistonliklarga Rossiya hududiga kirishda asossiz ravishda yoppasiga rad javobi berilayotgani yuzasidan tashvish bildirganlar.

Bu uchrashuvning ertasiga, ya’ni 27-aprel kuni Tojikiston TIVning fuqarolarga Rossiyaga safar qilishdan tiyilib turish tavsiya etilgan bayonoti yoyinlangan.

Ozodlik avvalroq yuzlab tojikistonlik Moskvadagi Vnukovo aeroportida tutib turilgani va Rossiya hududiga kirgizilmayotgani haqida xabar qilgan edi. Bu chora qanday asosda amalga oshirilayotgani haqida yo‘lovchilarga hech kim izoh bergan emas.

Bundan tashqari, 22-apreldan buyon Tojikiston raqamlari taqilgan o‘nlab avtomobil Rossiya-Qozog‘iston chegarasining “Sagarchin” nazorat maskanidagi neytral hududda qolib ketgani haqida ma’lumotlar bor. Avtomashina haydovchilari tomonidan Ozodlikning tojik xizmatiga yo‘llangan videoda bu yerda Tojikiston raqamli 180 tacha avtomobil Rossiya hududiga kirish uchun ruxsat kutib turgani aytilgan.

Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” konsert zaliga o‘tgan oyda uyushtirilgan hujum ortidan Rossiya davlat tuzilmalarining Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bo‘lgan migrantlarga bosimi keskin kuchayib ketgan. Teraktda ayblanayotganlarning ko‘pchiligini Tojikiston fuqarolari tashkil qiladi.

Human Rights Watch (HRW) xalqaro inson huquqlari tashkiloti Rossiyada ksenofobik kayfiyat va tojik migrantlari huquqlarining buzilishi holatlari oshib borayotganidan xavotir izhor qilgan. HRWning aniqlashicha, teraktdan keyin o‘tgan bir hafta ichida migratsion qonunchilikni buzganlik vaji bilan migrantlarga qarshi ochilgan ishlar soni 70 foizga oshgan.

XS
SM
MD
LG