Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:56

Tojikistonda maxfiy harbiy baza ochgan Xitoy terrorga qarshi kurashda yangi voqelikka moslashmoqda


Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasiga yaqin hududda, Vaxon yo‘lagidan olis bo‘lmagan yerda Xitoyning mintaqadagi manfaatlari yangi voqelikka moslashmoqda.

Kamida besh yil oldin sovet zastavasi yaqinida qurilgan harbiy bazaga Xitoy qo‘shinlari joylashtirilgan.

Keyingi yillarda Markaziy Osiyoda Xitoyning ta’siri har tomonlama kengayib bormoqda.

Garchi Xitoy va Tojikiston hukumatlari baza mavjudligi hamda unga xitoylik harbiylar safarbar qilinganini rasman rad etishsa-da, Ozodlik radiosi jurnalisti majmua yaqiniga va uning atrofidagi hududga borib, Xitoyning mintaqadagi ilk harbiy hozirligini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi.

Zastava Pekin Markaziy Osiyoda ochgan ilk harbiy bazadir. Avgust oyida qo‘shni Afg‘onistonda Tolibon hokimiyatni egallab olganidan keyin, Pekin kun tartibida Afg‘oniston va mintaqadagi xavfsizlik masalasi yuqori o‘ringa chiqdi.

Amaldagi va sobiq afg‘on va tojik amaldorlar bilan suhbatlar, Xitoyning norasmiy harbiy bazasi yaqinida yashayotgan aholi bergan tafsilotlar, mutaxassislar tahlillari hamda Ozodlik muxbirining kuzatuvlari yordamida Xitoy mintaqadagi xavfsizlik masalalarida asta-sekin o‘z rolini o‘zgartirayotganini ko‘rsatuvchi manzara gavdalanadi.

Ammo bu manzara Pekin uchun tobora murakkablashib bormoqda.

Xitoy o‘z mintaqaviy manfaatlarini himoya qilish yo‘lida Tojikiston hukumati va Tolibon o‘rtasida tobora keskinlashib borayotgan munosabatni kuzatib, bir vaqtning o‘zida Tolibon tuzumi bilan hamkorlik qilish yo‘lini izlamoqda. Ayniqsa, Afg‘onistondagi uyg‘ur ekstremistlar Pekinni tashvishlantiradi. Xitoy hukumati ularni Shinjon viloyatida hujumlarni amalga oshirishda ayblab keladi va ularni hali-hanuz jiddiy tahdid deb biladi.

Pekinning Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini o‘rganib kelayotgan Frostberg davlat universiteti dotsenti Xayyun Ma Ozodlik bilan suhbatda:

“Afg‘onistondagi vaziyat Xitoy uchun noqulay”, dedi.

“Tolibon terrorchilar, jumladan, uyg‘ur [ekstremistik] guruhlari bilan aloqadadir, lekin Pekin toliblar bilan qanchalik hamkorlik qilishi mumkinligini ko‘rib chiqmoqda”.

Xitoy harbiy bazasi tafsilotlari, masalan, uni kim moliyalashtirayotgani va unga kim egalik qilishi noma’lum. Xitoyning Tojikiston – Afg‘oniston chegarasidagi missiyasining muayyan mohiyati nimadan iborat ekanligi ham ma’lum emas.

Ammo mahalliy aholi muntazam ravishda harbiy dronlarni ko‘rishlarini hamda hududda kuzatuv texnikasi o‘rnatilganini so‘zlab berdi. Ozodlik radiosi dronlarni qaysi mamlakat boshqarayotganini mustaqil ravishda aniqlay olmagan bo‘lsa-da, dronlardan foydalanilayotgani harbiy bazada kuzatish va nazorat amaliyotlari olib borilayotganidan dalolat beradi.

Bir necha bor bazaga borgan mahalliy aholi vakillari Ozodlikka ismini oshkor qilmaslik sharti bilan intervyu berib, u yerda xitoy, afg‘on va tojik harbiylari borligini hamda kelishuvga binoan, uchala mamlakat ma’lumot to‘playotgani va bir-biri bilan bo‘lishayotganini so‘zlab berdi.

Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Ozodlikka intervyu bergan Tojikiston hukumatidagi manbaga ko‘ra, Kobulda Tolibon hokimiyatga qaytgani bu hamkorlikni izdan chiqargan.

Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston kontingenti 15 - avgustda Kobulda G‘arb dastaklab kelgan hukumat qulaganidan buyon almashmagan. Ungacha har ikki oyda bir marta afg‘on qo‘shinlari almashib turgan.

Bu holat Tojikistonda o‘z mavqeini mustahkamlab, Afg‘onistondagi o‘zgaruvchan vaziyatga moslashishga urinayotgan Pekin uchun qo‘shimcha boshog‘riqdir. Ayni damda, Pekin Tolibon terrorizmga qarshi kurashda ishtirok etishga qanchalik tayyor va qodir ekanini aniqlashga harakat qilmoqda.

Pekin yillar davomida Tolibon bilan pragmatik va ba’zida tang munosabatlarda bo‘lgan. Joriy oy boshida Ozodlik Afg‘oniston va Tojikiston armiyasidagi manbalariga tayangan holda Tolibon uyg‘ur jangchilarni Afg‘onistonning Xitoy bilan chegarasidan ko‘chirganini xabar qilgandi. Xitoy Afg‘oniston bilan 76 kilometrga cho‘zilgan qisqa chegaraga ega.

Xitoy Afg‘oniston bilan chegaradosh Markaziy Osiyo davlatlari bilan ikki tomonlama harbiy mashqlar o‘tkazib keladi. 2001 - yilda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (ShHT) asos solingan. Pekin boshchilik qiladigan alyansga Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Hindiston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston a’zo.

Hongkongda chop etiladigan “South China Morning Post” nashri 2018 - yilda tarqatgan hisobotga ko‘ra, Xitoy Vaxon koridoridagi afg‘on brigadasini moliyalashtirgan hamda malakasini oshirgan. Pekin Tojikistonda o‘quv lagerini qurmaganini hamda “Afg‘oniston zaminiga Xitoy harbiylari yuborilmasligini” aytib, hisobot xulosalarini rad etdi.

“Xitoy terrorizmga qarshi kurashni o‘z tashvishlarini bartaraf etish hamda Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini kengaytirishning samarali usuli deb hisobladi”, dedi Ma.

Xitoy xavfsizlik choralarini kuchaytirayotganini qisman o‘z sarmoyalarini himoya qilish istagi bilan izohlash mumkin. Shuningdek, Pekin Markaziy Osiyo Shinjonda ekstremizm avj olishiga zamin yaratishi mumkin, deb hisoblaydi. Xalqaro hamjamiyat Xitoyni 2017 - yildan beri milliondan ziyod musulmon uyg‘ur va boshqa millat vakillarini qayta tarbiyalash lagerlari va qamoqxonalarga yo‘llaganlikda ayblab keladi.

Xitoy hukumati Shinjonda inson huquqlari toptalayotgani uchun xalqaro miqyosda keskin tanqidga uchradi. Ayrim G‘arb parlamentlari lager tizimini genotsidga tenglashtirdi. Xitoy rasmiylari esa lagerlar terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurashish uchun zarur bo‘lgan “qayta o‘qitish va tarbiyalash markazlari” ekanini aytib keladi.

Pekin “Turkiston Islom partiyasi”ni (TIP) Shinjonda tartibsizlik keltirib chiqarishda ayblab keladi. Xitoy hukumati hanuz guruhning eski nomi – “Sharqiy Turkiston islomiy harakati” (ShTIH) nomini ishlatadi.

Tolibon 1990‑yillarda uyg‘ur jangchilarga Afg‘onistonda faoliyat yuritishga izn bergan. Tolibon uyg‘ur jangarilar bilan aloqalarini saqlab qolganiga ishoniladi. Xitoy bir necha bor toliblardan bu jangarilar bilan aloqani uzishni talab qilgan.

Afg‘oniston ichidagi uyg‘ur jangchilar ko‘chirilgani haqidagi xabarlar bu amaliyot Tolibon va Pekin o‘rtasida kelishuv asosida amalga oshirilganidan dalolat bersa-da, Tolibon jangchilarni Xitoy hukumatiga topshiradimi, yo‘qmi, noma’lum.

“Gap Xitoy Tolibonni ishonchli sherik bo‘lishini kuta olishi yoki yo‘qligida”, dedi Ma.

“Tolibon mafkurasi shuni anglatadiki, ular Pekin bilan hamkorlik qilishda muayyan cheklovlar bo‘ladi”.

Xitoyning G‘arbiy chegarasidagi zastava

Xitoy Tojikistonga harbiy joylashtirgani Pekin mintaqada xavfsizlik masalalarida kattaroq rolь o‘ynash yo‘lida tashalgan strategik va ramziy qadamdir. Ammo bazada harbiylar soni juda oz bo‘lib, u eng yaqin aholi punkti – taxminan 4 000 odam yashaydigan Murg‘ob qishlog‘idan 132 kilometr masofadagi tog‘larda joylashgan.

Shunday bo‘lsa-da, norasmiy baza Xitoyning Markaziy va Janubiy Osiyoda iqtisodiy va siyosiy ta’sirini kengayishga qaratilgan sa’y-harakatlarining bir qismidir. Pekin prezident Si Szinpinning qiymati yuzlab milliard dollarlik “Bir makon, bir bir yo‘l” tashabbusi orqali o‘z iqtisodiy va siyosiy ta’sirini oshirmoqda. Loyihada Tojikiston hukumati ham ishtirok etmoqda.

2019 - yili “The Washington Post” gazetasida e’lon qilingan hisobotda Tojikistondagi bazaga joylashtirilgan askarlar Xitoyning asosiy harbiy kuchlari bo‘lgan Xalq ozodlik armiyasi askarlari emas, balki harbiylashtirilgan bo‘linmalar, xususan, Xalq qurolli politsiyasi askarlari ekani taxmin qilingandi.

Aynan shu harbiylashtirilgan bo‘linma so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo harbiylari bilan qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazdi. Xalq qurolli politsiyasi, shuningdek, Shinjonda uyg‘urlar va boshqa musulmon ozchiliklarni qatag‘on qilishda muhim rol o‘ynagan.

Afg‘oniston va Tojikistonning yaxshi qo‘riqlanmaydigan chegaralari bilan bog‘liq xavotirlar ushbu ikki mamlakat hamda Pekin o‘rtasida maxfiy kelishuv imzolanishiga olib kelgan. 2019 - yilda “The Wall Street Journal” gazetasida chop etilgan hisobotga ko‘ra, kelishuv Xitoyga chegaraning tojik tomonida mavjud bo‘lgan 30–40 postni ta’mirlash yoki kengaytirish huquqini bergan.

Hisobotda e’tirof etilishicha, kelishuv natijasida tojik – afg‘on chegarasining uzun qismida tojik askarlar o‘rnini xitoylik askarlar egallagan. Tojikiston rasmiysi bu xabarni Ozodlikka tasdiqladi.

Davlat departamentining sobiq xodimi Deniel Markey Ozodlik bilan suhbatda:

“Uyg‘ur jangchilarning umumiy soni oz. Xitoy ularning sonini bo‘rttirib ko‘rsatmoqda, lekin Afg‘oniston endi har xil jihodchi guruhlar uchun magnit va xavfsiz panohga aylanishi mumkin”, dedi.

“Xitoy o‘zining quruqlikdagi chegarasini yaxshiroq himoyalashni xohlashini tushunsa bo‘ladigan asos bor”, dedi u.

Xitoyning “terrorga qarshi urushi”

Xitoy harbiy strateglari va siyosatchilari Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi ekstremizmning Xitoyga tarqalishi tahdidi haqida uzoq vaqtdan beri xavotir olib keladi.

2014 - yilda Prezident Si Szinpin mamlakatning kommunistik rahbariyati oldida so‘zlagan nutqida Afg‘oniston va Suriyadagi mojaro Shinjonga bevosita ta’sir qilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Szinpinning nutqi qaydi 2019 - yilda “New York Times” gazetasi qo‘liga borib tushdi.

Si uyg‘ur jangarilar Afg‘oniston va Suriyaga borib, jang qilganini hamda tajribali jangchilar sifatida Shinjonga qaytib, Sharqiy Turkiston mustaqilligi uchun kurashishlari mumkinligini ta’kidlagan.

“AQSh o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketgandan keyin, Afg‘oniston va Pokiston chegarasida joylashgan terror tashkilotlari tezda Markaziy Osiyoga kirib kelishi mumkin”, degan Xitoy rahbari.

“Suriya va Afg‘onistonda haqiqiy jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan Sharqiy Turkiston terrorchilari istalgan vaqtda Shinjonda terror hujumlarini uyushtirishlari mumkin”, deya iddao qilgan Xitoy rahbari.

Texas universitetining Markaziy Osiyo bo‘yicha eksperti Edvard Lemon aynan mana shu xavotirlar Pekinni Tojikistonga harbiy joylashtirishga undaganini aytdi.

“Tojikistondagi inshootning qurilishi Xitoy hukumati Tojikiston va Xitoy chegarasi Afg‘onistonda joylashgan uyg‘ur jangarilari o‘tishi mumkin bo‘lgan zaif joy, deb hisoblashiga bevosita bog‘liqdir”, dedi u Ozodlikka bergan intervyusida.

Pekin o‘nlab yillardan beri uyg‘urlarning Pekin hukmronligiga qarshi har qanday qarshiligini ayovsiz bostirib keladi. Shinjonda yashayotgan 25 million odamning aksari musulmon etnik ozchiliklar vakillari bo‘lib, ular orasida uyg‘urlar soni eng ko‘pdir.

Uzoq vaqtdan buyon Xitoy ichidagi va chet eldagi ko‘plab uyg‘ur tinch yo‘l bilan mustaqil vatanga erishishga intilib keladi. Lekin bu istak etnik guruhga qarshi repressiyalardan g‘azablanish hissi bilan bir qatorda Xitoyga qarshi hujum uyushtirishga tayyor ekstremistik harakatni vujudga keltirdi.

1990‑yillarda Afg‘onistonda Xitoydan ajralib chiqish uchun kurashgan uyg‘ur jangari guruhi paydo bo‘ldi. Uni Tolibon o‘z himoyasiga oldi.

Keyinroq Pekin Tolibon rahbariyati bilan muzokara olib borib, guruhni ShTIH bilan aloqani uzishga undadi. Tolibonning sobiq rahbari Mulla Umar uyg‘ur jangchilarni boshqa joyga ko‘chirdi va ularning faoliyatini chekladi. Ammo Tolibon ShTIHni badarg‘a qilishga yoki Xitoy hukumatiga topshirishgacha bormadi.

Pekin ShTIHni Xitoy ichida hujumlarni uyushtirishga yordam berganlikda aybladi, lekin 2000‑yillar mobaynida ushbu guruh haqida hech qanday xabar bo‘lmadi, ayniqsa, guruh rahbari 2003 - yilda o‘ldirilganidan keyin. 2008 - yilga kelib o‘zini TIP deb atagan guruh Pekinda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlari davomida hujum uyushtirishni tahdid qilgan video tarqaldi. TIP o‘zini ShTIH vorisi deb atadi. Xitoy guruhning eski nomini ishlatishda davom etib keladi.

TIP 2014 - yildan buyon Suriyaga borgan uyg‘urlar hisobiga kengaydi. Bu esa ular Afg‘onistonga yoki Xitoyning g‘arbiy chegarasi bilan qo‘shni boshqa hududlarga kelishi haqida xavotirga sabab bo‘ldi.

G‘arb rasmiylari va tahlilchilari uyg‘ur jangarilarning Xitoy hududida jiddiy hujum uyushtirish qobiliyatiga shubha bilan qaraydi. Ammo Shinjonda hukumatga qarshi insidentlar ko‘paygani Pekinni uyg‘urlarga qarshi repressiya boshlashga undadi.

Xitoy ichida bu kurash terrorizmga qarshi “xalq urushi” shaklini oldi hamda Shinjondagi hozirgi lager tizimiga aylandi. Xorijda esa Pekin dunyoning turli burchaklaridagi uyg‘urlarni nishonga olish, so‘roq qilish, qo‘rqitish va ekstraditsiya qilish kampaniyasini boshladi.

Iyun oyida “Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha Oksus jamiyati” va “Uyg‘ur inson huquqlari loyihasi” tomonidan chop etilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, 1997 - yildan beri kamida 395 nafar uyg‘ur Xitoyga badarg‘a qilingan, ekstraditsiya qilingan yoki qaytarilgan. Aslida bu ko‘rsatkich ancha yuqori ekaniga ishoniladi.

Murakkab hamkorlar

Xitoyning Tojikistondagi norasmiy harbiy bazasi zamirida jangarilar tahdidi yotadi. Bundan tashqari, harbiy majmua hamda Pekinning terrorizmga qarshi kurash dasturi mamlakatning Rossiya bilan murakkab geosiyosiy munosabatlari, shuningdek, Tolibon va Tojikiston hukumati o‘rtasidagi hozirgi kundagi keskin munosabatlar bilan bog‘liq.

Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan keyin, Rossiya Markaziy Osiyoda xavfsizlik kafolati sifatida o‘z mavqeini saqlab qoldi. Kreml:Xitoyning iqtisodiy ustunligini tan olgan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyoni o‘z ta’sir doirasining bir qismi deb biladi.

Tojikiston poytaxti Dushanbe yaqinida 7 000 harbiy joylashtirilgan Rossiya harbiy bazasi bor. Tolibon hokimiyatga qaytganidan keyin, Moskva mamlakatga qo‘shimcha tank va og‘ir qurol yubora boshladi.

Pekin Moskvani qo‘zg‘atishdan qo‘rqib, Tojikistonda ehtiyotkorlik bilan chora ko‘rdi.

2017 - yilda Xitoy Vazirlar Mahkamasiga aloqador ekani aytiladigan Pekindagi nufuzli “Rivojlanish tadqiqot markazi” tahlil markazi bir necha taniqli rossiyalik tadqiqotchini chaqirib, Xitoy Tojikistonga xavfsizlik kuchlarini yuborishiga Rossiya qanday munosabat bildirishini aniqlashga urindi.

Ishtirokchilardan biri – Moskvadagi Karnegi markazining katta ilmiy xodimi Aleksandr Gabuyev Ozodlik bilan suhbatda uchrashuv Xitoyning bunday chora ko‘rishni istashi sabablarini tushuntirishga qaratilganini aytdi.

“Maqsad asosan muayyan masalalarda nima Kreml uchun qizil chiziq bo‘lishini hamda Moskva Xitoy Tojikistonda nima qilsa toqat qilishi, nima qilsa toqat qilmasligini bilib olishdan iborat bo‘ldi”, dedi Gabuyev.

Xitoy ham, Rossiya ham Afg‘onistondagi beqarorlik tarqalishi hamda mamlakat terror guruhlari uchun qulay zaminga aylanishidan xavotirda, lekin Gabuevning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy harbiylarining Markaziy Osiyoga kiritilishi dastlab Kreml uchun yoqimsiz voqea bo‘lgan.

“[Baza] Rossiya uchun yoqimsiz syurpriz bo‘ldi, lekin Moskva Xitoy harbiylari faqat Tojikistonga joylashtirilishini yaxshi biladi”, dedi u.

“[Kreml] Xitoy mintaqada ta’sirini kengaytirishini xohlamaydi, lekin Xitoy allaqachon mintaqada bo‘lgani uchun u hamkorlik qilishga intiladi”.

Xitoy va Rossiya Afg‘oniston atrofida o‘z mudofaasini mustahkamlashga harakat qilmoqda. Ikki mamlakat Tolibon bilan ehtiyotkorlik bilan muloqot boshladi, lekin Kobul va Dushanbe o‘rtasidagi keskinlik Pekinning mintaqadagi manfaatlarini yanada murakkablashtirishi mumkin.

Tojikistonning avtokratik prezidenti Emomali Rahmon Tolibonni Afg‘oniston xalqiga qarshi “dahshatli zo‘ravonlik” sodir etganlikda ayblamoqda. Rahmon Afg‘onistonning etnik xilma-xilligini aks ettirmaydigan Tolibon hukumatini tan olmasligini aytgan. Dushanbe, shuningdek, avgust oyida Tolibon tomonidan ag‘darilgan Afg‘oniston hukumatining surgun qilingan siyosatchi-yu amaldorlarini qabul qildi.

Bu harakatlar ikki tomon o‘rtasida ziddiyat keltirib chiqardi va chegarada zo‘ravonlik ehtimolini oshirdi. Ozodlik radiosining xabar berishicha, Dushanbe rasmiysi toliblar bilan jang qilgan afg‘onistonlik tojiklar Tojikistonga o‘tishni rejalashtirayotgani va qurol to‘planayotganini aytib, xavotir izhor qilgan.

Natijada Tolibonning bosh vazir o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Salam Hanafiy Tojikistonni Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashmaslik haqida ogohlantirdi.

Eskalatsiya allaqachon Kremlni munosabat bildirishga undadi. Moskva qo‘shni Afg‘onistondan har qanday hujum bo‘lsa, Tojikistonni himoya qilishga tayyorligini izhor qildi.

Lemon ayni damda ikki tomon o‘rtasida jang boshlanishi ehtimoli oz ekanini aytdi. Ammo tahlilchi ziddiyat Pekin uchun yoqimsiz o‘zgarish ekanini qo‘shimcha qildi.

“Agar to‘qnashuvlar Xitoy qo‘shinlari joylashgan joyga yetib borsa, bu [Xitoyni] qiyin ahvolga solib qo‘yishi mumkin”, dedi u.

Yangi davrga hozirlik

8 - oktabr kuni Afg‘oniston shimolidagi Qunduz shahridagi Guzari Sayid Obod masjidida sodir etilgan xudkushlik hujumida kamida 50 kishi o‘ldi, 140 dan ortiq odam yaralandi.

Hujum uchun mas’uliyatni Tolibonga qarshi kurashayotgan “Islomiy davlat – Xuroson” (ID – X) terrorchi guruhi o‘z zimmasiga oldi.

Guruh hujumni Tolibon Afg‘onistondan “[uyg‘urlarni] quvib chiqarish” uchun Xitoy bilan hamkorlik qilayotgani uchun uyg‘ur shaxs amalga oshirganini iddao qildi.

Xitoying Tojikistondagi bazasi va Pekin ko‘rayotgan choralar Xitoy chegaralarini mustahkamlash va jangarilar mamlakat ichida hujum uyushtirishi oldini olishga qaratilgan. Ammo Xitoyni nishonga olish qiyinlashar ekan, ko‘plab jangarilar e’tiborini Markaziy va Janubiy Osiyodagi Xitoy bilan bog‘liq nishonlarga qaratmoqda.

Qirg‘iziston davlat xavfsizlik xizmati 2016 - yilda Bishkekdagi Xitoy elchixonasi oldida uyushtirilgan portlashni TIPning uyg‘ur jangarisi amalga oshirgani, uni “Al-Qoida”ning “Nusra fronti” moliyalashtirganini ma’lum qildi.

“Islomiy davlat” 2017 - yilda Pokistonda ikki xitoylik o‘qituvchini o‘g‘irlab ketib, o‘ldirdi. Pokistonda, shuningdek, joriy yilning iyulь va avgust oylarida turli guruhlar xitoylik ishchilariga qarshi qator hujumlarni uyushtirdi.

Qunduzdagi portlash va butun mintaqa bo‘ylab uyushtirilgan hujumlar Xitoy manfaatlarini nishonga olayotgan jangari guruhlar ko‘payib borayotganidan dalolat beradi. Bu holat terrorizmga qarshi kurashda Tolibonni hamkorlik qilishga chorlayotgan Pekin uchun qiyinchilik tug‘diradi.

Maning so‘zlariga ko‘ra, agar Tolibon Xitoy qistovi bilan uyg‘ur jangarilarga qarshi keskin chora ko‘rsa, ular “tahdidni his qila boshlaydilar va ID – X kabi boshqa guruhlar bilan hamkorlikka intiladilar”.

“Tolibonni hamkorlik qilishga chorlab, oshiqcha bosim o‘tkazcangiz, ularning legitimligiga putur yetkazishingiz mumkin. Natijada ular jangchilarni nazorat qila olmay qoladi”, dedi Ma.

“Mana shu holat Xitoy uchun asosiy dilemmadir”, deya so‘zini yakunladi u.

XS
SM
MD
LG