Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Tojikistonda Oliy kengash sobiq raisi Akbarshoh Iskandarov qo‘lga olindi


Akbarshoh Iskandarov
Akbarshoh Iskandarov

Dushanbeda Tojikiston Oliy kengashining sobiq raisi Akbarshoh Iskandarov qo‘lga olingan.

Ozodlik tojik xizmatining ikki manbadan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qilishicha, Bosh prokuratura xodimlari 13 va 14-iyun kunlari Iskandarovni so‘roqqa chaqirishgan, keyin esa qo‘yib yuborishgan.

Tojikiston rasmiylari sobiq rais qo‘lga olinganini tasdiqlagan ham, rad qilgan ham emaslar.

Akbarshoh Iskandarov 2000-yillar boshida bir necha yil Tojikistonning Qozog‘istondagi elchisi bo‘lib ishlagan, undan avval esa u Tojikistonning Turkmanistondagi va Mo‘g‘ulistondagi elchisi o‘laroq faoliyat yuritgan.

73 yoshli Akbarshoh Iskandarov o‘tgan asrning 90-yillari boshidagi qurolli mojarolar to‘lqinida Tojikiston Oliy kengashi raisi lavozimini egallagan, hatto 1991-92-yillarda vaqtinchalik Tojikiston prezidenti vazifasini ham bajargan. So‘nggi paytlarda u Tojikiston Fanlar akademiyasining Falsafa, siyosatshunoslik va huquq instituti ishlab kelayotgan edi.

Iskandarov qaysi asosda qo‘lga olingani va nima sababdan so‘roq qilingani ma’lum emas.

Bosh prokuratura tergovchilari o‘sha kunlar ichida ellikka yaqin kishini so‘roq qilishib, uyini tark etmaslikka oid tilxat asosida qo‘yib yuborishgan, Akbarshoh Iskandarovni esa qo‘yib yuborishmagan”, deya qayd etgan “Ozodi” manbasi.

Iskandarov muxolifatdagi Tojikiston demokratik partiyasi sobiq lideri, deputat Saidja’far Usmonzoda hamda sobiq tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy ortidan qo‘lga olingan. Bu qo‘lga olishlar orasida bog‘liqlik bor-yo‘qligi ma’lum emas, deya yozgan “Ozodi” radiosi.

14-iyun kuni Tojikiston bosh prokurori Yusuf Rahmon Usmonzodani deputatlik daxlsizligidan mahrum qilish taqdimnomasi bilan parlament deputatlariga murojaat qilgan. Majlisda ishtirok etgan deputatlarning hammasi bir ovozdan prokuratura iltimosnomasini qanoatlantirishib, Usmonzodaning hibsga olinishiga rozilik berishgan.

Yusuf Rahmon parlamentda Bosh prokuratura Usmonzoda va “boshqalar”ni Tojikistonda davlat hokimiyatini egallab olishga uringanlikda ayblayotganini bildirgan. Usmonzodaning qarindoshlari deputatga tuhmat qilinayotganini aytishgan.

XS
SM
MD
LG