Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Tojikistonda sobiq tashqi ishlar vaziri qo‘lga olindi


Hamroxon Zarifiy
Hamroxon Zarifiy

Dushanbeda 12-iyun kuni Tojikiston sobiq tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy qo‘lga olingan. Bu ma’lumotni 18-iyun kuni Ozodlikning tojik xizmatiga bir necha manba tasdiqlagan.

“Ozodi” manbalaridan biriga ko‘ra, 16-iyungacha Zarifiy Tojikiston IIVning Dushanbedagi vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlangan, biroq keyin u qaysi hibsxonaga ko‘chirilganidan manbaning xabari yo‘q.

Sobiq vazir so‘roqdan keyin qo‘yib yuborilgani haqida ham xabarlar paydo bo‘lgan, biroq bu ma’lumotni tahririyat manbalaridan birontasi tasdiqlamagan.

Rasmiy tuzilmalar sobiq mulozimning qo‘lga olingani yoki ozod qilinganiga oid ma’lumotni tasdiqlagan ham, rad qilgan ham emas.

74 yoshli Hamroxon Zarifiy ayni paytda nafaqada. “Ozodi” manbalari sobiq vazir nima sababdan qo‘lga olinganini bilmasliklarini aytishgan. Tojikiston huquq-tartibot idoralaridagi manba “qo‘lga olish va so‘roq Zarifiy vazir bo‘lib ishlagan paytda TIV binosi qurilishi chog‘ida sodir etilgan iqtisodiy jinoyat bilan bog‘liq” ekanini ma’lum qilgan.

Hamroxon Zarifiy “davlat hokimiyatini egallab olishga uringanlik” ayblovi bilan ushlangan Tojikiston parlamenti deputati Saidja’far Usmonzoda bilan bir kunda qo‘lga olingan.

Tojikiston muxolifati Zarifiyning qo‘lga olinishini Usmonzoda ishi bilan bog‘lamoqda. Bu borada rasmiylar tomonidan biror izoh berilmagan. Ozodlikning tojik xizmati suhbatdoshlari Zarifiy Saidja’far Usmonzoda bilan muloqot qilib turganini, biroq uning qo‘lga olinishi sobiq deputat ishi bilan bog‘liq yoki emasligini aniq bilmasliklarini aytganlar.

14-iyun kuni Tojikiston bosh prokurori Yusuf Rahmon Usmonzodani deputatlik daxlsizligidan mahrum qilish taqdimnomasi bilan parlament deputatlariga murojaat qilgan. Majlisda ishtirok etgan deputatlarning hammasi bir ovozdan prokuratura iltimosnomasini qanoatlantirishib, Usmonzodaning hibsga olinishiga rozilik berishgan.

Usmonzodaning qarindoshlari “Ozodi” radiosi bilan suhbatda deputatga qo‘yilgan hokimiyatni egallab olishga uringanlik ayblovini “tuhmat” deb atashib, “bunday reja Usmonzodaning hatto xayolida ham hech qachon bo‘lmagan”ini aytishgan.

Mehnat faoliyatini Ko‘lob pedagogika institutida o‘qituvchilikdan boshlagan Hamroxon Zarifiy 1974-yildan boshlab Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB), 1993-yildan esa Tashqi ishlar vazirligi tizimida ishlagan.

Qator yillar davomida Tojikistonning BMT tuzilmalari va YXHTdagi doimiy vakili, shuningdek, G‘arbdagi qator mamlakatlarda elchi lavozimlarini egallagan Zarifiy 2006-yil dekabridan 2013-yil 31-noyabrigacha tashqi ishlar vaziri o‘laroq faoliyat yuritgan edi.

XS
SM
MD
LG