Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 02:49

Tojikistonlik faol GFRdan deportatsiya oldidan o‘z joniga qasd qilishga urindi


Dilmurod Ergashev
Dilmurod Ergashev

Tojikistonlik muxolifat faoli Dilmurod Ergashev Germaniyadan Tojikistonga deportatsiya oldidan o‘zini o‘ldirishga uringan. Bu haqda The Insider nashri faolning safdoshi, muxolifatchi Sharofiddin Gadoyev so‘zlariga tayangan holda xabar qildi.

Gadoyevga ko‘ra, politsiya xodimlari uni deportatsiya qamoqxonasi kamerasida qonga belanib yotgan holda topishgan. U qorin sohasini, qo‘llarini kesgan, shuningdek, ko‘ktomirini kesishga harakat qilgan. Kasalxonada uning kesilgan joylarini tikishgan, shunga qaramay, Ergashevni 6-noyabr tongida deportatsiya qilish rejalanmoqda.

“Tojikistonga qaytganidan keyin Emomali Rahmon rejimi tomonidan unga nisbatan muqarrar jazo va ayovsiz qatag‘on bo‘lishini anglagan Ergashev o‘zini o‘ldirishga uringan. Ergashev siyosiy muxoliflarini shafqatsizlik bilan jazolashi bilan mashhur bo‘lgan rejim “qassoblar”i qo‘liga tushgandan ko‘ra o‘limni afzal ko‘rardi”, deya iqtibos keltirgan Gadoyev so‘zlaridan nashr.

Gadoyev boshchiligidagi “Tojikistonni isloh qilish va rivojlantirish” harakati huquqbonlik tashkilotlari va xalqaro hamjamiyatni zudlik bilan vaziyatga aralashib, Ergashev deportatsiyasini to‘xtatish uchun chora ko‘rishga chaqirgan.

Biz Germaniya rasmiylaridan o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishni va Dilmurod Ergashevga siyosiy qochqin o‘laroq loyiq bo‘lgan himoya berilishi talab qilamiz”, deyilgan harakat bayonotida.

Dilmurod Ergashevni vataniga badarg‘a qilishga oid qaror tojikistonlik faol qo‘lga olinishi bilan Kleve shahri ma’muriy sudi tomonidan 28-oktyabr kuni chiqarilgan. Sud qaroriga muvofiq, Ergashev 7-noyabrgacha deportatsiya qilinishi lozim. Safdoshlariga ko‘ra, sud tojikistonlik faolning Germaniyada o‘ziga siyosiy qochqinlik berish to‘g‘risida ariza topshirganini va mazkur ariza hali ham boshqa ma’muriy sud tomonidan ko‘rib chiqilayotganini e’tiborga olmagan.

Ergashev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonga muxolif bo‘lgan “24 guruhi”ning eng faol a’zolaridan biri bo‘lib hisoblanadi. 2024-yilda u muxolifatning boshqa bir harakati bo‘lgan “Tojikistonni isloh qilish va rivojlantirish”ga qo‘shilgan. U so‘nggi 13 yil ichida Germaniyada istiqomat qilib kelayotgan edi.

XS
SM
MD
LG