Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 06:44

Toshkent kinochilarga qizil gilam to‘shadi, ular orasida putinparastlar ham bor


 O‘zbekiston poytaxti Toshkent yana yirik kino anjumaniga mezbonlik qildi.
O‘zbekiston poytaxti Toshkent yana yirik kino anjumaniga mezbonlik qildi.

Rossiyalik mashhur aktrisa, o‘zbek tomoshabiniga Kavkaz asirasi komediyasidagi Nina roli bilan tanish Natalya Varley Toshkent kinofestivalidan qaytishi bilan sobiq SSSR parchalanishidan afsus va nadomatda ekanini aytib, intervyu berdi.

U “Empatiya Manuchi" kanaliga bergan bu intervyusidan ikki kun oldin Toshkentda aziz mehmon sifatida kutib olingan va mahorat darslari ham o‘tgandi.

Rossiyalik aktrisa Natalya Varley Toshkent kinofestivalining xos mehmoni bo‘ldi.
Rossiyalik aktrisa Natalya Varley Toshkent kinofestivalining xos mehmoni bo‘ldi.

Rossiyalik aktrisa o‘zini mehmon qilgan O‘zbekiston va mintaqadagi boshqa davlatlarni “sariq podshohchalar” boshqarayotganini aytadi.

Natalya Varleyni Toshkentga O‘zbekiston kinematografiya agentligi taklif qilgan.

"Toshkent Xalqaro kinofestivali”da Varleydan tashqari amerikalik mashhur Gollivud aktyori Kevin Speysi va boshqa mashhurlar ham qatnashdi.

Ammo ular haqida keyinroq….

Festivalning xos mehmonlari orasida Putinning Ukrainaga urushini qo‘llab-quvvatlagan va buning uchun filmlari Ukraina va Boltiqbo‘yi o‘lkalarida taqiqlangan rus kinorejissyori Aleksey Uchitel ham bor edi.

“Ipak yo‘li” durdonasi Toshkent xalqaro kinofestivali rasman sovet davrida O‘zbekiston poytaxtini “Sharq yulduzi” deya ko‘z-ko‘z qilgan “Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi” kinofestivalining davomi sifatida taqdim qilinib kelinadi.

Festivalga Ukrainadagi urushni va SSSRni qayta tiklash g‘oyasini ochiq qo‘llab-quvvatlayotgan san’atkorlarning taklif etilgani tadbir boshlanishidan ancha oldin tarmoqlarda tanqidga tutildi. Jurnalist va blogerlar O‘zbekiston kinematografiya agentligi va uning ziddiyatli rahbari Firdavs Abduholiqov qaroridan norozilik bildirishdi.

Toshkentning "sertakalluf va serqadam mehmonlari"

“Eslab qoling, Firdavs Abduholiqov rahbarligida o‘tayotgan festivallar, unga chaqirilayotgan mehmonlarning g‘oyalari bir kuni kelib boshimizga katta balo bo‘lib yog‘iladi”, deb yozdi o‘zbekistonlik jurnalist Ilyos Safarov o‘zining Facebook‘dagi sahifasida.

Kinofestival arafasida taniqli o‘zbek aktrisasi, xalq artisti Dilorom Karimova so‘nggi yillarda mamlakatga serqatnov bo‘lib qolgan rossiyalik san’atkorlar Putin propagandasining elchilari ekani, ular o‘zlariga maydon izlayotganini aytib, Toshkent kinofestivali ana shunday maydonga aylanib qolmasligi kerakligi haqida ogohlantirdi.

"Bugungi kunda butun dunyoda rus [Rossiya] qudrati, rus [Rossiya] xarakteri, rus tili, rus quroliga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarmoqda. Shu sababli rus propagandasi o‘zining tashviqotini tinglaydigan maydon qidiryapti. Mana shu maydonlardan biri esa bizning maydon (O‘zbekiston) bo‘lib qolyapti. Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin rus san’ati ahli bizga juda sertakalluf va serqadam mehmonimiz bo‘lib qoldi. Mana, yaqinda tiklangan o‘zbek Toshkent kinofestivalining eng aziz mehmonlari ham urushni yoqlovchi, urushni targ‘ib qiluvchi Nikita Mixalkov, Sergey Bezrukovdek kinosan’atkorlardir. Ular kelib katta zallarga yoshlarni yig‘ib, rus tashviqotini olib boradi”, degan O‘zbekiston xalq artisti.

Kinofestivalda Putinning faqat rossiyalik emas, boshqa o‘lkalardan tashrif buyurgan muxlislari ham bor edi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin kinorejissyor Emir Kusturitsani orden bilan siylamoqda. 4-noyabr, 2016-yil.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin kinorejissyor Emir Kusturitsani orden bilan siylamoqda. 4-noyabr, 2016-yil.

Ulardan biri Emir Kusturitsa — yugoslaviya va serb kinorejissyori va aktyori.

U 2014-yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlagan.

2017-yilda Rossiya tomonidan bosib olingan Qrimga uchib kelgan Kusturitsa o‘zining folk-rok guruhi bilan birgalikda yarimorolda konsert berib, Qrimni Rossiya hududi deb bilishini aytgan.

Mirziyoyev kinofestivali - millionlab dollarni ko‘kka sovurishmi?

Toshkent kinofestivalning qizil gilamidan rus san’atchilari qatori dunyoning turli burchaklaridan kelgan bir necha yuz taniqli rejissyorlar, jumladan, serb rejissyori va musiqachisi Emir Kusturitsa, amerikalik aktyor Kevin Speysi, polshalik rejissyor va prodyuser Kshishtof Zanussi, fransuz aktyori, “Taksi” filmi orqali tanish Sami Naseri yurishdi.

Toshkent xalqaro kinofestivalida ishtirok etgan aktyor Kevin Speysi Toshkentda shifoxonaga yotqizilgani haqida xabarlar o‘rtaga chiqdi.

Aktyor unga yordam ko‘rsatgan mahalliy shifokorlarga minnatdorchilik bildirdi.

“Menga g‘amxo‘rlik qilgan shifokorlar juda ehtiyotkor edi va ulardan minnatdorman. Nafaqat ushbu tarixiy shahar, balki bu yerda joylashgan ajoyib, zamonaviy tibbiyot muassasasi mavjudligi uchun ham xursand bo‘ldim. Shunday qilib, menda hammasi yaxshi kechdi”, deb bayonot berdi amerikalik aktyor.

Amerikalik aktyorning Toshkentga kelishi qanchaga tushgani haqida festival tashkilotchilari ochiqlamagan.

Festival qatnashchilari orasida asli o‘zbekistonlik, bir necha yildan buyon Londonda yashayotgan 37 yashar Nodira Myurrey o‘zining “Winners” filmi bilan qatnashdi.

“Muhojirotda uzoq yil yashab bu sahnada gapirayotganimga xali ham ishonmayapman”, - deydi Nodira Myurrey.

​Vataniga qaytish kabi eng katta qo‘rquv hissini boshdan kechirayotgan o‘zbeklar haqida kino olgan Nodira Myurrey Britaniyaning Toshkentdagi sobiq elchisi, "Samarqanddagi qotillik" kitobi muallifi Kreyg Myurreyning rafiqasidir.

Nodira Myurrey Britaniyada o‘zining "Britan elchisining raqqosasi" spektakli bilan mashhur tanilgandi.

Festival qatnashchilari orasida asli o‘zbekistonlik, bir necha yildan buyon Londonda yashayotgan 37 yashar Nodira Myurrey o‘zining “Winners” filmi bilan qatnashdi.
Festival qatnashchilari orasida asli o‘zbekistonlik, bir necha yildan buyon Londonda yashayotgan 37 yashar Nodira Myurrey o‘zining “Winners” filmi bilan qatnashdi.

Toshkent xalqaro kinofestivali 1968-yildan 1988-yilgacha har ikki yilda o‘tkazib kelingan.

Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi xalqaro kinofestivali dunyodagi eng yirik kinoforumlardan biri bo‘lgan.

Ozodlik suhbatlashgan kinomunaqqidlar Toshkentda ochilgan festivalning kino ravnaqiga xizmat qilishini savol ostiga olishdi.

Taniqli o‘zbekistonlik aktyor va multipikator Nozim To‘laxo‘jayev Toshkentdagi kinofestival tanlovsiz o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratdi.

Bundan oldin Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga tushgan rossiyalik “putinparast” aktyorlar Vladimir Mashkov va Sergey Bezrukovlarning Toshkent kinofestivaliga taklif etilgani, ba’zilarining mamlakat Olimpiya qo‘mitasi mulozimi ham bo‘lgan ziddiyatli tadbirkor Salim Abduvaliyev xonadonida mehmon bo‘lgani tarmoqlarda muhokama qilingan.

Rossiyalik qo‘shiqchilarning o‘zbek zodagonlari to‘ylarida ko‘rinish berishi odatiy hol.

Kreml propagandachisi va Qrim anneksiyasining ashaddiy tarafdori bo‘lgan rossiyalik rejissyor Nikita Mixalkov o‘tgan yili Toshkent festivalining, bu yil esa teatr festivalining xos mehmoni bo‘lgandi.

Homiylar kim?

Homiylik asosida o‘tkazilayotgani aytilgan anjuman xarajatlari ochiqlanmayapti. Festival rasmiy saytida homiy tashkilotlar nomlari keltirilmagan.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, festival xomiylaridan biri ERIELL guruhidir.

Ozodlik shu yil boshida e’lon qilgan surishtiruv O‘zbekistonning yirik gaz konlariga egalik qilayotgan ERIELL uning rahbari Baxtiyor Fozilov vositachiligida Putinga yaqin oligarxlarga bog‘langanini o‘rtaga chiqargandi.

Ozodlik ixtiyoridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Baxtiyor Fozilov va O‘zbekiston kinematografiya agentligining o‘tmishda Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan rahbari Firdavs Abduxoliqov yaqin qarindoshlik aloqalariga ega.

Fozilovning kompaniyasi Abduholiqov uyushtirgan va uyushtirayotgan barcha tadbirlarning asosiy homiysi sanaladi. Ammo bu homiylik miqyosi va uning aniq manbalari hech qachon ochiqlangan emas.

2008-yili Rossiyada faoliyatini boshlagan ERIELL guruhi aksiyalarining foizini Gazprombank sotib olgan¸ 2015-yil dekabrida ERIELL bu aksiyalarining bir qismini qayta sotib olgan. Guruh aksiyalarining 39.6 foizi¸ ochiq ma’lumotlarga ko‘ra¸ hamon Gazprombankka tegishli.

Shirkatning keyingi yillarda O‘zbekiston neft va gaz sohasidagi yirik loyihalarni qo‘lga olayotgani aytiladi.

Озодлик суриштируви: Самарқанд аэропорти "Шоввозсой"ни қурган олигархга берилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:05 0:00

Festival tashkilotchilari tadbirga ERIELL homiy ekanini tasdiqlamadi, infor ham qilmadi.

Abduxoliqov Islom Karimov davrida uning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova tadbirlarining yetakchi tashkilotchisi va targ‘ibotchilaridan biri sifatida tanilgan.

Karimova qamalishi bilan undan rasman yuz o‘girgan va o‘ziga qarashli matbuotda "Gulnoraning kirdikorlari"ni fosh qilgan Abduxoliqov¸ bir muddat tanaffusdan so‘ng Shavkat Mirziyoyev islohotlarining bosh targ‘ibotchisiga aylandi.

O‘zbekiston Kinematografiya agentligining joriy rahbari, ayni paytda qator xususiy telekanal va axborot saytlari egasi - yirik media-magnat hamdir.

2000-yillar boshida O‘zbekistonning marhum birinchi prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Toshkentda o‘tkazib kelgan "Oltin gepard" kinofestivaliga chet ellik kino va shou-biznes yulduzlarini millionlab dollar gonorar evaziga taklif etgani uchun tanqid qilingandi.

Karimovaning xos tadbirlarida qatnashgan Sting, Xulio Iglesias, Monserat Kabalye, Rod Styuart, Tarkan¸ Xose Karreras kabi san’at yulduzlarining Toshkentga kelishi uchun ularning har biriga kamida 1 million yevrodan to‘langani aytiladi. Bu yulduzlarning ayrimlari O‘zbekistondagi inson huquqlarining ayanchli ahvoli sabab “diktator qizi” bilan aloqalari bois o‘z mamlakatlarida tanqidlar ostida qolgan.

Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi kinochilari ishtirokidagi Toshkent xalqaro kinofestivali 1968-yildan boshlab 1988-yilgacha o‘tkazib kelingan.

“Tinchlik, ijtimoiy taraqqiyot va xalqlar ozodligi uchun” degan shior ostida o‘tgan kinofestival 100ga yaqin mamlakatdan kelgan kinochilar anjumani sifatida shuhrat qozongandi.

Bu kinofestival ko‘pchilik o‘zbekistonliklar xotirasida Raj Kapur kabi hind va Turkon Shoray singari turk kinosi darg‘alarining ishtiroki bilan yodda qolgan.

San’atshunoslar fikricha, madaniyat SSSRda targ‘ibot quroli bo‘lgani kabi bugungi kunda Rossiyada u shundayligicha qolmoqda.

Avtoritar, totalitar mamlakatda madaniyat faqat hokimiyatga xizmat qiladi va xalqaro miqyosda tashviqot vositasi sifatida foydalaniladi.

XS
SM
MD
LG