O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish harakatlari doirasida Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb ma’lum qildi prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Aziz O‘runov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov uchrashuvida JSTga a’zolik doirasida bozorga chiqish bo‘yicha “hal etilmagan masalalar” ko‘rib chiqilgan.
Moskvadagi muzokaralarni “foydali, mazmunli va konstruktiv” deb baholagan O‘runov har ikki tomon olg‘a qadam tashlayotganini urg‘ulagan.
Rossiya hukumati mulozimlari bilan muzokaralarga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.
Avvalroq prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva rasmiy Toshkent JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha 23 ta mamlakat bilan muzokaralarni yakunlaganini ma’lum qilgandi.
O‘zbekiston, jumladan, AQSH bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan.
O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralarni qariyb 15 yillik tanaffusdan so‘ng 2020-yil iyul oyida qayta boshlagan.
O‘zbekiston – JST bilan tashkilotning butun tarixi davomida eng uzoq muzokara olib borgan davlat. Muzokaralar boshlanganiga 31 yil to‘lmoqda.
Rasmiy Toshkent a’zolik jarayonini 2026-yilga qadar yakunlash niyatida.
JST a’zo davlatlar o‘rtasidagi savdo qoidalari bilan shug‘ullanuvchi yagona global xalqaro tashkilot hisoblanadi. Unga a’zolik raqobatbardoshlik va savdo hajmini oshirishga ko‘maklashadi.