2024-yilda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan oshdi. Endilikda bu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish ko‘zlanmoqda.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif Toshkentda 26-fevral kuni o‘tkazgan muzokaralarda shu kabi masalalar muhokama qilingan.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda ikki davlat strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning barcha yo‘nalishlari ko‘rib chiqilgan.
Keyingi bir necha yilda O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston multimodal yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi 5 barobar ko‘paygan. Qo‘shma korxonalar soni 130 taga yetgan. Toshkent va Lahor o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklangan.
Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar ro‘yxatini kengaytirish, fitosanitariya va karantin talablarini, bojxona tartib-taomillarini o‘zaro soddalashtirish, banklararo hisob-kitoblar mexanizmlarini takomillashtirish kabilar ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
O‘zbekiston prezidenti va Pokiston bosh vaziri, shuningdek, terrorizm, radikalizm, islomofobiya va xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xatarlarga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligini ta’kidlashgan.
Shahboz Sharifning Toshkentga tashrifi yakunida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida Fan, texnika va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim, Diplomatik pasport egalarining vizasiz safarlari to‘g‘risida bitim, Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim, Professional ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim kabi hujjatlar imzolangan.
O‘zbekiston Afg‘oniston va Pokiston orqali Hind okeani bandargohlariga chiqish uchun xalqaro transport yo‘lagi shakllantirilishini istamoqda.
Termiz–Mozori Sharif–Kobul–Peshovar transafg‘on temir yo‘li to‘liq ishga tushirilgan taqdirda, O‘zbekistondan Pokistonga yuklarni bugungiday 35 kunda emas, balki 3-5 kunda yetkazib berish mumkin bo‘ladi. Bir standart yuk konteynerini manzilga yetkazib berish narxi uch barobarga arzonlaydi. Mazkur yo‘ldan yuk tashish hajmi yiliga 10 million tonnaga yetishi mumkin.